Pensiya ta’minoti – ijtimoiy himoyaning muhim yo‘nalishi
05.01.2010

Prezidentimiz Islom Karimovning 2009 yil 30 dekabrda qabul qilingan “Fuqarolarning pensiya ta’minoti tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni aholini ijtimoiy muhofazalashni yanada takomillashtirishga xizmat qiladi.

Fuqarolarni ijtimoiy himoya qilish, aholining manfaatlarini ta’minlash Yurtboshimiz olib borayotgan siyosatning ustuvor yo‘nalishini tashkil qiladi. O‘zbek modeli sifatida tan olingan mustaqil taraqqiyot yo‘limizning negizida mashhur besh tamoyildan biri – kuchli ijtimoiy siyosat olib borish ekani bugun o‘zining yuksak samaralarini bermoqda. Istiqlolning dastlabki kunlaridan boshlab bozor iqtisodiyoti munosabatlariga o‘tish jarayonida el-yurtimiz hayotiga keskin salbiy ta’sir ko‘rsatadigan oqibatlarni imkon qadar kamaytirish, ko‘p bolali va kam ta’minlangan oilalar, yolg‘iz keksalar, yetim va nogironlar, talaba va pensionerlarning manfaatlarini har tomonlama himoya etish bo‘yicha keng ko‘lamli va qamrovli ishlar amalga oshirildi.

Ushbu yo‘nalishdagi tadbirlar jahon moliyaviy-iqtisodiy inqirozi boshlangan murakkab sharoitda ham izchil davom etdi. Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida ishlab chiqilgan Inqirozga qarshi choralar dasturida mamlakatimizda mehnatni rag‘batlantirish, ish haqini ko‘paytirish va aholi daromadlari o‘sishini ta’minlash eng muhim ustuvor yo‘nalishlar sifatida belgilangan. O‘tgan 2009 yilda aholining real daromadlari 26,5 foizga, oylik ish haqi, pensiya, nafaqa va stipendiyalar o‘rtacha 40,0 foizga oshdi.

Davlat budjetining sotsial soha va aholini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan umumiy xarajatlari 2009 yilda 56,5 foizni tashkil etgan bo‘lsa, bu ko‘rsatkich 2010 yilda 59 foizdan oshadi.

Har kim keksayganida, mehnatga layoqatini yo‘qotganda, shuningdek boquvchisidan mahrum bo‘lganda va qonunda nazarda tutilgan boshqa hollarda ijtimoiy ta’minot olish huquqiga ega ekani Konstitutsiyamizda mustahkamlangan. “Fuqarolarning davlat pensiya ta’minoti to‘g‘risida”gi va “Fuqarolarning jamg‘arib boriladigan pensiya ta’minoti to‘g‘risida”gi hamda boshqa qonun hujjatlarida davlat pensiyalarining yagona tizimi, ularni tayinlash, hisoblab chiqarish, qayta hisoblash va to‘lash tartibi belgilangan.

Prezidentimiz Islom Karimovning 2009 yil 30 dekabrda qabul qilingan “Fuqarolarning pensiya ta’minoti tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni ushbu mexanizm samaradorligini oshirishni ko‘zda tutadi. Mazkur hujjatda pensiya ta’minoti tizimining tashkiliy tuzilmasini yanada takomillashtirish, pensiyalar va ijtimoiy nafaqalarni budjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasidan o‘z vaqtida moliyalashtirish hamda ularni to‘liq hajmda to‘lash, shuningdek, respublika fuqarolarining pensiya ta’minotiga yo‘naltiriladigan mablag‘lardan maqsadli foydalanilishi ustidan nazoratni kuchaytirishga xizmat qiladigan qator yangiliklarni joriy etish belgilangan.

Davlatimiz rahbarining mazkur farmoniga ko‘ra, joriy yilning 1 yanvaridan boshlab pensiyalar, shuningdek, ijtimoiy nafaqalar, kompensatsiya va boshqa to‘lovlarni tayinlash, moliyalashtirish, ularning to‘lanishini hisobga olish va monitoringini yuritish viloyatlar, shaharlar va tumanlarda tashkil etiladigan O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi budjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasi bo‘linmalari tomonidan amalga oshiriladi.

Ayni paytda hujjatda O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi budjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasi zimmasiga qo‘shimcha vazifalar yuklangan. Yangi tuzilma fuqarolarga pensiyalar, ijtimoiy nafaqalar, kompensatsiya va boshqa to‘lovlarni tayinlash, qonun hujjatlarida belgilangan tartibda pensiyalar hamda boshqa to‘lovlarning miqdori qayta hisoblab chiqilishini ta’minlaydi. Mehnat mayibligi yoki kasb kasalligi oqibatidagi nogironlik bo‘yicha tayinlangan pensiyalarga doir munosabatlarni amalga oshiradi.

Pensiya ta’minoti tizimiga kiritilgan bunday yangilik fuqarolarni ijtimoiy muhofazalash samaradorligini oshirish, tibbiy-mehnat ekspertizasi xizmati faoliyatini tashkil etish imkonini beradi. Zotan, fuqarolarga pensiya tayinlashning amaldagi tizimini takomillashtirish, mavjud ijtimoiy himoya tizimining samaradorligini oshirishni davrning o‘zi taqozo qilmoqda. Mamlakat iqtisodiy salohiyati va odamlar ijtimoiy muhofazasi bilan bog‘liq ushbu masalada belgilangan qonun-qoidalarga qat’iy amal qilinishini ta’minlash muhim ahamiyatga ega.

Moliya vazirligining Bosh nazorat-taftish boshqarmasi tarkibida budjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasi mablag‘laridan maqsadli foydalanilishi ustidan nazorat boshqarmasi va uning hududiy bo‘linmalarida tegishli bo‘limlar tashkil qilinadi. Ular tomonidan yangi tayinlangan pensiya va nafaqalarning hisoblab chiqilishi, shuningdek, qonun hujjatlarida nazarda tutilgan imtiyozlar qo‘llanilishi to‘g‘riligini, shu jumladan fuqarolarning pensiyaga oid hujjatlar yig‘majildida birlamchi hujjatlarning to‘liqligi va ishonarliligini tekshirish yo‘li bilan yoppasiga tekshiruvlar amalga oshiriladi. Ishlovchi pensionerlarga mulkchilik shaklidan qat’i nazar, korxonalar, tashkilotlar, muassasalar tomonidan pensiyalar hamda nafaqalarning hisoblab yozilishi va to‘lanishi to‘g‘riligini reja asosida tekshiradi. Bu esa o‘z navbatida fuqarolarga pensiya va nafaqalar o‘z vaqtida va to‘liq to‘lanishining tizimli monitoringini olib borish, qoidabuzarliklarga qarshi tegishli choralarni ko‘rish imkonini beradi.

Nuroniylarga, yon-atrofimizda yordamga ehtiyoj sezib yashayotgan yolg‘iz keksalar va nogironlarga zarur ko‘mak va ma’naviy madad berish masalasi davlatimiz rahbarining doimiy e’tiborida. El-yurtimizga xizmati singgan, katta hayotiy o‘gitlari bilan ibrat bo‘lib kelayotgan muhtaram faxriylar va pensionerlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ular sog‘lom va mazmunli umr kechirishi uchun barcha shart-sharoitni yaratish yo‘lidagi izchil sa’y-harakatlar buning yorqin dalilidir. Prezidentimizning “Fuqarolarning pensiya ta’minoti tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni ham ana shunday ezgu maqsadga xizmat qiladi.


                o`zb   рус   eng
Bugun: 05.08.2020
Qidirish
© 2008 - 2020 O`zbekiston Respublikasi Prezidentining matbuot xizmati