Toshkent shahridagi xalqaro aeroportga O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimov nomini berish to‘g‘risida
04.05.2017
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 25 yanvardagi PQ-2744-sonli "O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Abdug‘aniyevich Karimovning xotirasini abadiylashtirish to‘g‘risida"gi qarorining bajarilishini ta’minlash hamda aeroport infratuzilmasi faoliyati samaradorligini yanada oshirish, shuningdek, Toshkent xalqaro aeroportida zamonaviy talablarga muvofiq yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatish sifatini tubdan yaxshilash maqsadida:

1. "Toshkent" xalqaro aeroporti" davlat unitar korxonasiga Islom Karimov nomi berilsin.

2. Toshkent xalqaro aeroporti infratuzilmasi faoliyati samaradorligini yanada oshirish hamda yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatish sifatini tubdan yaxshilashga doir kompleks chora-tadbirlar dasturining har tomonlama tayyorlanishini va asoslanishini ta’minlash maqsadida ilovaga muvofiq tarkibda Maxsus komissiya tashkil etilsin.

3. O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov "O‘zbekiston havo yo‘llari" milliy aviakompaniyasi, Davlat bojxona qo‘mitasi, O‘zbekiston Respublikasi Milliy xavfsizlik xizmatining Davlat chegaralarini himoya qiluvchi qo‘mitasi, O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi, Tashqi ishlar vazirligi, O‘zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi va Toshkent shahri hokimligi bilan birgalikda quyidagi ustuvor vazifalarning amalga oshirilishini ta’minlaydigan Kompleks chora-tadbirlar dasturini bir oy muddatda ishlab chiqsin va tasdiqlash uchun taqdim etsin:

rejim-qo‘riqlash chora-tadbirlari tizimlarini takomillashtirish, shuningdek, aeroportda zamonaviy, shu jumladan, axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish hisobiga yo‘lovchilarning bojxona, chegara va immigratsiya tartibotlaridan o‘tish vaqtini qisqartirish;

mavjud tarkibni tanqidiy tahlil qilish hamda bojxona, chegara va immigratsiya xizmatlari, ichki ishlar organlari va aeroportda xizmat ko‘rsatish infratuzilmasi xodimlari barcha toifalarini tanlashga nisbatan talabchanlikni oshirish, ular tomonidan xizmat vakolatlarining har qanday tarzda suiiste’mol qilinishining oldini olish va ularga barham berish;

poytaxtga va respublikaga keladigan yo‘lovchilar, mehmonlar va xorijiy delegatsiyalarga xizmat ko‘rsatishning yuqori darajasini ta’minlash, O‘zbekistonning bosh havo bandargohida o‘zbek xalqiga qadimdan xos bo‘lgan samimiy iltifot va mehmondo‘stlik muhitini yaratish;

zarur qulay shart-sharoitlarni yaratishni nazarda tutgan holda aeroportning tegishli infratuzilma xizmatlari faoliyati samaradorligini ta’minlash, yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatish va ularning bagaji bilan ishlashning texnologik jarayonini optimallashtirish;

kuzatib qoluvchilar va kutib oluvchilar uchun zarur shart-sharoitlar yaratish, maxsus ajratilgan hududda avtotransportlar to‘xtash joylarini tashkil etish, obodonlashtirish masalalarini kompleks hal etish;

aeroportning barcha xizmatlari faoliyati samaradorligi va sifatini oshirish, shuningdek, yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatishning yanada qulay shart-sharoitlarini yaratish uchun ilg‘or xorijiy tajribani o‘rganish va joriy etish.

4. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov zimmasiga yuklansin.


O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti                                                    Sh.MIRZIYOYEV

Toshkent shahri, 2017 yil 4 may

* * *


O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining
2017 yil 4 maydagi
PQ-2950-son qaroriga ilova


Toshkent xalqaro aeroporti infratuzilmasi faoliyati samaradorligini yanada oshirish hamda yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatish sifatini tubdan yaxshilash bo‘yicha Maxsus komissiya tarkibi

Aripov A.N. – O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri, Komissiya raisi

Ramatov A.J. – O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi o‘rinbosari, Komissiya raisining o‘rinbosari

Komissiya a’zolari:

Tyan V.N. – “O‘zbekiston havo yo‘llari” milliy aviakompaniyasining bosh direktori

Azizov A.A. – O‘zbekiston Respublikasi ichki ishlar vaziri

Komilov A.X. – O‘zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri

Xo‘jayev B.A. – O‘zbekiston Respublikasi moliya vaziri

G‘aniyev E.M. – O‘zbekiston Respublikasi tashqi savdo vaziri

Muratov M.M. – O‘zbekiston Respublikasi madaniyat vaziri

Eminjanov R.O. – O‘zbekiston Respublikasi Milliy xavfsizlik xizmati raisining o‘rinbosari – chegara qo‘shinlari qo‘mondoni

Toxiriy V.M. – Davlat bojxona qo‘mitasi raisi

Sharapov A.K. – O‘zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisi

Usmanov R.J. – Toshkent shahri hokimi

Maxkamov I.R. – O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi Kommunal soha, transport, kapital qurilish va qurilish industriyasi masalalari axborot-tahlil departamentining mudiri, komissiya kotibi

                o`zb   рус   eng
Bugun: 18.07.2019
Qidirish
© 2008 - 2019 O`zbekiston Respublikasi Prezidentining matbuot xizmati