Go‘zallik va nafosat bayrami
05.03.2010

“Turkiston” saroyida xalqaro xotin-qizlar bayrami munosabati bilan tantanali tadbir bo‘lib o‘tdi.

Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida mamlakatimizni isloh etish va modernizatsiyalash, kuchli fuqarolik jamiyatini barpo etish, Vatanimiz taraqqiyoti va xalqimiz farovonligini yanada yuksaltirish yo‘lida izchillik bilan amalga oshirilayotgan islohotlar jarayonida xotin-qizlarning jamiyatdagi mavqeini yanada yuksaltirish, ularni qo‘llab-quvvatlash, huquq va manfaatlarini himoya qilish ustuvor ahamiyat kasb etmoqda.

8 mart – Xalqaro xotin-qizlar kuni munosabati bilan Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida bo‘lib o‘tayotgan tadbirlarda bu jihatlar yana bir bor o‘zining yorqin ifodasini topmoqda.

Xotin-qizlar qo‘mitalari faollari, iqtisodiyot, huquq, ilm-fan, ta’lim, madaniyat va san’at sohalarida samarali mehnat qilayotgan xotin-qizlar 5 mart kuni poytaxtimizdagi hurriyatimiz, porloq istiqbolimiz va ezgu niyatlarimiz ramzi – Mustaqillik va ezgulik monumenti poyiga gullar qo‘ydilar.

Shu kuni “Turkiston” saroyida 8 mart – Xalqaro xotin-qizlar kuni munosabati bilan tantanali yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Tadbirga turli sohalarda ko‘p yillardan buyon samarali mehnat qilayotgan xotin-qizlar, onaxonlar, joylardagi xotin-qizlar qo‘mitalari vakillari, diniy ma’rifat va ma’naviy-axloqiy tarbiya masalalari bo‘yicha maslahatchilar, turli vazirlik va idoralar, jamoat tashkilotlarining vakillari, Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti sovrindorlari taklif etildi.

Tantanali tadbirni Toshkent shahar hokimi A.To‘xtayev ochdi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimovning mamlakatimiz xotin-qizlariga bayram tabrigini Prezidentning Davlat maslahatchisi X.Sultonov o‘qib eshittirdi.

O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari, Xotin-qizlar qo‘mitasi raisi F.Akbarova Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida demokratik jamiyat barpo etish, jamiyatimizni modernizatsiya qilish va yangilash, barkamol avlodni voyaga yetkazish, Vatanimizning xalqaro maydondagi nufuzi va obro‘sini yuksaltirishda xotin-qizlarning faolligini yanada oshirish, huquq va manfaatlarini ta’minlash borasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ishlar alohida o‘rin tutishini ta’kidladi. Davlatimiz rahbarining 2004 yil 25 mayda qabul qilgan “O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi faoliyatini qo‘llab-quvvatlash borasidagi qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni bu borada muhim dasturilamal bo‘lib xizmat qilmoqda.

Ushbu hujjatda belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash jarayonida xotin-qizlarning huquq va manfaatlarini himoya qilish, ularning mamlakatimiz siyosiy-ijtimoiy, sotsial-iqtisodiy, madaniy hayotida to‘laqonli ishtirok etishini ta’minlash, ayollarning ma’naviy va intellektual saviyasini yuksaltirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Ularni ish bilan ta’minlash, ayniqsa, chekka hududlarda xotin-qizlarning mehnat qilishi uchun munosib sharoit va imkoniyatlar yaratish, tadbirkorlikni keng ravnaq toptirish masalasi hukumatimizning doimiy diqqat markazida.

“Barkamol avlod yili” Davlat dasturi doirasida “Sog‘lom ona – sog‘lom bola” dasturini izchil amalga oshirish, sog‘lom avlodni voyaga yetkazish borasidagi chora-tadbirlarni kuchaytirish, onalar va bolalarning reproduktiv salomatligini mustahkamlashga alohida e’tibor qaratilmoqda. Ayni paytda profilaktikaga asoslangan sog‘liqni saqlash tizimini ustuvor rivojlantirish, iste’dod sohibalarini aniqlash, ijodiy-intellektual salohiyatini ro‘yobga chiqarish, ayniqsa, qishloq qizlarini sportga keng jalb etish, yosh oilalarni qo‘llab-quvvatlash uchun zarur sharoit va imkoniyatlarni yaratish yuzasidan uzluksiz, bosqichma-bosqich va tizimli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Tadbirda Prezidentimiz Islom Karimovning qaroriga muvofiq adabiyot, san’at, fan, ta’lim, madaniyat sohalarida erishgan alohida yutuqlari uchun Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti bilan taqdirlangan bir guruh qizlarga ana shu yuksak mukofotlar tantanali ravishda topshirildi.

Zulfiya nomidagi Davlat mukofotining bu yilgi sohibalari – Qoraqalpog‘iston Respublikasi Nukus shahridagi ixtisoslashtirilgan san’at maktab-internatining 9-sinf o‘quvchisi Aynura Sapekeyeva, Sirdaryo viloyati Boyovut tumanidagi 9-umumiy o‘rta ta’lim maktabining 9-sinf o‘quvchisi Sarvinoz Qurbonboyeva, Surxondaryo viloyati Boysun tumanidagi 10-ixtisoslashtirilgan umumta’lim maktab-internatining 8-sinf o‘quvchisi Veronika Volodina, Farg‘ona shahar san’at kollejining 3-bosqich o‘quvchisi Shahnozaxon Davlatova xotin-qizlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, rag‘batlantirish, ularning jamiyat hayotidagi faolligini yanada oshirish borasida ko‘rsatayotgan doimiy e’tibori va g‘amxo‘rligi uchun davlatimiz rahbariga minnatdorlik bildirdi.

Yig‘ilishda O‘zbekiston xalq shoiri Iqbol Mirzo xotin-qizlarni bayram bilan qutlab, o‘zining yangi she’rlarini o‘qib berdi.

Kechada san’at ustalari va ijrochi yoshlarning bayram konserti namoyish etildi.

Yig‘ilishda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri SH.Mirziyoyev, Oliy Majlis Senati Raisi I.Sobirov, Qonunchilik palatasi Spikeri D.Toshmuhamedova ishtirok etdi.



                o`zb   рус   eng
Bugun: 18.01.2020
Qidirish
© 2008 - 2020 O`zbekiston Respublikasi Prezidentining matbuot xizmati