Barqaror iqtisodiy rivojlanish: O'zbekiston tajribasining jahon miqyosidagi e'tirofi
12.04.2010

Toshkentda Prezidentimiz Islom Karimov tomonidan ishlab chiqilgan islohotlarning o’zbek modelini amalga oshirishning keng ko’lamli samaralarini, jahon moliyaviy inqirozi oqibatlari salbiy ta’sirining oldini olish va iqtisodiyotni yanada jadal isloh qilish borasidagi mamlakatimiz tajribasini o’rganishga bag’ishlangan «Inqirozga qarshi choralar dasturlarining samaradorligi va inqirozdan keyingi rivojlanishning ustuvor yo’nalishlari (O’zbekiston misolida)» mavzuida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya bo’lib o’tdi.

Anjumanda dunyoning 46 mamlakatidan 400 nafardan ortiq davlat va jamoat arboblari, biznesmen hamda ekspertlar, Birlashgan Millatlar Tashkiloti va uning tarkibiga kiruvchi tuzilmalar, Xalqaro valyuta jamg’armasi, Jahon banki, Osiyo taraqqiyot banki hamda Islom taraqqiyot banki, YevrAzES kabi yirik xalqaro tashkilotlar va moliya institutlari vakillari ishtirok etdi.

O’zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimovning «Inqirozga qarshi choralar dasturlarining samaradorligi va inqirozdan keyingi rivojlanishning ustuvor yo’nalishlari (O’zbekiston misolida)» mavzuidagi xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya ishtirokchilariga tabrigini Prezidentning Davlat maslahatchisi V.Golishev o’qib eshittirdi.

Konferensiyada O’zbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi o’rinbosari R.Azimov davlatimiz rahbari tomonidan belgilab berilgan mashhur besh tamoyilga asoslangan, jahonda rivojlanishning «o’zbek modeli» deb e’tirof etilgan islohotlarning izchil va bosqichma-bosqich amalga oshirilishi, puxta o’ylangan inqirozga qarshi choralarning o’z vaqtida qabul qilingani tufayli mamlakatimizda makroiqtisodiy barqarorlik hamda iqtisodiy o’sish ta’minlanganini ta’kidladi.

Dunyo mamlakatlarining aksariyati jahon moliyaviy-iqtisodiy inqirozining salbiy oqibatlarini boshidan kechirayotgan hozirgi sharoitda, ya’ni bu davlatlarda ishlab chiqarish va aholi turmush darajasi keskin pasayib ketgan bir paytda, O’zbekistonda istiqlolning dastlabki kunlaridan amalga oshirib kelinayotgan strategiya nechog’li uzoqni ko’zlab, chuqur va puxta ishlab chiqilgani bugun yaqqol namoyon bo’lmoqda. Konferensiya qatnashchilari o’z chiqishlarida Prezident Islom Karimovning «Asosiy vazifamiz – Vatanimiz taraqqiyoti va xalqimiz farovonligini yanada yuksaltirishdir» va «Mamlakatimizni modernizatsiya qilish va kuchli fuqarolik jamiyati barpo etish – ustuvor maqsadimizdir» mavzuidagi ma’ruzalarida keltirilgan qoida hamda xulosalar ham buni yaqqol tasdiqlashini alohida ta’kidladilar.

Milliy iqtisodiyotimiz, uning barcha moliya institutlari va ishlab chiqarish tarmoqlarining barqaror va uzluksiz ishlashi uchun zarur zaxira yaratilgani, bu yanada izchil rivojlanish uchun salohiyatni oshirish, mustahkam poydevor yaratishda muhim omil bo’layotgani qayd etildi.

Jahonda iqtisodiy ko’rsatkichlarning muttasil pasayib ketayotganiga qaramay, O’zbekistonda makroiqtisodiy barqarorlik saqlanib turibdi, keng ko’lamli tarkibiy o’zgarishlar va bozor mexanizmlarini mustahkamlash davom etmoqda, ishlab chiqarish yuksalmoqda, eksport ko’rsatkichlari, jumladan, yuqori qo’shimcha qiymatga ega mahsulot ishlab chiqarishni ko’paytirish hisobidan oshirilmoqda, uni diversifikatsiya qilish va yetkazib berish ko’lami kengaymoqda, xorijiy investitsiyalar jadal sur’atda jalb etilmoqda.

Konferensiyada ta’kidlandiki, Prezidentimizning «Jahon moliyaviy- iqtisodiy inqirozi, O’zbekiston sharoitida uni bartaraf etishning yo’llari va choralari» kitobida bayon qilingan va dunyoning yetakchi iqtisodchilari tomonidan keng e’tirof etilgan 2009-2012 yillarga mo’ljallangan Inqirozga qarshi choralar dasturi chuqur va izchil islohotlar siyosatining mantiqiy davomi bo’ldi. 2009 yil may oyida poytaxtimizda ushbu kitobni o’rganishga bag’ishlangan yirik xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya ham bo’lib o’tdi. Byudjet, moliya-bank va kredit tizimini, iqtisodiyot real sektori tarmoqlarini qo’llab-quvvatlash va mustahkamlash, ishlab chiqarishning ichki va tashki bozorlarda raqobatbardoshligini oshirish maqsadida uni modernizatsiya qilish, texnik hamda texnologik yangilash O’zbekistonning Inqirozga qarshi choralar dasturining asosiy yo’nalishlaridandir.

Anjumanda mazkur choralarning amalga oshirilishi keyingi ikki yilda tijorat banklarining jami kapitalini ikki baravar ko’paytirish imkonini bergani qayd etildi. Ushbu banklarda kapitalning yetarlilik darajasi Bazel qo’mitasi tomonidan belgilangan xalqaro standartlardan qariyb uch baravar ortiqdir. Ishlab chiqarishni modernizatsiya qilish, innovatsiya texnologiyalarini joriy etish, resurslarni tejash va mahsulot tannarxini kamaytirish evaziga real sektor korxonalarining moliyaviy barqarorligini ta’minlash muhim ahamiyat kasb etdi. Xo’jalik sub’ektlari uchun soliq yukini imkon qadar pasaytirish choralari ko’rildi. Mamlakatimiz eksportchi korxonalarining har tomonlama qo’llab-quvvatlanishi va barqaror ishlashi natijasida 2009 yilda eksportga mahsulot yetkazib berish hajmi o’sdi. Bu borada kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirishni rag’batlantirishga katta e’tibor berildi. Bugun ushbu sohada mamlakat yalpi ichki mahsulotining qariyb 50 foizi ishlab chiqarilmoqda. Shuningdek, fermerlik harakati har tomonlama qo’llab-quvvatlanmoqda.

Inqirozga qarshi choralar dasturining 2008 yildan muvaffaqiyatli amalga oshirila boshlashi O’zbekiston uchun, dunyoning sanoqli mamlakatlari qatori, jahon inqirozining salbiy oqibatlarini kamaytirish, iqtisodiy rivojlanishning barqaror sur’atlarini, aholi farovonligining o’sishini ta’minlash imkonini berdi. Misol uchun, 2009 yilda yalpi ichki mahsulot o’sishi 8,1 foizni tashkil qildi.

Konferensiyaning yalpi majlisida so’zga chiqqan xalqaro tashkilotlar va moliya institutlari, xorijiy ishbilarmon doiralar vakillari, olimlar O’zbekistonda amalga oshirilayotgan iqtisodiy islohotlarga, mamlakatimizda global inqiroz salbiy oqibatlarining o’z vaqtida oldini olish maqsadida qabul qilingan va farovonlikni oshirishda muhim omil bo’layotgan kompleks chora-tadbirlarga yuksak baho berdi. Konferensiyaning xorijlik ishtirokchilari O’zbekistonda Prezident Islom Karimov tomonidan belgilab berilgan 2010 yilda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishning ustuvor yo’nalishlari doirasida davom etayotgan ulkan bunyodkorlik ishlari iqtisodiyotni yanada jadal yuksaltirish, mamlakat hayotining barcha jabhalarini rivojlantirishga xizmat qiladi, deb ishonch bildirdilar.

Osiyo taraqqiyot banki vitse-prezidenti Shiao Jao o’z nutqida mintaqaning aksariyat davlatlari, O’zbekistondan farqli o’laroq, jahon iqtisodiy inqirozidan jiddiy zarar ko’rganini ta’kidladi. O’zbekistonda noyob inqirozga qarshi choralar dasturi amalga oshirilmoqda. Bu dastur inqirozgacha bo’lgan davrdagi samarali iqtisodiy siyosat, inqiroz oqibatlari ta’sirini yumshatish, real sektor tarmoqlari va ijtimoiy sohani birgalikda rivojlantirish orqali yanada taraqqiy etishga qaratilgan xatti-harakatlarni o’z ichiga olgan. Prezident Islom Karimov rahnamoligida ro’yobga chiqarilayotgan hayotbaxsh islohotlar milliy iqtisodiyotga investitsiyalar kiritishni kengaytirishda muhim omil bo’lmoqda. Osiyo taraqqiyot banki qator yirik qo’shma loyihalarni amalga oshirishda ishtirok etmoqda. Boy salohiyatga ega O’zbekistonning chuqur va puxta o’ylangan strategiyasi jiddiy o’rganishga loyiqdir.

BMT Taraqqiyot dasturining Yevropa va MDH mamlakatlari bo’yicha mintaqaviy byurosi Markaziy Osiyo departamenti direktori Mahmud Ayub global inqiroz jahon miqyosida ijtimoiy rivojlanishga g’oyat salbiy ta’sir ko’rsatganini qayd etdi. Buning natijasida qariyb 240 million kishi ishidan ayrildi, 170 million nafardan ortiq kishi qashshoq bo’lib qoldi. Mamlakat aholisi global inqirozning salbiy ta’sirini deyarli sezmagani O’zbekistonning Inqirozga qarshi choralar dasturini amalga oshirishning muhim ijobiy natijalaridan biridir. Kuchli ijtimoiy siyosatning, ayniqsa, jahon inqirozi davrida amalga oshirilishi g’oyat oqilona yondashuvdir. BMT Taraqqiyot dasturi kelgusida ham ijtimoiy dasturlarni ro’yobga chiqarish hamda milliy salohiyatni rivojlantirishda O’zbekistonni qo’llab-quvvatlayveradi.

Xalqaro valyuta jamg’armasi (XVJ) vakili Devid Oven konferensiya ishtirokchilariga jahon moliyaviy-iqtisodiy tizimining inqirozdan chiqishi bo’yicha XVJ prognozlari to’g’risida ma’lumot berdi va bu jarayon dunyoning turli mintaqalarida turli sur’atlarda kechayotganini ta’kidladi. O’zbekiston inqiroz oqibatlarini bartaraf etishda nafaqat MDH, balki boshqa ko’plab davlatlar orasida eng yaxshi natijaga – yalpi ichki mahsulotni salmoqli va barqaror oshirishga erishdi. Jahon inqirozi tahdidlariga o’z vaqtida javob qaytarish bo’yicha puxta va chuqur o’ylangan siyosat tashqi salbiy ta’sirlarni yumshatish imkonini berdi. XVJ mamlakat rahbariyati tomonidan amalga oshirilayotgan barcha ijobiy tashabbuslarni qo’llab-quvvatlashga tayyor. O’zbekistonda amalga oshirilayotgan strategiyadan mintaqaning boshqa davlatlari iqtisodiy rivojlanishning samarali modeli sifatida foydalanishi mumkin.

Islom taraqqiyot bankini (ITB) rivojlantirish bo’yicha Islom birdamlik jamg’armasi rahbari Bashir Fadlalle o’z nutqida Prezident Islom Karimovning «Jahon moliyaviy-iqtisodiy inqirozi, O’zbekiston sharoitida uni bartaraf etishning yo’llari va choralari» kitobida «Yangi uyni qurmasdan turib, eskisini buzmang» degan hayotiy tamoyilga tayangan holda, bozor iqtisodiyotiga bosqichma-bosqich o’tishni asoslab berganini ta’kidladi. Mamlakatda qabul qilingan Inqirozga qarshi choralar ham ushbu maqsadga asoslangan. O’zbekiston dunyoning 2009 yilda iqtisodiy yuksalishga erishgan kam sonli mamlakatlaridan biri bo’lgani ITBga a’zo davlatlar uchun katta faxr-iftixordir. O’zbekiston ITBga a’zo bo’lganidan buyon mamlakatda 29 ta qo’shma loyiha amalga oshirildi. Hamkorlik tajribasi rivojlanish jarayonini yanada kuchaytirish uchun mamlakatning qudratli institusional salohiyatga ega ekanidan dalolat bermoqda.

Jahon bankining O’zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Lu Brefor global inqirozning Markaziy Osiyo davlatlari uchun makroiqtisodiy oqibatlariga to’xtalar ekan, O’zbekistonning Inqirozga qarshi choralar dasturi va mamlakat rahbariyati tomonidan belgilab berilgan ustuvor yo’nalishlar doirasidagi chora-tadbirlarning amalga oshirilishi muvaffaqiyatli ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishda muhim omil bo’lishini ta’kidladi. Iqtisodiyotni diversifikatsiya qilish bo’yicha chuqur o’ylangan siyosatni ro’yobga chiqarish, pul-kredit tizimini rivojlantirishni rag’batlantirish natijasida jahon inqirozining milliy iqtisodiyotga ta’siri deyarli sezilmadi. Shuni alohida ta’kidlash joizki, O’zbekiston mintaqada kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni, mehnat bozorini rivojlantirish, aholi daromadini oshirish uchun real choralar ko’rgan birinchi mamlakat bo’ldi. Jahon banki kelgusida ham O’zbekistonni ushbu kompleks iqtisodiy siyosatni amalga oshirishda qo’llab-quvvatlashga tayyor.

«Korean-Eyr» kompaniyasi (Koreya Respublikasi) prezidenti va ijrochi direktori Chi Chang Xunning fikricha, Navoiy shahrida erkin industrial-iqtisodiy zonaning tashkil etilishi va uning asosiy ob’ektlaridan biri bo’lgan «Navoiy» aeroporti bozor islohotlarining o’zbek modeli samaradorligiga yorqin misol bo’la oladi. Bu, o’z navbatida, Yevropa, Hindiston, Xitoy va Janubi-Sharqiy Osiyoni birlashtiradigan zamonaviy Buyuk ipak yo’lini barpo etishda katta istiqbolga egadir. O’tgan yili «Navoiy» aeroportidan xalqaro yo’nalishlar bo’yicha qariyb 8,5 ming tonna yuk tashildi va bu mazkur aeroportni global logistika tarmog’iga integratsiyalashtirish imkonini berdi. Yangi yuk terminalining qurilishi yiliga 100 ming tonnagacha yukni qabul qilib olish, saqlash va jo’natish imkonini beradi. Yaqin vaqt ichida «Navoiy» erkin industrial-iqtisodiy zonasi, shubhasiz, Yevroosiyodagi eng yirik iqtisodiyot markaziga aylanadi.

Konferensiyada so’zga chiqqan AQShning mamlakatimizdagi Favqulodda va Muxtor elchisi Richard Norland O’zbekiston iqtisodiyotda o’tish davrini muvaffaqiyatli boshdan kechirgan kam sonli mamlakatlardan biri ekanini ta’kidladi. Bugun Amerika kompaniyalari O’zbekistonni o’z sarmoyalarini kiritish uchun eng jozibador bozor sifatida qayd etmoqda. O’zbekiston bilan hamkorlik qilayotgan amerikalik tadbirkorlar soni yildan-yilga ko’paymoqda. Mamlakatda xorijiy investsiyalarni himoya qilish uchun ko’rilayotgan choralar kelajakda ularni mamlakat iqtisodiyotiga yanada faol jalb qilish kafolati hisoblanadi.

Nyu-York davlat universiteti (AQSh) professori Parviz Morvijning ta’kidlashicha, Prezident Islom Karimovning uzoqni ko’zlab amalga oshirilayotgan siyosati samarasida bugun O’zbekiston dunyo mamlakatlari uchun iqtisodiy o’sish modeli bo’lib xizmat qilmoqda va u qo’lga kiritayotgan ulkan yutuqlari bilan xalqaro hamjamiyatga o’z rivojlanish dasturining samaradorligini namoyish etmoqda. O’zbekiston nafaqat global iqtisodiy inqirozning salbiy ta’sirini samarali bartaraf etish, balki kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirishda ham boshqa davlatlar uchun o’rnak bo’lmoqda. Bu chora-tadbirlarning izchil ro’yobga chiqarilishi esa kelajakda mamlakatni yanada rivojlantirishga xizmat qiladi.

So’ngra konferensiya o’z ishini seksiya majlislarida davom ettirdi. Ularda jahon moliyaviy inqirozining dunyo mamlakatlari iqtisodiyotiga ta’siri va uning oqibatlari, inqirozdan keyin xalqaro va mintaqaviy darajada rivojlanish istiqbollari muhokama etildi.

Anjuman yakunlari bo’yicha tayyorlangan xulosa va tavsiyalarda O’zbekistonda global inqiroz xavflariga samarali qarshi turishga qaratilgan amaliy chora-tadbirlarning yuksak samaralari hamda Prezident Islom Karimovning ma’ruzalarida belgilangan inqirozdan keyingi davrda rivojlanishning chuqur asoslangan ustuvor yo’nalishlarining muhim ahamiyati va dolzarbligi alohida qayd etildi. O’zbekistonning Inqirozga qarshi choralar dasturi va mamlakatni yanada rivojlantirishga qaratilgan chora-tadbirlar dunyoning ko’plab mamlakatlari uchun muhim amaliy ahamiyatga ega ekani ta’kidlandi.

Mazkur xalqaro konferensiya ijtimoiy yo’naltirilgan bozor iqtisodiyotini barpo etish, keng ko’lamli tarkibiy o’zgarishlarni amalga oshirishga yo’naltirilgan rivojlanishning «o’zbek modeli» butun dunyoda katta qiziqish uyg’otayotganini yana bir karra tasdiqladi. O’zbekistonning Inqirozga qarshi choralar dasturini amalga oshirish, mamlakatni yanada modernizatsiya qilish va yangilash bo’yicha keng ko’lamli islohotlarni chuqurlashtirishga doir tajribasi aksariyat davlatlar uchun bugungi kunda hamda kelajakda barqaror rivojlanish namunasi bo’lib xizmat qiladi.


                o`zb   рус   eng
Bugun: 18.01.2020
Qidirish
© 2008 - 2020 O`zbekiston Respublikasi Prezidentining matbuot xizmati