Vatanimiz osoyishtaligining mustahkam qalqoni
13.01.2010

O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari mustaqilligimizning muhim kafolati, ozod va obod Vatanimizni mustahkam himoya qilishga qodir ishonchli qalqondir. Shu kunlarda mamlakatimizda Vatan himoyachilari kuni hamda Qurolli Kuchlarimizning 18 yilligi keng nishonlanmoqda.

“Turkiston” saroyida 13 yanvar kuni ushbu bayramga bag‘ishlangan tantanali yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Shu munosabat bilan bu yerga askar va serjantlar, ofitserlar, generallar, Qurolli Kuchlarimiz faxriylari, ota-onalar va jamoatchilik vakillari taklif etildi.

Tadbirni Toshkent shahar hokimi A.To‘xtayev ochdi.

O‘zbekiston Respublikasi Davlat madhiyasi yangradi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qo‘mondoni Islom Karimovning Vatan himoyachilariga bayram tabrigini Prezidentning Davlat maslahatchisi X.Sultonov o‘qib eshittirdi.

Armiyani isloh qilish borasida amalga oshirilayotgan islohotlar samarasida Qurolli Kuchlarni tashkil etish hamda boshqarishning mutlaqo yangi tizimi shakllantirildi, mamlakatimizning yagona maqsad va vazifalar negizida uzviy bog‘langan ishonchli mudofaa kompleksi vujudga keldi.

Bunda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2008 yil 20 noyabrda qabul qilingan “Fuqarolarning O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarida muddatli harbiy xizmatni o‘tash shart-sharoitlarini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni muhim dasturilamal bo‘lib xizmat qilayotir. Ushbu farmonga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarini Qurolli Kuchlarda muddatli harbiy xizmatga yiliga bir marta – fevral-mart oylarida chaqirish belgilandi. Muddatli harbiy xizmatdagi, safarbarlik-chaqiruv rezervidagi yoshlarni har tomonlama kamol toptirishga, ularda ona yurtning ishonchli himoyachisi bo‘lish uchun hamisha shay turishga asoslangan xarakterni, dunyoqarashni shakllantirishga yo‘naltirilgan ma’naviy-ma’rifiy ishlarning samaradorligini yanada oshirish ko‘zda tutilgan.

Zamonaviy o‘quv bazasi bilan ta’minlangan serjantlar tayyorlash maktablari, oliy harbiy bilim yurtlari harbiy tayyorgarlikni ilg‘or ilm-fan va texnika yutuqlariga asoslangan holda olib borishda muhim ahamiyat kasb etmoqda. Bu milliy armiyamizni professional kadrlar bilan to‘ldirish, harbiy xizmatchilarning har tomonlama tayyorgarligini, bilim va ko‘nikmalarini oshirish, ma’naviyatini yanada yuksaltirishga xizmat qilmoqda.

Harbiy xizmatni o‘tash sharoitini yaxshilash hamda Vatan himoyachilariga har tomonlama g‘amxo‘rlik ko‘rsatish borasidagi ishlar ko‘lami tobora kengaymoqda. Jumladan, harbiy xizmatchilar va ular oilalarining turmush sharoitini yaxshilashga qaratilgan alohida imtiyozlar joriy etildi.

Davlatimiz rahbarining 2010 yil 11 yanvarda qabul qilingan farmoniga muvofiq Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan huquqni muhofaza qilish organlari, mudofaa va favqulodda vaziyatlar vazirliklari xodimlaridan bir guruhi faxriy unvonlar, orden va medallar bilan taqdirlandi. Yig‘ilishda ularga Vatanimizning ana shu yuksak mukofotlari topshirildi.

O‘zbekiston Qurolli Kuchlarida an’ana tusini olgan uch bosqichli tanlovga asosan, 2009 yildagi eng ilg‘or brigada, batalyon, vzvod, guruh komandiri va eng ilg‘or serjant aniqlandi. Tadbirda ana shu tanlov g‘oliblariga diplom va qimmatbaho sovg‘alar topshirildi. Eng ilg‘or harbiy qism, serjantlar tayyorlash maktabi va oliy harbiy bilim yurti ham mukofotlandi.

Yig‘ilishda so‘zga chiqqan katta leytenant Murod Qosimov, kichik serjant Shavkat Choriyev, harbiy xizmatchi onasi Muqaddas Rahmatullayeva, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Mahmud Ismoilov davlatimiz rahbariga harbiy xizmatchilarga ko‘rsatayotgan doimiy e’tibori va g‘amxo‘rligi uchun samimiy minnatdorlik bildirdilar.

Tadbirda san’at ustalari va ijrochi yoshlarning bayram konserti namoyish etildi.


                o`zb   рус   eng
Bugun: 18.01.2020
Qidirish
© 2008 - 2020 O`zbekiston Respublikasi Prezidentining matbuot xizmati