2018-2022-yillarda issiqlik ta’minoti tizimini rivojlantirish dasturi to‘g‘risida
24.04.2017
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori

Iste’molchilarga issiqlik energiyasi yetkazib berish sifatini oshirish va uzluksizligini ta’minlash chora-tadbirlarini izchil amalga oshirish, zamonaviy tejamkor va energiyani iqtisod qiladigan texnologiyalarni joriy etish asosida issiqlik ta’minoti tizimining asosiy fondlarini yangilash va modernizatsiyalash, yoqilg‘i-energetika resurslaridan samarali va oqilona foydalanish maqsadida:

1. Quyidagilar respublikada issiqlik ta’minoti tizimini yanada rivojlantirishning ustuvor vazifalari etib belgilansin:

issiqlik ta’minoti tizimiga energiya va resurslarni tejaydigan yangi texnologiyalar va uskunalarni, shu jumladan, qayta tiklanadigan energiya manbalaridan foydalangan holda joriy etish;

energiya samaradorligi yuqori bo‘lgan mahalliy qozonxonalar qurish, shuningdek, xonadonlarga yakka tartibda ichki issiqlik ta’minoti tizimini o‘rnatish yo‘li bilan ko‘p xonadonli uy-joy fondi, ijtimoiy va boshqa obyektlarning nomarkazlashtirilgan issiqlik ta’minoti tizimini rivojlantirish;

jismoniy va ma’naviy eskirgan tejamkor bo‘lmagan qozonxona agregatlarini almashtirgan holda ishdan chiqqan magistral va taqsimlash issiqlik tarmoqlarini modernizatsiya va rekonstruksiya qilish ishlarini amalga oshirish;

energiya resurslari iste’mol qilinishi va ishlab chiqarilishining me’yor bo‘yicha hisobga olinishini tashkil etish, iste’molchilarning issiqlik ta’minoti xizmati haqini hisoblash va to‘lashning avtomatlashtirilgan hisob-kitob tizimini joriy etish;

noishlab chiqarish xarajatlari o‘sishiga yo‘l qo‘ymaslik va issiqlik energiyasini yetkazib berish, taqsimlash va iste’mol qilishda me’yoridan ortiqcha nobudgarchiliklarni kamaytirish hisobiga sarf-xarajatlarni qisqartirishga yo‘naltirilgan issiqlik ta’minoti tizimida yagona texnik siyosatni amalga oshirish.

2. 2018-2022-yillarda issiqlik ta’minoti tizimini rivojlantirish dasturi (keyingi o‘rinlarda – Dastur) tasdiqlansin, u quyidagilarni o‘z ichiga oladi:

2018-2022-yillarda mahalliy qozonxonalarni modernizatsiyalash va rekonstruksiya qilish parametrlari 1-ilovaga muvofiq;

2018-2022-yillarda energiya samaradorligi yuqori bo‘lgan mahalliy qozonxonalar qurish, jumladan, gelioqurilmalarni qo‘llash parametrlari 2-ilovaga muvofiq;

2018-2022-yillarda markaziy qozonxonalarni modernizatsiyalash va rekonstruksiya qilish parametrlari 3-ilovaga muvofiq;

2018-2022-yillarda issiqlik tarmoqlarini modernizatsiyalash va rekonstruksiya qilish parametrlari 4-ilovaga muvofiq;

2018-2022-yillarda xonadonlarga yakka tartibda ichki issiqlik ta’minoti tizimini o‘rnatish parametrlari 5-ilovaga muvofiq;

2018-2022-yillarda issiqlik ta’minoti tizimini rivojlantirish kompleks tadbirlari 6-ilovaga muvofiq.

3. Belgilab qo‘yilsinki:

O‘zbekiston Respublikasi Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari – Dasturning samarali va o‘z vaqtida amalga oshirilishi uchun mas’ul bo‘lgan ijro etuvchi organlar hisoblanadi;

O‘zbekiston Respublikasi Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligining Ko‘p xonadonli uylar va issiqlik ta’minoti obyektlari qurish bo‘yicha injiniring kompaniyasi – Dastur doirasida loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha buyurtmachi hisoblanadi;

“Issiqlikelektrloyiha” aksiyadorlik jamiyati, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Respublika “O‘zInjiniring” loyiha instituti – Dastur doirasida amalga oshiriladigan loyihalarning loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiqish bo‘yicha bosh loyiha tashkilotlari hisoblanadi.

4. Quyidagilar tasdiqlangan Dasturni amalga oshirishni moliyalashtirish manbalari sifatida:

a) mahalliy qozonxonalarni modernizatsiyalash, rekonstruksiya qilish va qurish qismida:

ijtimoiy soha obyektlari uchun – O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti hisobiga markazlashtirilgan investitsiya mablag‘lari;

ko‘p xonadonli uylar uchun – xususiy uy-joy mulkdorlari shirkatlarining o‘z mablag‘lari, tijorat banklarining kreditlari, pudrat tashkilotlarining mablag‘lari hamda O‘zbekiston Respublikasi Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligining Uy-joy kommunal xo‘jaligini rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘lari;

b) markaziy qozonxonalarni hamda issiqlik tarmoqlarini modernizatsiyalash va rekonstruksiya qilish uchun – issiqlik ta’minoti tashkilotlarining o‘z mablag‘lari, O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti hisobiga markazlashtirilgan investitsiya mablag‘lari, O‘zbekiston Respublikasi Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligining Uy-joy kommunal xo‘jaligini rivojlantirish jamg‘armasi hamda xalqaro moliya institutlarining mablag‘lari;

v) xonadonlar ichki yakka tartibdagi issiqlik ta’minoti tizimini o‘rnatish uchun – turar joy va noturar joy xonalari mulkdorlarining mablag‘lari, shuningdek, tijorat banklarining imtiyozli kreditlari;

g) markaziy qozonxonalar va issiqlik tarmoqlarini modernizatsiyalash hamda rekonstruksiya qilish bo‘yicha dasturlarni amalga oshirish doirasida loyihalarning texnik-iqtisodiy asoslari (texnik-iqtisodiy hisob-kitoblari)ni TIA (TIHK) ishlab chiqish uchun – Qoraqalpog‘iston Respublikasining respublika byudjeti hamda viloyatlar va Toshkent shahri mahalliy byudjetlarining mablag‘lari, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligining Uy-joy kommunal xo‘jaligini rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘lari;

d) mahalliy qozonxonalarni modernizatsiyalash, rekonstruksiya qilish va qurish bo‘yicha loyihalarning loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiqish uchun – O‘zbekiston Respublikasi Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligining Uy-joy kommunal xo‘jaligini rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘lari.

5. O‘zbekiston Respublikasi Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi O‘zbekiston Respublikasi Davlat arxitektura va qurilish qo‘mitasi, “Issiqlikelektrloyiha” AJ, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Respublika “O‘zInjiniring” loyiha instituti, “ToshuyjoyLITI” AJ, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari bilan birgalikda:

2017-yilning 1-sentabriga qadar markaziy qozonxonalarni, issiqlik tarmoqlarini modernizatsiyalash va rekonstruksiya qilish bo‘yicha loyihalarning TIA (TIHK) ishlab chiqilishi va vakolatli organlarda ekspertizadan o‘tkazilishini hamda mahalliy qozonxonalarni modernizatsiyalash, rekonstruksiya qilish va qurish bo‘yicha loyiha-smeta hujjatlari ishlab chiqilishi va vakolatli organlarda ekspertizadan o‘tkazilishini ta’minlasin;

loyihalarning TIA (TIHK) va loyiha-smeta hujjatlari belgilangan tartibda tasdiqlanishi natijalari bo‘yicha Dastur doirasida loyihalarning amalga oshirilishi uchun mas’ul bo‘lgan pudrat tashkilotlarini tegishli tajribaga, texnik va moliyaviy salohiyatga ega bo‘lgan tashkilotlar orasidan tender (tanlov) asosida aniqlash, bunda tender (tanlov) hujjatlarida mahalliy qozonxonalar qurish va keyinchalik ularga ta’mirlash-servis xizmati ko‘rsatish nazarda tutilsin.

6. Dasturni amalga oshirish doirasida bir bosqichli tartibda loyihalarning TIA (TIHK)larini tasdiqlash bilan birga loyiha oldi hujjatlarini ishlab chiqishga ruxsat berilsin.

7. Loyihada energiya samaradorligi yuqori mahalliy qozonxonalar yoki xonadonlarga yakka tartibda ichki issiqlik ta’minoti tizimidan foydalanish nazarda tutilmagan yangi qurilayotgan ko‘p xonadonli uylar, shuningdek, tashkilotlar va idoralarning binolari bo‘yicha arxitektura-rejalashtirish topshiriqlariga rozilik berish qat’iyan taqiqlansin.

8. O‘zbekiston Respublikasi Davlat arxitektura va qurilish qo‘mitasi, “O‘zstandart” agentligi O‘zbekiston Respublikasi Xalqaro quyosh energiyasi instituti bilan birgalikda ikki oy muddatda mahalliy qozonxonalar, xonadonlarga yakka tartibda ichki issiqlik ta’minoti tizimi, quyosh kollektorlari bilan birga loyihalashtirilgan obyektlarning energiya samaradorligi bo‘yicha shaharsozlik normalari va qoidalarini, shuningdek, quyosh kollektorlarini tayyorlash, sinash va qo‘llash bo‘yicha davlat standartlarini ishlab chiqsin.

9. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2015-yil 5-maydagi “2015-2019-yillarda iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy sohada energiya sarfi hajmini qisqartirish, energiyani tejaydigan texnologiyalarni joriy etish chora-tadbirlari Dasturi to‘g‘risida”gi PQ-2343-sonli qarori bilan tuzilgan Respublika energiya samaradorligi va qayta tiklanuvchi energiya manbalarini rivojlantirish komissiyasi zimmasiga (A.N.Aripov) quyidagi vazifalar yuklansin:

Dasturni amalga oshirishni muvofiqlashtirish va monitoring qilish;

issiqlik ta’minoti tizimida energiya va resurslarni tejaydigan yangi texnologiyalar hamda uskunalarni joriy etish bo‘yicha, jumladan, qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalangan holda tavsiyanomalar ishlab chiqish;

O‘zbekiston Respublikasi Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari rahbarlarining Dastur amalga oshirilishi to‘g‘risidagi hisobotlarini har chorakda eshitib borish;

Dastur parametrlariga asosli o‘zgartish va aniqliklar kiritish.

10. O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi va Moliya vazirligi 2018-yildan boshlab har yili O‘zbekiston Respublikasining Investitsiya dasturini shakllantirishda O‘zbekiston Respublikasi Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklarining asoslangan hisob-kitoblari bo‘yicha Dasturni amalga oshirish uchun O‘zbekiston Respublikasining Davlat byudjeti hisobidan markazlashtirilgan kapital mablag‘lar limitlari ajratilishini nazarda tutsin.

11. O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda sanoat kooperatsiyasi asosida tayyor mahsulot, butlovchi buyumlar va materiallar ishlab chiqarishni mahalliylashtirish Dasturini ishlab chiqishda 2018-yilning 1-yanvaridan boshlab, O‘zbekiston Respublikasi hududida energiya samaradorligi yuqori mahalliy qozonxonalar, xonadonlarga yakka tartibda ichki issiqlik ta’minoti tizimlari ishlab chiqarishni tashkil qilishni nazarda tutsin.

12. O‘zbekiston Respublikasi Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi, “O‘ztransgaz” AK, “O‘zbekenergo” AJ, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari belgilangan tartibda, mansubligi bo‘yicha qurilayotgan mahalliy qozonxonalarga zarur muhandislik va kommunikatsiya tarmoqlari tortilishini, shunindek, tabiiy gaz, elektr energiyasi va sovuq suv uzluksiz berib turilishini ta’minlasinlar.

13. O‘zbekiston Respublikasi Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari, Favqulodda vaziyatlar vazirligi, “Sanoatgeokontexnazorat” DI, “O‘zdavneftgazinspeksiya” DI, “O‘zdavenergonazorat” DI bilan birgalikda mahalliy qozonxonalar, xonadonlarga yakka tartibda ichki issiqlik ta’minoti tizimlari o‘rnatilishi va foydalanishga qabul qilinishi ustidan doimiy nazoratni ta’minlasinlar.

14. Respublikamizda ishlab chiqarilmaydigan, Dasturni amalga oshirish doirasida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadigan ro‘yxatlar bo‘yicha olib kelinadigan uskunalar, butlovchi buyumlar va materiallar 2023-yilning 1-yanvariga qadar bojxona to‘lovlari to‘lashda (bojxonada rasmiylashtirish uchun yig‘imlardan tashqari) ozod qilinsin.

15. O‘zbekiston Respublikasi Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi Adliya vazirligi hamda boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan o‘zgartish va qo‘shimchalar to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

16. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi o‘rinbosari – “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisi A.J.Ramatov zimmasiga yuklansin.


O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti                               Sh.MIRZIYOYEV

Toshkent shahri, 2017-yil 20-aprel


* * *

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 
«2018-2022-yillarda issiqlik ta’minoti tizimini 
rivojlantirish dasturi to‘g‘risida» gi qaroriga

SHARH

Aholi hamda ijtimoiy soha obyektlari uchun qulay shart-sharoit yaratishda issiqlik va issiq suv ta’minoti bo‘yicha uzluksiz va sifatli xizmat ko‘rsatish eng muhim omillardan biri sanaladi.

Mamlakatimizda markazlashtirilgan issiqlik ta’minoti tizimi 1950-1970-yillarda ochiq suv taqsimoti hamda bino va inshootlarning isitish tizimlarini issiqlik tarmoqlariga ulash sxemasi asosida tashkil qilingan.

Montaj qilishda kam mablag‘ sarflanadigan, ammo foydalanishda katta miqdorda mablag‘ talab qiladigan bunday markazlashtirilgan issiqlik ta’minoti tizimlarining o‘ziga xosligi ichki isitish tizimi va issiqlik tarmoqlari quvurlarining xizmat qilish muddati qisqaligi, issiqlikni ishlab chiqarish, transportirovka va iste’mol qilishda ekspluatatsiya xarajatlarining yuqoriligi, tarmoqlar orqali suv uzatish va issiqlik quvvati ta’minotida belgilangan me’yordan ortiq mablag‘ sarflanishi bilan ifodalanadi.

Bugungi kunda qozonxona uskunalari va tarmoqlarning o‘ta eskirgani sababli, mavjud issiqlik ta’minoti tizimida issiqlik manbalaridan maqbul darajada foydlanishning imkoni bo‘lmayapti, bu esa issiqlik ta’minoti korxonalari faoliyatiga, iste’molchilarni issiqlik xizmati va issiq suv bilan ta’minlash sifatiga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda.

Markazlashtirilgan issiqlik ta’minotidan uzilgan ayrim ko‘p xonadonli uylar ko‘pincha sertifikatga ega bo‘lmagan va yong‘in xavfsizligi kafolatlanmagan gaz va elektr uskunalari bilan isitilmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «2018-2022-yillarda issiqlik ta’minoti tizimini rivojlantirish dasturi to‘g‘risida»gi qarori iste’molchilarga issiqlik energiyasi yetkazib berish sifatini oshirish va uzluksizligini ta’minlash, issiqlik ta’minoti tizimini zamonaviy tejamkor va kam energiya sarflaydigan texnologiyalarni joriy etish asosida yangilash va modernizatsiya qilish, yoqilg‘i-energetika resurslaridan samarali va oqilona foydalanishga doir chora-tadbirlarni izchil amalga oshirish maqsadida qabul qilindi.

Mazkur qaror bilan mamlakatimizda issiqlik ta’minoti tizimini yanada rivojlantirish bo‘yicha quyidagi ustuvor vazifalar belgilab berildi:

issiqlik ta’minoti tizimiga energiya va resurs tejaydigan yangi texnologiya va uskunalarni, jumladan, qayta tiklanadigan energiya manbalaridan foydalangan holda joriy etish;

ko‘p xonadonli uy-joy fondi, ijtimoiy va boshqa obyektlarning markazlashtirilmagan issiqlik ta’minoti tizimini energiya samaradorligi yuqori bo‘lgan mahalliy qozonxonalar qurish, shuningdek, xonadonlarga yakka tartibda ichki issiqlik ta’minot tizimini o‘rnatish orqali rivojlantirish;

jismoniy va ma’naviy eskirgan, tejamkor bo‘lmagan qozonxona agregatlarini, ishdan chiqqan magistral va taqsimlash issiqlik tarmoqlarini modernizatsiya va rekonstruksiya qilish, almashtirish;

energiya resurslari iste’moli va ishlab chiqarilishini me’yor bo‘yicha hisoblashni amalda qo‘llash, iste’molchilarni hamda issiqlik ta’minoti xizmatlarini hisoblash va to‘lovlarni amalga oshirishga avtomatlashtirilgan hisobga olish tizimini joriy qilish.

Qarorda 2018-2022-yillarda markaziy qozonxona, issiqlik tarmoqlari, mahalliy qozonxonalarni modernizatsiya va rekonstruksiya qilish, energiya samaradorligi yuqori bo‘lgan, jumladan, gelioqurilmalarni qo‘llash orqali mahalliy qozonxonalar qurish, xonadonlarga yakka tartibda ichki issiqlik ta’minoti tizimini o‘rnatish parametrlari, shuningdek, issiqlik ta’minoti tizimini rivojlantirishning kompleks chora-tadbirlari tasdiqlandi.

Ushbu qarorda Dasturning o‘z vaqtida va samarali amalga oshirilishi uchun O‘zbekiston Respublikasi Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari mas’ul etib, shuningdek, issiqlik ta’minoti xizmatlari ko‘rsatish (ishlab chiqarish, tashish, taqsimlash va iste’mol qilish)ning barcha bosqichlari inobatga olingan holda loyihalarni amalga oshirishga kompleks yondashuvni ko‘zda tutuvchi Issiqlik ta’minoti tizimini kompleks rivojlantirish va modernizatsiya qilish konsepsiyasini ishlab chiqish belgilandi.

Yuqorida qayd etilgan loyihalarni amalga oshirish uchun O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti, xususiy uy-joy mulkdorlari shirkatlarining o‘z mablag‘lari, tijorat banklari kreditlari, pudrat tashkilotlari mablag‘lari va O‘zbekiston Respublikasi Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligining Uy-joy kommunal xo‘jaligini rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan 1,7 trillion so‘m yo‘naltirish ko‘zda tutilgan.

Qarorda mahalliy qozonxonalar va xonadonlar ichidagi yakka tartibdagi issiqlik ta’minoti tizimining energiya samaradorligi bo‘yicha shaharsozlik me’yor va qoidalarini ishlab chiqish, bino va inshootlar loyihasida ularga quyosh kollektorlari o‘rnatishni nazarda tutish, shuningdek, quyosh kollektorlarini tayyorlash, sinovdan o‘tkazish va qo‘llashga doir davlat standartlarini ishlab chiqish belgilangan.

Shuningdek, 2018-yilning 1-yanvaridan boshlab mamlakatimizda energiya samaradorligi yuqori bo‘lgan mahalliy qozonxonalar, xonadonlarga yakka tartibda o‘rnatiladigan ichki issiqlik ta’minoti tizimlari ishlab chiqarishni tashkil qilish hamda ularni Sanoat kooperatsiyasi asosida tayyor mahsulotlar, butlovchi buyumlar va materiallar ishlab chiqarishni mahalliylashtirish dasturiga kiritish nazarda tutilgan.

Mazkur qarorning ijro etilishi:

birinchidan, shahar va tuman markazlarida issiqlik ta’minoti tizimini tubdan yaxshilash, aholi uchun ijtimoiy-maishiy qulay sharoitlar yaratish;

ikkinchidan, barcha toifadagi iste’molchilarni issiqlik energiyasi va issiq suv ta’minoti bilan ta’minlash;

uchinchidan, samaradorligi yuqori bo‘lgan qozonxona va nasos uskunalarini o‘rnatish, shuningdek, zamonaviy texnologiyalarni qo‘llash hisobidan tabiiy gaz va elektr energiyasini tejash imkonini beradi.

                o`zb   рус   eng
Bugun: 22.05.2019
Qidirish
© 2008 - 2019 O`zbekiston Respublikasi Prezidentining matbuot xizmati