Qadimiy yozma manbalarni saqlash, tadqiq va targ‘ib qilish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida
24.05.2017
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori

Mustaqillik yillarida xalqimizning qadimiy tarixi va boy madaniyatini tiklash, buyuk allomalarimiz, aziz-avliyolarimizning ilmiy, diniy va ma’naviy merosini har tomonlama chuqur o‘rganish va targ‘ib etish, muqaddas qadamjolarini obod qilish, yosh avlodni ularning ezgu an’analari ruhida tarbiyalash bo‘yicha ulkan ishlar amalga oshirildi va izchil davom ettirilmoqda.

Ayni vaqtda ma’naviy-ma’rifiy sohadagi islohotlar samarasini oshirish zarurati bu yo‘nalishdagi ishlarni sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarishni talab etmoqda. Bu borada nafaqat mamlakatimiz, balki jahon miqyosida g‘oyat noyob hisoblangan, YuNESKOning Butunjahon madaniy merosi ro‘yxatiga kiritilgan qo‘lyozmalar fondiga ega bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti, shuningdek, qadimiy yozma manbalar fondiga ega bo‘lgan muassasalar faoliyatini takomillashtirish muhim ahamiyat kasb etadi.

Ayniqsa, ushbu nufuzli ilmiy-tadqiqot muassasalari oldida qo‘lyozmalarni saqlash, ta’mirlash, mavjud fondlarni boyitib borish, tarixiy manbalar bilan ishlash uchun mahalliy va xorijiy tadqiqotchilarga qulay sharoitlar yaratish, tarixiy-madaniy merosimiz namunalarini har tomonlama chuqur o‘rganish, buyuk alloma va mutafakkirlarimizning jahon ilm-fani va sivilizatsiyasi rivojiga qo‘shgan beqiyos hissasini targ‘ib etish, shu asosda yurtdoshlarimiz, avvalo, yosh avlodimizni xalqimizning buyuk ma’naviy merosiga hurmat, ona yurtimizga mehr va sadoqat ruhida tarbiyalashga qaratilgan ishlarning natijadorligini tubdan oshirish bo‘yicha dolzarb vazifalar turganini alohida ta’kidlash lozim.

Ana shu vazifalarni samarali hal etish maqsadida:

1. O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Toshkent islom universitetining Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik institutini (keyingi o‘rinlarda Institut deb ataladi) qadimiy qo‘lyozmalar, tarixiy-madaniy ahamiyatga ega bo‘lgan zamonaviy yozma manbalarni saqlash, o‘rganish, ilmiy asosda tadqiq etish va targ‘ib qilish bo‘yicha mamlakatimizdagi yetakchi ilmiy-tadqiqot muassasasi etib belgilash to‘g‘risidagi taklifi ma’qullansin.

2. Quyidagilar Institutning asosiy vazifalari etib belgilansin:

Sharq qo‘lyozmalari fondini saqlash, ta’mirlash, boyitish va muayyan tizimga keltirish, arab yozuvidagi turli mavzularga oid yozma yodgorliklar va epigrafika namunalarini tadqiq qilish, ularni asl holida hamda o‘zbek va xorijiy tillarda ilmiy izohlar, tarjimalar bilan nashr etish, ilmiy muomalaga kiritish;

boy tarixiy, ilmiy, ma’naviy-intellektual merosimizni saqlash, ilmiy tahlil qilish, uning mazmun-mohiyati va ahamiyati haqida soha mutaxassislariga, tegishli ta’lim yo‘nalishlarida tahsil olayotgan o‘quvchi va talabalarga batafsil ma’lumot berib borish, buyuk alloma va mutafakkirlarimiz asarlarini dunyo hamjamiyati o‘rtasida keng targ‘ib etish, zamonaviy ilm-fan, ma’naviyat va amaliyot rivojida undan samarali foydalanish va kelgusi avlodlarga yetkazish;

aholida saqlanayotgan qadimiy noyob qo‘lyozmalar, chet el fondlaridagi mavjud asarlar nusxalarini ayirboshlash yoki olish hisobidan Institutning qo‘lyozma va yozma manbalar fondini boyitib borish;

o‘rta asrlarda hozirgi O‘rta Osiyo hududida yashab ijod qilgan alloma va mutafakkirlarning matematika, astronomiya, fizika kabi aniq fanlar, meditsina, kimyo, geografiya singari tabiiy fanlar, tarix, adabiyot, falsafa va boshqa ijtimoiy fanlar, islom dini va ilohiyotga oid merosini tadqiq qilishni kengaytirish va chuqurlashtirish;

matnshunoslik, adabiy manbashunoslik, tilshunoslik, falsafa, madaniyat tarixi sohalarida milliy madaniy merosimizning hali o‘rganilmagan ko‘pgina qatlamlarini ochib berishga yo‘naltirilgan ilmiy tadqiqotlarga alohida e’tibor qaratish;

Toshkent davlat sharqshunoslik instituti, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Toshkent islom universiteti kabi mazkur sohada faoliyat ko‘rsatadigan oliy ta’lim muassasalari bilan birgalikda qo‘lyozmalar bilan ishlash malakasiga ega bo‘lgan yosh mutaxassislarni reja asosida maqsadli tayyorlash va Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti ilmiy-tadqiqot faoliyatiga jalb qilish;

Toshkent davlat sharqshunoslik instituti, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Toshkent islom universiteti singari oliy ta’lim muassasalarining ixtisoslik kafedralari bitiruvchilari hisobidan Institutning kadrlar tarkibini yangilab borish, qo‘lyozmalar bilan ishlash ko‘nikmasiga ega bo‘lgan yosh kadrlar zaxirasini shakllantirish;

xorijiy Sharq mamlakatlari tarixi, rivojlanish bosqichlari, hozirgi kunda ushbu davlatlarda kechayotgan siyosiy, iqtisodiy va madaniy jarayonlarni ularning O‘zbekiston Respublikasi bilan ikki tomonlama va ko‘p tomonlama munosabatlari nuqtai nazaridan o‘rganish;

O‘zbekiston Respublikasining turli tashkilotlarida saqlanayotgan arab yozuvidagi qo‘lyozma asarlar, toshbosma kitoblar va tarixiy hujjatlarning saqlanish va ta’mirlanish holatini monitoring qilish va ularning elektron bazasini yaratish.

3. Quyidagilar Institut faoliyatini moliyalashtirishning asosiy manbalari etib belgilansin:

Institutni saqlash bilan bog‘liq xarajatlar uchun ajratiladigan byudjet mablag‘lari;

O‘zbekiston Respublikasi Fan va texnologiyalar agentligi tomonidan o‘tkaziladigan tanlovlarning natijalari bo‘yicha ajratiladigan grantlar, jumladan, maqsadli grantlar;

tadbirkorlik faoliyatidan, jumladan, noshirlik faoliyatidan tushadigan mablag‘lar, xalqaro moliyaviy institutlar, xorijiy tashkilotlar, donor mamlakatlar va tashkilotlarning grantlari, shuningdek, homiylik xayriyalari va qonun hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar.

4. O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi va Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasining mamlakatimizda turli manbalarda saqlanayotgan noyob va qimmatli qo‘lyozma asarlar, toshbosma kitoblar va tarixiy hujjatlarni aniqlash va tahlil qilish, shuningdek, aholida saqlanayotgan shunday kitoblarni sotib olish va Institutda jamlanilishini ta’minlash maqsadida ekspertlar guruhi hamda komissiya tuzish haqidagi takliflari ma’qullansin.

5. Quyidagilar:

O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti fondini aholida saqlanayotgan noyob qo‘lyozma, toshbosma kitoblar va tarixiy hujjatlar hisobiga boyitish bo‘yicha ekspertlar guruhi (keyingi o‘rinlarda Ekspertlar guruhi deb ataladi) tarkibi 1-ilovaga muvofiq;

Aholida saqlanayotgan qo‘lyozma, toshbosma kitoblar hamda tarixiy hujjatlarni baholash va sotib olish bo‘yicha komissiya (keyingi o‘rinlarda Komissiya deb ataladi) tarkibi 2-ilovaga muvofiq;

O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti fondidagi 2017-2021-yillarda nashr etilishi rejalashtirilayotgan qo‘lyozma asarlar ro‘yxati 3-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

6. Belgilab qo‘yilsinki:

aholida saqlanayotgan noyob qo‘lyozma, toshbosma kitoblar va tarixiy hujjatlar Ilmiy-texnik faoliyatni qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan Fan va texnologiyalar bo‘yicha Davlat komissiyasi (keyingi o‘rinlarda Davlat komissiyasi deb ataladi) tomonidan belgilangan tartibda tasdiqlanadigan Nizomga asosan xarid qilinadi;

Ekspertlar guruhi hamda Komissiyaning tegishli xulosalari, aholida saqlanayotgan, sotib olinishi rejalashtirilayotgan noyob qo‘lyozma, toshbosma kitoblar va tarixiy hujjatlar ro‘yxati, shuningdek, ularni xarid qilish bo‘yicha tavsiya etilgan narxlar Davlat komissiyasi tomonidan tasdiqlanishga asos bo‘ladi;

qadimiy yozma manbalar bilan ishlashning o‘ziga xos murakkab xususiyatlarini, bu ish yuqori ilmiy malaka va qo‘nikmalarni talab qilishini inobatga olib, Institutning qadimiy qo‘lyozmalarni restavratsiya qilish va saqlash bilan shug‘ullanuvchi xodimlarining oylik ish haqiga 30 foiz miqdorda qo‘shimcha ustama haq to‘lanadi.

7. O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi:

bir oy muddatda Ekspertlar guruhi va Komissiya to‘g‘risidagi nizomlarni ishlab chiqsin va tasdiqlasin;

ikki oy muddatda Institut faoliyatini takomillashtirishga oid aniq chora-tadbirlar ishlab chiqsin va tasdiqlasin.

8. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Institutda saqlanayotgan qadimiy qo‘lyozmalar eng zamonaviy xalqaro standartlarga muvofiq saqlanishi va bosqichma-bosqich restavratsiya qilinishini ta’minlash uchun 2017-yilda O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjetidan ijtimoiy sohaga ajratilgan mablag‘lar doirasida mablag‘ ajratsin, 2018-yildan boshlab ana shu ishlar uchun zarur mablag‘ni O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti parametrlarida nazarda tutsin.

9. O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining Institutdagi foto va restavratsiya laboratoriyalarini zamonaviy yuqori texnologik asbob-uskunalar bilan jihozlash hamda Institutda Sharq qo‘lyozmalari muzeyini tashkil etish to‘g‘risidagi taklifi ma’qullansin.

10. Belgilab qo‘yilsinki:

Institut fondida saqlanayotgan qadimiy qo‘lyozmalarni bosqichma-bosqich restavratsiya qilish uchun zarur reaktivlar va sarflanuvchi materiallarni sotib olish hamda Institutning foto va restavratsiya laboratoriyalarini zamonaviy yuqori texnologik asbob-uskunalar bilan jihozlash uchun mablag‘lar Ilmiy-texnik faoliyatni qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamg‘armasi hisobidan o‘rnatilgan tartibda ajratiladi;

Institutda Sharq qo‘lyozmalari muzeyini tashkil etish va uni jihozlash bilan bog‘liq xarajatlar O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi va Institutning byudjetdan tashqari mablag‘lari hisobidan qoplanadi.

11. Davlat komissiyasi Institutda noyob qo‘lyozma asarlarni o‘rganish bo‘yicha ishlarni tashkil etish uchun ilmiy jihatdan asoslangan tadqiqotlarga har yillik davlat buyurtmasi o‘rnatilgan tartibda tasdiqlanishini ta’minlasin.

O‘zbekiston Respublikasi Fan va texnologiyalar agentligi Davlat komissiyasi tomonidan har yili tasdiqlanadigan davlat buyurtmasida belgilangan ilmiy tadqiqotlarga davlat ilmiy-texnika dasturlari doirasidagi ilmiy-texnik loyihalarga ajratiladigan byudjet mablag‘lari hisobidan maqsadli grantlar ajratilishini ta’minlasin.

12. O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Fan va texnologiyalar agentligi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi hamda boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda o‘zlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlar ushbu qarorga muvofiqlashtirilishini ta’minlasin.

13. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.Aripov va O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat maslahatchisi A.Yunusxodjayev zimmasiga yuklansin.


O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti                                Sh.MIRZIYOYEV

Toshkent shahri, 2017-yil 24-may


* * *

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 
“Qadimiy yozma manbalarni saqlash, tadqiq 
va targ‘ib qilish tizimini yanada takomillashtirish 
chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga

SHARH

Mustaqillikning dastlabki yillaridan boshlab ko‘p asrlik madaniy va ilmiy yutuqlarimiz aks etgan yozma yodgorliklarni saqlash, o‘rganish va targ‘ib qilishga katta e’tibor berilmoqda.

O‘zbekistonda asrlar davomida Markaziy Osiyo bo‘yicha eng boy qo‘lyozma meros jamlangan bo‘lib, uning salmoqli qismi O‘zbekiston Fanlar akademiyasining Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik institutida saqlanadi. Har biri ulkan ma’naviy obida, madaniyat durdonasi bo‘lgan bu qo‘lyozmalar fondi jahon miqyosida beqiyos ahamiyatga ega bo‘lgan bebaho xazinadir. Mazkur fond 2000-yilda noyob ilmiy va madaniy obyektlardan biri sifatida YuNESKOning Butunjahon madaniy merosi ro‘yxatiga kiritilgan. Institutning qo‘lyozmalar fondi oltita alohida bo‘limdan tashkil topgan bo‘lib, arab, fors, eski o‘zbek tili va boshqa sharq tillarida bitilgan 26 ming jild qo‘lyozma, 39 ming jild toshbosma kitoblar va 10 mingga yaqin tarixiy hujjatlardan tashkil topgan.

Mazkur ilm dargohida nafaqat ilmiy-tadqiqot ishlari, balki qo‘lyozmalarni saqlash, ta’mirlash, fondni boyitib borish, shuningdek, mahalliy va xorijiy tadqiqotchilarga manbalar bilan ishlashlari uchun zarur shart-sharoitlar yaratish kabi keng qamrovli ishlar olib boriladi.

Milliy o‘zlikni anglash, tarixiy xotira davomiyligini ta’minlash, ulkan yozma merosni asrab-avaylash, boyitib borish va tadqiq qilish hamda madaniy va ma’naviy qadriyatlarni ommalashtirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Qadimiy yozma manbalarni saqlash, tadqiq va targ‘ib qilish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.

Ushbu qaror yosh avlodni vatanparvarlik va boy tariximizga chuqur hurmat ruhida tarbiyalash hamda O‘zbekistonning jahon ilm-fani va madaniyati rivojiga ulkan hissa qo‘shgan mamlakat sifatidagi xalqaro obro‘-e’tiborini yanada mustahkamlash, boy yozma merosimizni saqlash, o‘rganish va keng targ‘ib qilish ishlarini yangi sifat bosqichiga ko‘tarishga yo‘naltirilgan.

Mazkur qaror bilan O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining Sharqshunoslik instituti qadimiy qo‘lyozmalar, tarixiy-madaniy ahamiyatga ega bo‘lgan boshqa yozma manbalarni saqlash, o‘rganish, ilmiy asosda tadqiq etish va targ‘ib qilish bo‘yicha mamlakatimizdagi yetakchi ilmiy-tadqiqot muassasasi etib belgilangani uning dunyodagi yetakchi sharqshunoslik markazlaridan biri sifatidagi mavqeini mustahkamlaydi. Shu bilan birga, qarorda Institutning ilmiy va tashkiliy faoliyatini takomillashtirishga qaratilgan qator chora-tadbirlar ko‘zda tutilgan. Jumladan, zamonaviy talablar asosida Institutning asosiy vazifa va faoliyatining ustuvor yo‘nalishlari belgilab berilgan. Ulardan biri institut fondlarini saqlash va aholi qo‘lida saqlanayotgan qo‘lyozma va boshqa yozma yodgorliklarni xarid qilish hisobidan boyitishni nazarda tutadi. Shu maqsadda yozma yodgorliklarni to‘plash, baholash va sotib olish bilan shug‘ullanadigan ekspertlar guruhi va maxsus komissiya tuzilmoqda.

Shuningdek, O‘rta asrlarda Markaziy Osiyo hududidan yetishib chiqqan alloma va mutafakkirlarning ilm-fanning aniq, tabiiy, gumanitar sohalari va islom ilmlari bo‘yicha yaratgan asarlari tadqiqini kengaytirish va chuqurlashtirish hamda ularni asl matn va ilmiy izohli tarjima shaklida nashr etib, ta’lim-tarbiya jarayoniga joriy etish va ilmiy muomalaga kiritish ishlariga alohida urg‘u berilgan.

Shu bilan birga, qarorda institutning turdosh oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlikda qo‘lyozma manbalar bilan ishlash malakasiga ega yosh kadrlarni tayyorlash ishiga alohida e’tibor qaratilgan.

Qarorda Institutning xorijiy Sharq mamlakatlari tarixi, rivojlanish bosqichlari, hozirgi kunda ushbu davlatlarda kechayotgan siyosiy, iqtisodiy va madaniy jarayonlarni ularning O‘zbekiston Respublikasi bilan ikki tomonlama va ko‘p tomonlama munosabatlari nuqtai nazaridan o‘rganish borasidagi ilmiy tadqiqotlar ko‘lamini yanada kengaytirish borasidagi vazifalar aniq belgilab berilgan.

Dunyo miqyosida qo‘lyozmalarni saqlash va restavratsiya qilishga bo‘lgan e’tiborning tobora ortib borayotganini hisobga oladigan bo‘lsak, qarorda Institutning foto va restavratsiya laboratoriyalari moddiy-texnik bazasini mustahkamlash ko‘zda tutilgani alohida ahamiyat kasb etadi. Bu boradagi ishlarning samarali yo‘lga qo‘yilishi qo‘lyozmalarning umrini uzaytirish va ushbu laboratoriyalarni O‘zbekistondagi boshqa mavjud fondlar uchun namunaviy peshqadam restavratsiya maydoniga aylantirish imkonini beradi. Bundan tashqari, qadimiy yozma manbalar bilan ishlashning o‘ziga xos murakkab xususiyatlarini, bu ish yuqori ilmiy malaka va ko‘nikmalarni talab qilishini inobatga olib, Institutning qadimiy qo‘lyozmalarni restavratsiya qilish va saqlash bilan shug‘ullanuvchi xodimlarini moliyaviy rag‘batlantirish choralari ham belgilangan.

Qarorda o‘z yechimini topgan muhim masalalardan yana biri – bu boy va turfa yozma merosimizni namoyish etish maqsadida Institutning Sharq qo‘lyozmalari muzeyini yaratishdir. Muzeyda qo‘lyozmalar fondida mavjud kolleksiyalarning eng yorqin namunalari namoyish etiladi.

Ushbu qaror davlatimiz tomonidan ilm-fanning rolini kuchaytirish, mamlakatning intellektual salohiyatini mustahkamlash, akademik institutlarning moddiy-texnika bazasini yaxshilash hamda tarixiy va madaniy yodgorliklarni tizimli va ilmiy asosda saqlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan kompleks chora-tadbirlarning mantiqiy davomi bo‘lib, u barchamizni boy ma’naviy merosimizni ko‘z qorachig‘idek asrash, uni bugungi va kelajak avlodlar uchun xizmat qildirishga da’vat etadi.  

                o`zb   рус   eng
Bugun: 12.11.2019
Qidirish
© 2008 - 2019 O`zbekiston Respublikasi Prezidentining matbuot xizmati