“Inqirozga qarshi choralar dasturlarining samaradorligi va inqirozdan keyingi rivojlanishning ustuvor yo‘nalishlari (O‘zbekiston misolida)” mavzuidagi xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya ishtirokchilariga
12.04.2010

Hurmatli konferensiya qatnashchilari!

Siz, muhtaram mehmonlarni, nufuzli xalqaro tashkilotlar vakillarini, olimlar, tahlilchi va ekspertlarni O‘zbekiston zaminida samimiy qutlash va ushbu xalqaro konferensiyadagi ishtirokingiz uchun chuqur minnatdorlik izhor etishga ijozat bergaysiz.

“Inqirozga qarshi choralar dasturlarining samaradorligi va inqirozdan keyingi rivojlanishning ustuvor yo‘nalishlari” xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyasi mavzui – fikrlar va taklif etilayotgan yondashuvlar hamda ushbu muammolarni milliy, mintaqaviy va global miqyosda hal etish yo‘llari bugun dunyoda keng muhokama etilayotgan masalalar ekanini inobatga oladigan bo‘lsak – avvalambor, o‘zining dolzarbligi bilan katta qiziqish uyg‘otadi, desam, o‘ylaymanki, aslo xato bo‘lmaydi.

Shu ma’noda Inqirozga qarshi choralar dasturlarining milliy darajada o‘z vaqtida qabul qilingani, inqiroz sharoiti talablariga javob berishi, aniq maqsadlarga yo‘naltirilgani va samaradorligini O‘zbekiston misolida tahlil qilish, mamlakat iqtisodiyotini inqirozdan keyingi rivojlantirish bo‘yicha fikr almashish, bu boradagi yondashuvlarimiz, rejalarimiz va ustuvor vazifalarimizni tanqidiy baholash anjumanning barcha ishtirokchilari uchun, shubhasiz, g‘oyat foydali bo‘ladi.

Shuni alohida ta’kidlashni istardimki, iqtisodiyotni isloh qilish va yangilashga doir biz ishlab chiqqan besh tamoyilga asoslangan, mamlakatimiz mustaqillikka erishgandan so‘ng amalga oshirib kelinayotgan iqtisodiy rivojlanishning «o‘zbek modeli», shuningdek, chuqur va puxta o‘ylangan iqtisodiy siyosat makroiqtisodiy barqarorlik, moliya-bank sohasining barqaror faoliyat yuritishi va valuta zaxiralari ko‘payishini ta’minlagan holda, O‘zbekiston iqtisodiyotini spekulyativ kapital, jahon moliya va fond bozorlaridagi boshqarib bo‘lmaydigan stixiya ta’siridan himoyalash uchun ishonchli to‘siq va mustahkam zaxira bo‘lib xizmat qilmoqda.

Biz iqtisodiyotimizni, moliya va bank tizimini ortiqcha likvidlik bilan puflab shishirmadik, balki, birinchi navbatda, real iqtisodiyot, kichik biznes va tadbirkorlik sohasining moliyaviy barqarorligini qo‘llab-quvvatlashga, ishlab chiqarishni modernizatsiyalash, texnik va texnologik qayta jihozlash, diversifikatsiya qilish, xarajatlarni kamaytirish va ishlab chiqarilayotgan mahsulotning raqobatbardoshligini ta’minlash choralariga e’tibor qaratdik.

Keng ko‘lamli Investitsiya dasturini amalga oshirish, iqtisodiyotda tarkibiy o‘zgarishlarni davom ettirish, ijtimoiy va infratuzilma loyihalari ko‘lami va hajmini sezilarli darajada kengaytirish, shular hisobidan aholi bandligini ta’minlash, soliq yukini izchil pasaytirib borish, eksportga yo‘naltirilgan yetakchi tarmoqlar uchun zarur preferensiyalar yaratish kabi chora-tadbirlar Inqirozga qarshi choralar dasturida belgilangan maqsadlarga erishishda muhim omil bo‘ldi.

Inqirozga qarshi kurashish va uning oqibatlarini bartaraf etish bo‘yicha qabul qilingan strategiya mamlakatimizga, dunyoning sanoqli davlatlari qatori, o‘tgan davrda iqtisodiy rivojlanishning barqaror sur’atlarini ta’minlash imkonini berdi. 2009 yilda yalpi ichki mahsulot o‘sishi 8,1 foizni tashkil etdi, jumladan, sanoat ishlab chiqarishida 9 foiz, qishloq xo‘jaligida 5,7 foiz o‘sdi, iqtisodiyotga jalb qilingan investitsiyalar hajmi 25 foiz, to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar 1,8 baravar oshdi.

O‘tgan yili eksport hajmi 2,4 foiz ko‘paydi, bu tashqi savdoning ijobiy saldosi sezilarli darajada oshishi va oltin-valuta zaxirasining barqaror o‘sishini ta’minladi. Inqiroz va jahon iqtisodiyotining tanazzuliga qaramay, mamlakatimizda 940 mingdan ziyod yangi ish o‘rni tashkil etildi, ularning yarmidan ortig‘i qishloq joylarda yaratildi. Davlat budjetining barqaror profitsiti ta’minlanmoqda. Tashqi qarz 2010 yilning 1 yanvar holatiga ko‘ra, yalpi ichki mahsulotga nisbatan 10 foizdan oshmadi.

Nufuzli xalqaro ekspertlar tomonidan tasdiqlangan prognozlarga qaraganda, O‘zbekiston Respublikasida eksport hajmining o‘sishi va sanoatni yanada rivojlantirishga qaratilgan faol siyosatning amalga oshirilishi natijasida 2010 va 2011 yillarda mos ravishda 8,5 va 9 foiz iqtisodiy o‘sishga erishiladi.

Shu bilan birga, nufuzli xalqaro tahlilchi va ekspertlar ta’kidlayotganidek, dunyoning ko‘plab mamlakatlarini qamrab olgan moliyaviy-iqtisodiy inqirozning eng og‘ir davri ortda qolganiga qaramay, jahon iqtisodiyoti hali uzoq muddatli va murakkab tiklanish jarayonini boshidan kechirishini teran anglaymiz.

Aksariyat mamlakatlarda keskin tebranishlar, ko‘pgina hollarda jahon bozorida talabning pasayishi, ishsizlikning o‘sishi davom etayotgani va aholi turmush darajasining yomonlashishi oqibatida iqtisodiyot retsessiyasining takrorlanish xavfi hali-hamon saqlanib qolmoqda.

Ishlab chiqarish hajmining qisqarishi, ishsizlikning o‘sishi va aholi real daromadlarining kamayishi davlat budjeti taqchilligiga olib keladi. Bu xavfli miqyos kasb etib, davlat moliyaviy resurslari barqarorligiga tahdid soladi va ijtimoiy keskinlik xavfini keltirib chiqaradi.

Ayrim mamlakatlarda davlat qarzi miqdorining ortib borayotgani ham ana shu muammolar bilan bevosita bog‘liqdir.

Iqtisodiy o‘sishning qoniqarsizligi va ishlab chiqarishning pasayishi kuzatilayotgan bir sharoitda fond va xomashyo bozorlarida indekslarning haddan tashqari oshirilishi va shishirilishi e’tiborni tortadi. Bu esa vaqti kelib yoriladigan hamda moliya va valuta bozorlarida yangi o‘pirilishlarga olib keladigan «pufaklar» ko‘payib borayotganidan dalolat beradi.

Pul emissiyasining ortib borayotgani va shu tariqa moliya-bank sektorining to‘ldirilayotganini ham e’tibordan soqit qilib bo‘lmaydi. Bu inflatsiya jarayonlarining izdan chiqish xavfini yuzaga keltiradi va iqtisodiyotda jiddiy nomutanosibliklarga olib keladi.

Ko‘plab tahlilchilarning fikricha, bank sektoridagi ortiqcha likvidlik oqibatida qator mamlakatlarda iqtisodiyotning real sektori, o‘rta va kichik biznes, tadbirkorlik sohasini moliyalashtirishda jiddiy muammolar paydo bo‘lmoqda.

Bu holat iqtisodiyotning real sektorida moliyaviy ahvolning keskin yomonlashishi va kreditlar qaytarilishi bilan bog‘liq jiddiy muammolar yuzaga kelayotgani bilan izohlanmoqda.

Jahon bozoridagi proteksionizm siyosati ayniqsa rivojlanayotgan mamlakatlar uchun inqirozdan chiqishdagi jiddiy g‘ov bo‘lib qolmoqda. Dunyoning yetakchi 20 davlati ishtirokida bo‘lib o‘tgan sammitlardagi deklarativ bayonotlarga qaramay, bunday siyosat tobora keng qo‘llanilmoqda.

Bank tizimida tavakkalchiliklar mezonlari va bu tavakkalchiliklarni boshqarish mexanizmlarini aniqlash, iqtisodiyotni boshqarishning bozor prinsiplariga davlat aralashuvining darajasi va me’yori bilan bog‘liq muhim masalalar yuzasidan muhokama va munozaralar hamon davom etayotganini ham ta’kidlashni istardim.

Saqlanib qolayotgan va o‘z yechimini topmayotgan bunday muammolar aksariyat ekspertlarning jahon iqtisodiyotining inqirozdan chiqish va inqirozdan keyingi rivojlanish jarayoni uzoq va g‘oyat murakkab kechishi mumkinligi haqidagi qat’iy fikrini tasdiqlaydi. Shu bilan birga, moliya bozorida yangi o‘pirilishlar ro‘y berishi ham ehtimoldan xoli emas.

Yuqorida bayon etilganlarni hisobga olib, inqirozdan keyingi iqtisodiy rivojlanishning eng muhim vazifasi mamlakatimizni isloh qilishning milliy modelidan bevosita kelib chiqadigan asosiy ustuvor yo‘nalishlarni amalga oshirishdan iborat, deb bilamiz. Bunda iqtisodiyotning xomashyoga yo‘naltirilganidan butunlay voz kechgan holda tarkibiy o‘zgarishlar va ishlab chiqarishni diversifikatsiya qilish dasturlarini amalga oshirish, eksport tarkibida yuqori texnologik va raqobatbardosh mahsulotlar salmog‘ini keskin ko‘paytirish nazarda tutilmoqda.

Iqtisodiyotning yetakchi tarmoqlarini modernizatsiya qilish, texnik va texnologik yangilash, transport va infratuzilma kommunikatsiyalarining qudratli zamonaviy tarmog‘ini rivojlantirishga qaratilgan muhim strategik ahamiyatga ega loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha faol investitsion siyosat yuritish vazifalari doimiy e’tiborimizda bo‘ladi.

Fikrimni tasdiqlash uchun ayrim misollarni e’tiboringizga havola qilmoqchiman.

2010 yilda muhim strategik loyihalarni amalga oshirishni davom ettirish va yangilarini boshlash uchun umumiy hajmi 3 milliard dollardan ziyod xorijiy investitsiya jalb qilish yoki uning hajmini o‘tgan yildagiga nisbatan 30 foiz, jumladan, to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalarni 46 foiz oshirish ko‘zda tutilmoqda.

Xorijiy investitsiyalarni jalb qilish va ular uchun mamlakatimizda eng qulay shart-sharoit yaratish bilan bir qatorda ichki resurslarni ishga solishga ham alohida e’tibor qaratilmoqda.

2009 yilda iqtisodiyotning real sektoriga yo‘naltirilgan kredit resurslarining umumiy hajmi 2000 yildagiga nisbatan 14 barobar o‘sdi, bunda investitsiya maqsadlariga ajratilgan kreditlar ulushi umumiy kredit portfelining qariyb 70 foizini tashkil etdi.

2007 yilda, birinchi navbatda, infratuzilmani shakllantirish, ishlab chiqarishni rekonstruksiya va modernizatsiya qilish bilan bog‘liq ishlarni bajarish maqsadida Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi tashkil etildi. Bugungi kunda Jamg‘armada 4,7 milliard dollardan ziyod valuta mablag‘lari to‘plangan.

O‘tgan yili mamlakatimiz hukumati tomonidan 2009-2014 yillarda ishlab chiqarishni modernizatsiya qilish, texnik va texnologik qayta jihozlash bo‘yicha eng muhim loyihalarni amalga oshirish dasturi tasdiqlandi. Bu dasturga umumiy qiymati 42,5 milliard dollardan ortiq 300 dan ziyod loyiha kiritilgan.

Bu loyihalarning aksariyati bo‘yicha mablag‘larning aniq manbalari, investorlar konsorsiumlari va ijro muddatlari belgilangan.

Bank tuzilmalari, xo‘jalik subyektlari va aholini investitsiya jarayonlariga keng jalb etish va ularning ishtirokini yanada rag‘batlantirish hisobidan ichki talabni kuchaytirishga doir chora-tadbirlarni amalga oshirish masalalariga ham alohida e’tibor qaratilmoqda.

Qishloqda uy-joy qurish va ijtimoiy infratuzilmani jadal rivojlantirish dasturi bunday loyihalar ijrosiga yaqqol misol bo‘la oladi. Ushbu dastur qishloqlarni zamonaviy arxitektura va sanoat asosida tubdan qayta qurish, qiyofasini yangilash, qishloq aholisi turmush darajasini yuksaltirish va uni shahar sharoitiga yaqinlashtirishga xizmat qiladi.

Uzoq istiqbolga mo‘ljallangan ushbu yirik loyihani amalga oshirish uchun kuchli loyihaviy, sanoat-qurilish, muhandislik-texnik salohiyat va zarur tashkiliy tuzilmalar yaratildi, rag‘batlantirish choralari va preferensiyalari ishlab chiqildi.

Maxsus tashkil etilgan bank va uning joylardagi filiallari orqali 2010 yilda ushbu maqsadlar uchun 390 million dollar ekvivalentida mablag‘ ajratish ko‘zda tutilmoqda, bu 2009 yildagi ko‘rsatkichdan 4 barobar ko‘pdir. Bunda joriy yilning 1 aprel holatiga ko‘ra, uy-joy quruvchilarning mablag‘lari 60 million dollardan oshdi. Barcha qishloq tumanlarida umumiy qiymati qariyb 400 million dollarga teng bo‘lgan 7600 dan ortiq uy-joy qurish mo‘ljallanmoqda.

Shuni ta’kidlash joizki, mazkur dasturning amalga oshirilishi qurilish bilan bog‘liq barcha sohalar va ishlab chiqarish tarmoqlariga talabni oshiradi, o‘n minglab, yuz minglab yangi ish o‘rinlarini yaratish imkonini beradi.

Hurmatli konferensiya ishtirokchilari!

Ishonchim komilki, forum davomida ishlab chiqiladigan xulosa va tavsiyalar, shubhasiz, amaliyotda o‘z aksini topadi va inqirozga qarshi choralar dasturlari samaradorligini oshirishga ko‘maklashadi, jahon iqtisodiyotini inqirozdan keyingi tiklash jarayonida o‘zaro ishonchni mustahkamlash va xalqaro hamkorlikni rivojlantirishga xizmat qiladi.

Konferensiya ishtirokchilarining barchasiga samarali faoliyatida muvaffaqiyat tilayman!

Islom Karimov,
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti.

                o`zb   рус   eng
Bugun: 18.01.2020
Qidirish
© 2008 - 2020 O`zbekiston Respublikasi Prezidentining matbuot xizmati