Elu yurtimiz tinchligi va xavfsizligining ishonchli kafolati
07.01.2010

Vatanimizdagi bugungi tinch va osuda hayot, farovonlik xalqimizga mustaqillik tuhfa etgan aziz ne’matlardandir. Jamiyatimizdagi barqarorlik bois yurtimiz ravnaqi yo‘lida keng ko‘lamli islohotlarni amalga oshirish, huquqiy demokratik jamiyat barpo etishdek ezgu niyatlarimizni ro‘yobga chiqarish borasida ulkan, betimsol ishlarni bajarmoqdamiz.

Xalqimiz azaldan tinchlik va osoyishtalikni Vatan, ona, ozodlik kabi muqaddas tushunchalar qatorida ulug‘lab, e’zozlab keladi. Vatan ozodligi, tinchligi va xavfsizligi himoyachilari esa mudom hurmat-e’tiborda.

Ha, dunyoda sharafli vazifalar ko‘p, ammo ular ichida eng sharaflisi kindik qoning tomgan Vataningni himoya qilishdir. Zotan, Vatan – bu insonga ato etilgan eng ulug‘ ne’mat, ajdodlarimizning muqaddas ruhi kezib yurgan mo‘tabar zamin, ularning nafasi ufurib turgan tabarruk tuproqdir.

Inson ma’naviy olamining kuchi, qudrati uning Vatan oldidagi burchi, mas’uliyatini qanday anglab tushunishida ham namoyon bo‘ladi. Prezidentimiz Islom Karimov “Yuksak ma’naviyat – yengilmas kuch” asarida ma’naviy jasorat tuyg‘usiga alohida to‘xtalib, “Urganchni bosqinchilardan himoya qilishda bayroq tutib jon bergan Najmiddin Kubroning qahramonligida, dunyoni to‘fondek bosgan Chingizxon qo‘shiniga qarshi o‘n bir yil muttasil mardona kurash olib borgan Jaloliddin Manguberdining jangovar ruhida, yurtimizni istilochilardan ozod qilib, buyuk davlat barpo etgan Amir Temur bobomizning bunyodkorlik salohiyatida ham ma’naviy jasorat tuyg‘usi buyuk va ustuvor ahamiyat kasb etgani shubhasiz”, deb ta’kidlaydi.

Darhaqiqat Vatan tarixini avvalambor shijoat, jasorat, ma’rifatu adolat, elu yurtga sadoqat bezab turadi. O‘z hayoti davomida ana shunday fazilatlarning eng yuksak namunalarini bizga ibrat sifatida qoldirgan ajdodlarimiz juda ko‘p va ularning xotirasi mangulikka daxldor.

Yangi yil bayrami shodiyonalari davom etayotgan shu kunlarda yana bir qadrli sana – 14 yanvar – Vatan himoyachilari kunini nishonlashga qizg‘in tayyorgarlik ko‘rmoqdamiz. Ushbu kunni umumxalq bayrami sifatida nishonlar ekanmiz, bu voqeaning tarixiy ildizlarini yana bir bor eslash o‘rinlidir.

Har qanday davlatning mustaqilligini birinchi navbatda uning o‘z armiyasi, Qurolli Kuchlari himoya qilishi kerak. Yurtboshimiz ta’biri bilan aytganda, “o‘z istiqloli va ozodligining qadrini bilmaydigan, uni himoya qilolmaydigan, bunga kuch-qurbi yetmaydigan millat hech qachon erkin yashay olmaydi, kimgadir itoat etishga, bo‘yin egishga majbur bo‘ladi”. Shu bois istiqlolimizning dastlabki kunlarida – 1991 yil 6 sentabrda O‘zbekiston Respublikasi mudofaa ishlari vazirligi tashkil etildi. 1992 yil 14 yanvar kuni esa mustaqil davlatimiz tarixida yana bir muhim qadam qo‘yildi. Shu kuni mamlakatimiz hududidagi barcha harbiy qism va bo‘linmalarni O‘zbekiston yurisdiksiyasiga o‘tkazish to‘g‘risida qaror qabul qilindi.

Qurolli Kuchlarning mamlakat suvereniteti va hududiy yaxlitligini saqlash, xalqimizning tinchligi hamda bunyodkorlik mehnatini himoyalash, yosh avlodni vatanparvarlik ruhida tarbiyalashdagi ahamiyatini inobatga olib hamda 1992 yil 14 yanvarda mamlakatimiz hududidagi harbiy qism va bo‘linmalarning davlatimiz tasarrufiga o‘tkazilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining 1993 yil 29 dekabrda qabul qilingan qonuniga binoan 14 yanvar O‘zbekistonda Vatan himoyachilari kuni deb e’lon qilindi.

O‘tgan yillar mobaynida yurtimizda davr talabi va jahon andozalariga javob beradigan Qurolli Kuchlarni barpo etish, mamlakatimiz mustaqilligi, xavfsizligi va hududiy yaxlitligini ta’minlash, barqaror va izchil demokratik taraqqiyotimizning ishonchli kafolati bo‘lgan milliy armiyamizni shakllantirish yo‘lida keng ko‘lamli va mohiyatan ulkan ishlar amalga oshirildi.

Mamlakatimiz Konstitutsiyasida O‘zbekiston Qurolli Kuchlarining huquqiy maqomi aniq belgilab qo‘yilgan, Qurolli Kuchlarimiz O‘zbekiston suvereniteti va hududiy yaxlitligi, respublikamiz aholisining osuda hayoti va xavfsizligini ta’minlash uchun tashkil etilgani ta’kidlangan. “Mudofaa to‘g‘risida” va “Umumiy harbiy majburiyat va harbiy xizmat to‘g‘risida”gi qonunlar Qurolli Kuchlarimiz tashkiliy asoslarini o‘zida mujassam etgan.

Prezidentimiz Islom Karimov tashabbusi bilan Qurolli Kuchlarimizni isloh qilish bo‘yicha qabul qilingan dasturga muvofiq amalga oshirilgan keng ko‘lamli ishlar barcha zamonaviy talablarga javob beradigan milliy armiyamizni shakllantirish va boshqarishning sifat jihatdan mutlaqo yangi tizimiga o‘tish imkonini berdi. Qisqa vaqt ichida harbiy okruglar, chegara hududlari va maxsus operatsiyalarga ixtisoslashtirilgan qismlar tuzildi. Milliy armiyamizni bosqichma-bosqich va tizimli ravishda shakllantirishda avvalo mamlakatimizning mintaqada va dunyoda tutgan geostrategik va geosiyosiy o‘rnini, xavfsizligimizga qarshi qaratilgan jiddiy tahdid va xatarlarni, ayniqsa, xalqaro terrorizm, ekstremizm, narkoagressiya, ommaviy qirg‘in qurollarining tarqalishi kabi balo-qazolar hisobga olingan holda ish tutildi.

Bugungi kunda milliy armiyamiz jahon harbiy qurilishining eng ilg‘or tajribalarini o‘zida mujassam etgan bo‘lib, ayni paytda milliy jangovar an’analarimizni yuksak sadoqat bilan davom ettirmoqda.

Oliy harbiy bilim yurtlarida kadrlar tayyorlash tizimi izchil takomillashtirilmoqda. Toshkent umumqo‘shin, Chirchiq tank va Samarqand avtomobil oliy harbiy qo‘mondonlik bilim yurtlari ko‘p tarmoqli ta’lim maskanlariga aylantirildi. Jizzax oliy harbiy aviatsiya bilim yurti tashkil etildi. Toshkent axborot texnologiyalari universitetida aloqachi-ofitserlar tayyorlaydigan maxsus fakultet ochildi. 1995 yilda Markaziy Osiyodagi dastlabki Qurolli Kuchlar akademiyasi tashkil etildi. Axborot texnologiyalari va modellashtirish uslublaridan foydalangan holda o‘qitishning yangi shakllari joriy etildi. Tashkilotchilik ko‘nikmalariga ega, bilimdon, mustaqil harakat qiladigan va har qanday sharoitda to‘g‘ri qarorlar qabul qilishga qodir yuqori malakali ofitser-mutaxassislarni tayyorlashga qaratilgan o‘quv dasturlari ishlab chiqildi. Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan tashkil etilgan serjantlar tayyorlash maktablarida sohaning barcha bo‘g‘inlari uchun yuksak ma’naviy-axloqiy va yetakchilik fazilatlariga ega, intellektual salohiyati yuqori kichik komandirlar tayyorlanmoqda.

O‘zbekiston Qurolli Kuchlarida uch bosqichli tanlov o‘tkazish yaxshi an’anaga aylangan. Qurolli Kuchlarimizda eng ilg‘or qo‘shilma, serjantlar tayyorlash maktabi, oliy harbiy bilim yurtini aniqlash bo‘yicha o‘tkazilayotgan tanlovlar harbiy xizmatchilarning kasb malakasi, jangovar shayligini oshirishga xizmat qilmoqda.

Bugungi kunda bir yillik muddatli harbiy xizmatga chaqiruv tanlov asosida amalga oshirilmoqda. Harbiy xizmatning yangi turi – safarbarlik chaqiruvi rezervi o‘zining samarali ekanini isbotladi. 2009 yildan bir yilda bir marta chaqiruvning joriy etilgani askarlarning xizmatni sifatli o‘tashi va harbiy mutaxassislikka o‘qitish bo‘yicha dasturlarni puxta o‘zlashtirishiga, zamonaviy axborot texnologiyalariga oid bilimini yuksaltirishga xizmat qilmoqda. Joylardagi mudofaa ishlari boshqarma va bo‘limlari zamon talablari asosida jihozlanayotgani esa chaqiriluvchilarni sifatli tibbiy ko‘rik va sinovlardan o‘tkazish uchun zarur qulaylik yaratib, Qurolli Kuchlarimiz shaxsiy tarkibini yaxshi tayyorlangan, baquvvat va mard yigitlar bilan to‘ldirish imkonini bermoqda.

Prezidentimizning harbiy xizmatni o‘tash sharoitini yaxshilash hamda Vatan himoyachilariga qo‘shimcha imtiyozlar berishga qaratilgan qator farmon va qarorlari qabul qilindi. Muddatli harbiy xizmatni o‘tagan va harbiy qism qo‘mondonligining tegishli tavsiyanomasini olgan fuqarolar mamlakatimiz oliy o‘quv yurtlariga o‘qishga kirishda test sinovlarida to‘plash mumkin bo‘lgan eng ko‘p ballning 25 foizi miqdorida imtiyozli ballga ega bo‘lmoqda. Yana bir muhim jihati, “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati muddatli harbiy xizmatni o‘tagan va to‘lov-kontrakt shaklida o‘qishga qabul qilingan talabalarga, ular o‘qish davrida ushbu harakat faoliyatida faol ishtirok etsa, kontrakt summasining 35 foizini moddiy yordam tariqasida to‘laydi.

O‘tgan yillari harbiy unvonlar bo‘yicha maoshlar, harbiy xizmatdan bo‘shagandan keyin to‘lanadigan nafaqalar miqdori bir necha barobar oshirildi. Barcha zarur uy-ro‘zg‘or buyumlari bilan jihozlangan xizmat turar-joylari tashkil etilayotgani, harbiylarimizga imtiyozli kreditlar berilayotgani posbonlarimiz uchun yaratilgan qulaylik va yengilliklardandir.

2009 yilning fevral oyida harbiy xizmatchilar hamda ularning oila a’zolari uchun qurilishi mo‘ljallanayotgan harbiy shaharchalar, yotoqxonalar, turar-joy va kottejlarning eng yaxshi loyiha va maketlari ko‘rgazma-tanlovi o‘tkazildi. O‘sha yilning o‘zida bir qator harbiy okruglarda xizmat qilayotgan bir guruh harbiylarga yangi uylar topshirildi. Harbiylarni maishiy xizmat ko‘rsatish shoxobchalari, bolalar bog‘chasi, sport maydoni, maktab va shifoxonaga yaqin, barcha zarur shart-sharoit yaratilgan bunday turar-joylar bilan ta’minlash borasidagi ishlar izchil davom ettirilmoqda.

Vatan himoyachilarini ommaviy sportga keng jalb etishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Barcha oliy harbiy bilim yurtlari, serjantlar tayyorlash maktablari, harbiy qism va bo‘linmalar zamonaviy sport inventarlari, trenajyorlar bilan ta’minlangan.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmoniga binoan mamlakatimizning mudofaa salohiyatini yanada yuksaltirish, chegaralarimiz daxlsizligi va milliy xavfsizlikni ta’minlash, huquq-tartibotni mustahkamlash, yoshlarni Vatanga muhabbat va sadoqat ruhida tarbiyalash ishiga qo‘shayotgan katta hissasi, ijtimoiy-siyosiy hayotdagi faol ishtiroki uchun har yili ko‘plab harbiy xizmatchilar davlatimizning faxriy unvonlari, orden va medallari bilan taqdirlanmoqda.

Islohotlarning eng muhim amaliy natijasini armiyadagi axloqiy-ruhiy, ma’naviy muhitning butunlay yangilanganida, jamiyatimizda arimiyaga va harbiy xizmatga nisbatan yondashuv va qarashlar tamomila o‘zgarganida ham ko‘rish mumkin. Harbiy xizmatdan mustahkam hayotiy qarashlarga ega bo‘lib qaytgan o‘g‘lonlar mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarda faol ishtirok etishga har tomonlama tayyor ekanligini namoyon etmoqda. O‘qish va ishga kirishda qator imtiyozga ega sobiq askarlar har jihatdan tengdoshlariga o‘rnak bo‘layotir. Yurtimizda yashayotgan har bir yigitning muqaddas burchi bo‘lmish – Qurolli Kuchlar safida xizmatning nufuzi benihoya yuksaldi.

Harbiy xizmatga chaqiruv tanlov asosida amalga oshirilmoqda. Bir o‘ringa bir necha yigit da’vogarlik qilmoqda. Boshqacha aytganda, milliy armiya saflariga saralarning sarasi olinmoqda. Yigitlarimiz uchun harbiy sohada xizmat qilish mamlakatimiz Prezidenti, Qurolli Kuchlarimiz Oliy Bosh Qo‘mondoni ta’kidlaganidek, nafaqat faxrli burch, balki shon-sharaf ishiga aylandi. Yana bir muhim jihati, harbiy xizmat yoshlarimizni nafaqat jismonan va ma’nan chiniqtirmoqda, balki ularning ruhi, irodasini toblamoqda, jasorati, intiluvchanligini kuchaytirmoqda, ularda vatanparvarlik, o‘z yurti va xalqiga sadoqat kabi xislatlarni shakllantirmoqda. Armiya yoshlar uchun haqiqiy hayot maktabi vazifasini o‘tamoqda.

Yurtimizda Vatan himoyachilari kunini nishonlash, bayram qilish qutlug‘ an’anaga aylandi.

Prezidentimiz “Milliy armiyamiz – mustaqilligimizning, tinch va osoyishta hayotimizning mustahkam kafolatidir” kitobida ta’kidlaganidek, milliy armiyamizni barpo etish jarayonlari O‘zbekistonning o‘z mustaqilligini qo‘lga kiritish tarixi bilan uzviy bog‘liqdir. Shu ma’noda, 14 yanvar sanasini faqat harbiy xizmatchilar emas, umumxalq bayrami sifatida qabul qilishimiz, uni eng ulug‘, eng aziz ayyom – Mustaqillik bayrami singari yuksak darajada nishonlayotganimiz tabiiydir.

Bugun serjantlar tayyorlash maktablari, oliy harbiy bilim yurtlari, jangovar shaylikda turgan harbiy qismlarimizni, har tomonlama yetuk, jasur va sergak posbon yigitlarimiz shijoatini ko‘rganda ko‘ngillarimiz iftixorga to‘ladi. O‘z Vataniga, xalqiga sadoqatli ofitser va askarlardan tashkil topgan professional milliy armiyamiz yurtimiz mustaqilligining, tinch va osoyishta hayotimizning mustahkam kafolatidir.


                o`zb   рус   eng
Bugun: 18.01.2020
Qidirish
© 2008 - 2020 O`zbekiston Respublikasi Prezidentining matbuot xizmati