Ezgulik, bag‘rikenglik va nafosat bayrami
23.03.2010

Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy bog‘ida bo‘lib o‘tgan Navro‘z bayrami tantanalaridan reportaj.

Qish uyqusidan ko‘z ochgan ona tabiat yangi kunga yuz tutdi. Dimoqqa dilni orziqtiradigan ifor – bahor nafasi uriladi. Ko‘klam shabadasi uyg‘otgan sabzalar nafis gilamdek ko‘zni quvnatadi. Bodroqdek gullagan o‘rik shoxlarida, qoqigullarning xushbichim g‘unchalarida ko‘klam suvrati namoyon. Nasimlar og‘ushida jajji bolakaylar zumrad maysalar orasidan chuchmomalarni teradi. Musaffo osmon bag‘rida charx urib uchayotgan qaldirg‘ochlar qo‘shig‘i yuraklarda ajib hislar uyg‘otadi.

Borliqdagi uyg‘onish, yasharish va yangilanish yurtimizga boqiy bayram, mehru oqibat, qut-baraka ramzi – Navro‘zi olam kirib kelganidan mujda beradi.

Odamlar qalbiga cheksiz quvonch baxsh etadigan Navro‘z necha ming yillardan buyon xalqimiz asrab-avaylab, e’zozlab kelayotgan go‘zal qadriyatlarimizdan…

23 mart. Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy bog‘i bayramona bezatilgan.

Bu yerga hukumat a’zolari, deputatlar va senatorlar, fan, madaniyat, san’at, sport namoyandalari, ishlab chiqarish ilg‘orlari, tadbirkorlar, muhtaram otaxonu onaxonlar, turli sohalarda mehnat qilayotgan yurtdoshlarimiz, mamlakatimizda faoliyat ko‘rsatayotgan xorijiy davlatlar elchixonalari va xalqaro tashkilotlar vakolatxonalarining vakillari tashrif buyurgan.

Soat 11.00. Maydonga O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov kirib keladi.

Bayram tantanasiga hozir bo‘lganlar davlatimiz rahbarini qarsaklar bilan kutib oladilar.

Chorlov musiqasi yangraydi.

So‘z O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimovga beriladi.

Davlatimiz rahbari xalqimizni Navro‘z bayrami bilan muborakbod etadi.

Muazzam maydonning atrofida anvoyi ranglardagi bayroqchalar hilpiraydi. Sahna tegrasida o‘rnatilgan turfa gullar jonlanib, quyoshning zarrin nurlarida jilolanadi. Bunday fayzli manzaralar ko‘ngillarga huzur baxsh etadi.

Shunday faraxbaxsh damlarda ona tabiatda ro‘y berayotgan yasharish, yangilanishlarni qalbidan o‘tkazayotgan hamyurtlarimizning ko‘nglida shodlik, yana bir Navro‘zga, go‘zal hayotning bebaho ne’matlariga eson-omon yetganimiz, elu yurtimiz tinchligi va farovonligi uchun shukronalik tuyg‘ulari jo‘sh urayotir.

Fusunkor maydon uzra borliq uyg‘onishi, Yangi kunni madh etuvchi navo taraladi. Sarrin kuy og‘ushida ko‘z o‘ngimizda bahorning ajib manzaralari, yam-yashil qir-adirlar, gullarga burkangan vodiylar, chappar urib gullagan bog‘lar namoyon bo‘ladi.

…Sahnaga jajji bolakaylar kirib keladi, maydon ularning sho‘x-shodon kulgulariga to‘ladi. Farzandlarimiz ijrosidagi ko‘klamni, baxtiyor bolalikni, mustaqil yurt farzandlarining beg‘ubor va quvnoq damlarini madh etuvchi jarangdor kuy-qo‘shiqlar, jozibador raqslar shodiyona ahlini zavqlantirib yuboradi…

Navro‘z – barkamollik, navqironlik va go‘zallik fasli. Joriy yilning Prezidentimiz tomonidan Barkamol avlod yili deb e’lon qilinishi navqiron avlodga beqiyos shodlik, g‘urur va iftixor bag‘ishladi.

Xalqimiz azal-azaldan farzandlar baxtu iqbolini ko‘zlab, ezgu orzular bilan yashaydi. Ayni Navro‘z kunlarida farzandlariga atab, ularning baxtli va farovon kelajagini o‘ylab nihol ekib, bog‘ yaratadi. Har qanday yilning xosiyati bahorning ilk lahzalaridan ma’lum bo‘lganidek, biz buyuk kelajagimizni avvalambor har jihatdan to‘kis, komil va barkamol avlod timsolida ko‘ramiz.

Prezidentimiz ta’kidlaganidek, nimaniki o‘z oldimizga maqsad qilib qo‘ymaylik, qanday buyuk ishlarni amalga oshirishga intilmaylik, barcha olijanob harakatlarimizning negizida, barcha ezgu niyatlarimizning zamirida farzandlarimizni ham jismonan, ham ma’naviy jihatdan sog‘lom qilib o‘stirish, ularning baxtu saodati, farovon kelajagini ko‘rish, dunyoda hech kimdan kam bo‘lmaydigan avlodni tarbiyalash orzusi mujassamdir.

Mamlakatimizda istiqlolning ilk yillaridanoq barkamol avlodni tarbiyalash masalasi davlat siyosati darajasiga ko‘tarildi. Farzandlarimizni barkamol, zamonaviy bilimlarni puxta egallagan, iymonli-e’tiqodli, buyuk ajdodlarimizning munosib vorislari bo‘lib kamolga yetishiga doimiy e’tibor va g‘amxo‘rlik ko‘rsatib kelinmoqda.

O‘tgan 2009 yilda sog‘lom zurriyotni dunyoga keltirish, onalik va bolalikni muhofaza qilish, o‘g‘il-qizlarimizning zamonaviy bilim va taraqqiyot cho‘qqilarini egallashi, o‘z iqtidor va qobiliyatini ro‘yobga chiqarishi uchun keng imkoniyatlar yaratish, huquq va manfaatlarini to‘liq ta’minlash borasida ulkan ishlar amalga oshirildi.

Davlatimiz rahbarining ona va bola salomatligini muhofaza qilish, sog‘lom avlodni shakllantirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar, 2009-2013 yillarda aholining reproduktiv salomatligini mustahkamlash, sog‘lom bola tug‘ilishi, jismoniy va ma’naviy barkamol avlodni voyaga yetkazish borasidagi ishlarni yanada kuchaytirish va samaradorligini oshirish chora-tadbirlari dasturiga oid qarorlari bu borada muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Ona va bola skrining xizmati yo‘lga qo‘yilgani, sog‘lom onalikni ta’minlash, fertil yoshidagi ayollarga ko‘rsatiladigan tibbiy yordam sifatini oshirish, oziq-ovqat tarkibini foydali mikroelementlar bilan boyitish, qon xizmati xavfsizligini ta’minlash, oilada tibbiy madaniyatni oshirish, reproduktiv salomatlikni yaxshilash, nikohlanuvchi shaxslarni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish ishlarini muntazam yo‘lga qo‘yish bo‘yicha amalga oshirilayotgan keng miqyosli izchil chora-tadbirlar sog‘lom farzandlar tug‘ilishiga xizmat qilmoqda.

Yoshlikda olgan bilim – toshga o‘yilgan naqshdir. Darhaqiqat, inson umrining yoshlik yillari o‘qish, izlanish, kamolot sari intilish pallasi, baxt-saodat yo‘lidagi eng muhim bosqich hisoblanadi. Aniq maqsad-muddaolarni ko‘zlagan holda tinimsiz ilm o‘rganish, ijodiy izlanishda bo‘lish o‘z samarasini berishi, shubhasiz. Yurtimizda yoshlarimiz uchun bu borada havas qilsa arzigulik shart-sharoit va imkoniyatlar yaratilgan.

Kadrlar tayyorlash milliy dasturi va uning tarkibiy qismi sifatida qabul qilingan Maktab ta’limini rivojlantirish Davlat umummilliy dasturi o‘z vaqtida uzoqni ko‘zlab boshlagan olamshumul ishlarimizning asosi bo‘lib xizmat qilmoqda. Birgina 2009 yilda mamlakatimiz bo‘yicha jami 1957 maktab, 214 akademik litsey va kasb-hunar kolleji qurilgani va rekonstruksiya qilingani, ular eng zamonaviy o‘quv-laboratoriya uskunalari, kompyuter texnikasi, darsliklar va o‘quv-uslubiy vositalar bilan jihozlangani, sport infratuzilmasiga ega bo‘lgani, barcha maktablarimiz hayotiga Internet tizimi kirib borgani yoshlarimizning kamoloti yo‘lida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ishlarning yorqin ifodasidir.

Prezidentimiz ta’kidlaganidek, sport yosh avlodga sog‘-salomat, bardam-baquvvat, hurfikr inson bo‘lib yetishish uchun yordam beradi. Sport oilada, jamiyatda sog‘lom muhit qaror topishi uchun zamin bo‘lib xizmat qiladi. Sport mamlakatimizning xalqaro maydondagi obro‘yini yanada oshirish, nufuzini yanada yuksaltirish uchun imkoniyat yaratadi.

Yurtboshimiz tashabbusi bilan tashkil etilgan uch bosqichli uzluksiz sport tizimi – “Umid nihollari”, “Barkamol avlod”, Universiada sport musobaqalari navqiron avlodni sportga keng jalb etish bilan birga yurtimiz bayrog‘ini xalqaro maydonlarda baland ko‘taradigan sportchilarni kashf etishda g‘oyat katta ahamiyat kasb etayotir. Bolalar sportini rivojlantirish borasida mamlakatimizda yaratilgan tizim va to‘plangan tajriba jahonda ko‘pchilikda qiziqish va havas uyg‘otmoqda.

Bu sohada amalga oshirilayotgan ishlarimizning samarasi o‘g‘il-qizlarimizning xalqaro maydonlarda erishayotgan muvaffaqiyatlari misolida ham namoyon bo‘lmoqda. 2009 yilning sentabr oyida Italiyaning Milan shahrida boks bo‘yicha o‘tkazilgan XV jahon chempionatida vakillarimiz bitta oltin, bitta kumush, ikkita bronza medalni qo‘lga kiritib, umumjamoa hisobida uchinchi o‘rinni egalladi. Erkin va yunon-rum kurashi bo‘yicha Daniyada o‘tgan jahon chempionatidan o‘zbekistonlik kurashchilar bir oltin, bir kumush va bir bronza medal bilan qaytgani, kanoe va baydarkada eshkak eshish bo‘yicha Tehronda o‘tgan Osiyo chempionatida sportchilarimiz 9 oltin, 10 kumush, 8 bronza medalni qo‘lga kiritgani alohida e’tirofga loyiqdir.

Sportning nafis turi hisoblangan badiiy gimnastika va sport gimnastikasi jadal rivojlanmoqda. Joriy yil fevral oyida poytaxtimizda bo‘lib o‘tgan badiiy gimnastika bo‘yicha Osiyo chempionati va gimnastikachi qizlarimiz erishgan yuksak natijalar bu sport turiga e’tibor va qiziqish mamlakatimizda muttasil oshayotganidan dalolatdir.

Insonning ruhiy-ma’naviy kamoloti, tafakkurining rivojlanishida san’atning o‘rni va ahamiyati g‘oyat kattadir. Shu ma’noda, yoshlarimizning ma’naviyatini yuksaltirish, ularni teran tafakkur, ezgu fazilatlar sohibi etib tarbiyalashda, qalbi va ongida ona Vatanga muhabbat, milliy an’ana va qadriyatlarimizga hurmat-ehtirom tuyg‘ularini mustahkam qaror toptirishda musiqa san’atining o‘rni va ahamiyati beqiyos.

Davlatimiz rahbarining bolalar musiqa va san’at maktablarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash va ularning faoliyatini yanada yaxshilash bo‘yicha 2009-2014 yillarga mo‘ljallangan Davlat dasturiga oid qarori farzandlarimizning ma’naviy olami va madaniy saviyasini yuksaltirish, ularning milliy va jahon musiqa madaniyatining eng sara namunalaridan keng bahramand bo‘lishi uchun zarur shart-sharoit yaratmoqda.

Prezidentimiz Islom Karimov tashabbusi bilan qabul qilingan “Barkamol avlod yili” Davlat dasturi asosida hayotga tatbiq etilayotgan keng ko‘lamli vazifalar unib-o‘sib kelayotgan farzandlarimizning har tomonlama barkamol avlod bo‘lib, hayotga kirib borishiga xizmat qilishi shubhasiz.

…Muazzam sahnada bolalik zavqini surib, barchaga surur baxsh etayotgan jajji bolakaylar timsolida bugun voyaga yetayotgan yoshlarimizning nurli, beg‘ubor yuzlariga, aql-zakovatiga, harakat va intilishlariga boqib, ularning yurtimizda hech qachon, hech kimdan kam bo‘lmaydigan yangi hayot, yangi jamiyat qurishga qodir ekaniga ishonchimiz ortadi…

Navro‘z bayrami azaldan pokizalik, orastalik, mehr-oqibat, xayru saxovat timsoli bo‘lib kelgan. Ota-bobolarimiz bunday kunlarda xonadonlar, ko‘cha va mahallalarni orasta qilganlar, yetim-yesir, beva-bechoralar, xastayu muhtojlarga mehribonlik, saxovat va muruvvat ko‘rsatishga shoshilganlar, gina-kuduratlar unutilgan.

Xalqimiz bu yil ham boqiy bayramimizni alohida taraddud bilan kutib oldi. Bahorning dastlabki kunlaridan yurtimizda obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish ishlari boshlab yuborildi. Umumxalq hashari tashkil etilib, mahallalar, ko‘chalar, aholi turar-joylari obodonlashtirildi, ariq-zovurlar tozalandi, ziyoratgoh, qabriston hamda muqaddas qadamjolar tartibga keltirildi, mevali, manzarali daraxtlar, gul ko‘chatlari o‘tqazildi. Tabarruk qariyalarimiz, ota-onalarimizni e’zozlash, o‘zaro mehr-oqibatli bo‘lish, kattalarga hurmat va kichiklarga izzat ko‘rsatish, jamiyatimizda hech kimni e’tiborsiz va qarovsiz qoldirmaslik kabi azaliy fazilatlarimiz rivoj topmoqda.

Buyuk ajdodlarimizning ilm-fan va madaniyatning ko‘plab sohalari rivojiga qo‘shgan bebaho hissasini dunyo ahli keng e’tirof etgan. Yurtimizda madaniy va ma’naviy merosimizni, milliy qadriyatlarimizni yanada boyitish va ularni umuminsoniy qadriyatlar bilan uyg‘un holda rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. O‘tgan yilda azim poytaxtimiz Toshkent shahrining 2200 yillik yubileyi xalqaro miqyosda keng nishonlandi.

Xalqimiz Navro‘zni hamisha ezgu niyatlar, xursandchilik, o‘yin-kulgi, yaxshi tilak va istaklar bilan qarshi olgan. Xalq termalari, baxshilar aytishuvi, hazil-mutoyiba, qo‘shiqlar, laparlar yangragan. Uloq-ko‘pkari, xalq o‘yinlari, poyga, kurash, merganlik, qo‘chqor, xo‘roz urishtirish kabi tomoshalar o‘tkazilgan. Dorbozlar, masxarabozlar, qo‘g‘irchoqbozlar, polvonlar o‘z san’atini namoyish etgan. Sumalak, halim kabi xilma-xil bahoriy taomlar pishirilgan.

…Folklor va etnografik jamoalarning rang-barang ashula va raqslari, askiyalarda, lapar, o‘lan, yallalarda, polvonu chavandozlar chiqishida Navro‘z bayramining ana shu xilma-xil va noyob qirralari namoyon bo‘ladi…

Yangilanish – nafaqat tabiatga, balki jamiyat hayotiga ham xos uzviy jarayon. Shu ma’noda, 2009 yil 27 dekabrda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va mahalliy kengashlarga bo‘lib o‘tgan saylov mamlakatimizning demokratik o‘zgarishlar, fuqarolarimizning tanlash erkinligini ta’minlash va kuchli fuqarolik jamiyatini shakllantirish yo‘lida qanday ulkan muvaffaqiyatlarga erishganini yana bir bor tasdiqladi.

Ushbu saylovlar saylovchilarimizning faolligi, ochiqlik va oshkoralik ruhida, milliy qonunchilik va xalqaro standartlarga to‘liq rioya qilgan holda o‘tganini jamoatchiligimiz, xalqaro kuzatuvchilar keng e’tirof etdi.

Prezidentimiz Islom Karimov Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va Senatining qo‘shma majlisidagi ma’ruzasida ta’kidlaganidek, bo‘lib o‘tgan saylovlar xalqimizning yuksak ijtimoiy-siyosiy madaniyatini, uning siyosiy va fuqarolik ong darajasi tobora o‘sib borayotganini, saylovchilar mamlakatni isloh etish va modernizatsiya qilish jarayonlarini chuqurlashtirish yo‘lidan izchil ilgarilab borayotganimizni keng qo‘llab-quvvatlayotganini namoyish etdi.

Tinch-osoyishta yurtda xursandchilik, to‘y-tomosha ko‘payaveradi, halovatli xalqqa bayramu sayillar yarashadi. Yurtboshimiz olib borayotgan oqilona siyosat samarasida osmonimiz musaffo, tinchlik-barqarorligimiz mustahkam, turli millat va elat vakillari yagona oila farzandlaridek ahil hayot kechirmoqda. Ona Vatanimiz xavfsizligi va barqarorligini ta’minlash, shu muqaddas zaminimizda hukm surayotgan tinch-osoyishta hayotni ko‘z qorachig‘idek asrash, jondan aziz farzandlarimizni turli illatlar va buzg‘unchi g‘oyalardan himoya qilish barchamizning muqaddas burchimizdir.

…Sahnada baralla yangrayotgan mumtoz qo‘shiqlar, jozibali raqslar dillarni dillarga bog‘laydi, qalblarni faxrga to‘ldiradi. Ko‘z o‘ngimizda Navro‘zning insonni va tinchlikni ulug‘lovchi mohiyati, xalqimiz madaniyatining naqadar boy va betakror ekanligi yanada yorqinroq namoyon bo‘ladi…

Tinchlik va hamjihatlik hukmron, fidoyilik, izlanish, tashabbus va halol mehnat qadrlangan yurtda qut-baraka bo‘ladi. Buni bugungi global moliyaviy-iqtisodiy inqiroz sharoitida mamlakatimizda iqtisodiy barqarorlik, yuksalish sur’atlari davom etayotganida ham ko‘rish mumkin. Mamlakatimizni rivojlantirish, yangilash va modernizatsiya qilish bo‘yicha tanlagan strategiyamizni va Inqirozga qarshi choralar dasturimizni amalga oshirish natijasida 2009 yilda O‘zbekiston iqtisodiy va ijtimoiy rivojlanishning barqaror sur’atlarini ta’minlash, xalqimizning moddiy farovonligini yuksaltirishga erishdi. O‘tgan yilda yurtimizda yalpi ichki mahsulotning o‘sishi 8,1 foizni tashkil etdi.

Yangi ish joylari tashkil etish, ayniqsa, yoshlarni va xotin-qizlarni ish bilan ta’minlashga qaratilgan e’tibor natijasida aholi turmush darajasi yuksalib bormoqda. O‘tgan yili ko‘rilgan amaliy choralar samarasida 940 mingdan ortiq yangi ish o‘rinlari yaratildi, aholining real daromadlari 26,5 foizga ko‘paydi.

Ha, davlatimiz rahbari tomonidan ishlab chiqilgan iqtisodiy islohotlarni izchil va bosqichma-bosqich amalga oshirish borasidagi mashhur besh tamoyil naqadar puxta va hayotiyligi yana bir bor o‘z tasdig‘ini topdi. Jahonda taraqqiyotning o‘zbek modeliga, O‘zbekistonda inqirozga qarshi olib borilayotgan choralar dasturiga qiziqish ortib bormoqda. Buni Prezidentimiz Islom Karimovning “Jahon moliyaviy–iqtisodiy inqirozi, O‘zbekiston sharoitida uni bartaraf etishning yo‘llari va choralari” kitobining qisqa muddatda ko‘plab xorijiy tillarga tarjima qilingani va nashr etilganidan ham bilsa bo‘ladi.

Navro‘z – bunyodkorlik fasli. Yurtimizda Navro‘zdan Navro‘zgacha, ya’ni yil davomida ulkan bunyodkorlik ishlari amalga oshirildi. Mamlakatimiz bo‘yicha 2009 yilda jami 22 yirik ishlab chiqarish obyekti ishga tushirildi. Qurilish materiallari sanoati, oziq-ovqat, yengil sanoat va boshqa tarmoqlarda kichik biznes sohasida 480 ortiq yangi korxona tashkil etildi. 217 kilometrli avtomobil yo‘li foydalanishga topshirildi, 538 kilometr yo‘l va ko‘plab ko‘priklar kapital ta’mirlandi.

Shahar va qishloqlarimizda olib borilayotgan qurilish va obodonlashtirish ishlarining sur’ati vaqtni-da shoshirib qo‘yadigan darajada hayratlanarli. Buni his etish uchun poytaxtimiz husniga-husn qo‘shgan, xalqimizning buyuk bunyodkorlik salohiyatining yana bir namoyoniga aylangan “O‘zbekiston” xalqaro anjumanlar saroyini ko‘z oldimizga keltirishning o‘zi kifoya.

Qishloq taraqqiyoti va farovonligi yilida qishloqlarimiz qiyofasini tubdan o‘zgartirish, bu yerda zamonaviy arxitektura talablari asosida uy-joylar, ijtimoiy obyektlar barpo etish, qishloq aholisiga munosib turmush sharoitlarini yaratib berib borasida ulkan ishlar amalga oshirildi. Mamlakatimizning barcha hududlarida me’morchilikning eng so‘nggi yutuqlaridan foydalangan holda ishlangan namunaviy loyihalar asosida zamonaviy, qulay va shinam uy-joylar qurilishi boshlandi. Navro‘z bayrami nishonlanayotgan shu kunlarda mazkur uylarning dastlabkilari o‘z egalariga topshirilmoqda.

Yurtimizda ayyom kunlarida yangi korxonalar, ishlab chiqarish obyektlari, ta’lim-tarbiya muassasalari, sport majmualari, xizmat ko‘rsatish shoxobchalari foydalanishga topshirilmoqda, yangi bog‘-rog‘lar yaratilmoqda.

…Sahnada san’at ustalari, estrada yulduzlari, yosh xonandalar o‘zlarining yangi kuy-qo‘shiqlarini, raqslarini taqdim etadilar…

Istiqlol yillarida milliy estrada san’atimiz sifat jihatdan yangi rivojlanish pallasiga kirdi. Bunday natijalarga erishishda milliy va umumbashariy musiqa san’atini, jahon san’atining eng yaxshi namunalarini o‘rganish bo‘yicha katta imkoniyatlar ochilgani, soha rivojiga ko‘rsatilayotgan doimiy e’tibor, yosh iste’dodlarni kashf etish uchun yaratilayotgan imkoniyatlar muhim ahamiyat kasb etadi.

…Maydon uzra taralgan musiqiy ohanglar, hofizlar xonishida Navro‘z, Vatan, jamiyatimizdagi bunyodkorlik muhiti, sevgi va muhabbat tarannum etiladi…

Milliy bog‘da tashkil etilgan xalq hunarmandlari ko‘rgazmasida namoyish etilayotgan mahsulotlar bunyodkor, mehnatsevar xalqimizning nafis didi, serjilo kasb-kori, boy madaniy-ma’naviy merosi va yuksak san’atining ifodasi sifatida ko‘ngilda faxr uyg‘otadi.

Qiru adirlarda, dashtu dalalarda, ko‘cha va xiyobonlarda dillarni erkalab bahor sabosi taralmoqda, borliqni uyg‘otuvchi Navro‘z navosi yangramoqda.

Yurtimizning barcha shahar va qishloqlarida Navro‘z sayllari davom etmoqda.



                o`zb   рус   eng
Bugun: 18.01.2020
Qidirish
© 2008 - 2020 O`zbekiston Respublikasi Prezidentining matbuot xizmati