IQTISODIYOT
IQTISODIYOT

ЭКОНОМИКА

Yanvar. Angrenda "Angren" ko‘mir havzasining "Navgarzon" uchastkasida qurilgan yangi shaxta ko‘mir qazib chiqara boshladi. 

Yanvar. Namangan viloyatining Kosonsoy shahrida "Kosonsoy-tekmen" o‘zbek-turk to‘qimachilik qo‘shma korxonasi qurilishi nihoyasiga yetdi. Korxonada qo‘y juni qayta ishlanadi, undan junli kamvol gazmollar, adyollar, shuningdek, trikotaj kalavasi va gilam to‘qish uchun xom ashyo ishlab chiqariladi. Tayyor mahsulotning dastlabki tajriba namunalari - kostyumbop gazlama va palto tikish uchun ancha qalin drap matosi ishlab chiqariladi.

 
17 fevral. Gamburgda O‘zbekiston iqtisodiyot kunlari boshlandi. Unda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining davlat maslahatchisi V.Golishev boshchiligidagi delegatsiya vakillari ishtirok etdi. 

23 fevral. O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar vazirligining Respublika savdo-ko‘rgazma markazi "O‘zekspomarkaz" Xalqaro marketing va sifat assotsiatsiyasining oliy mukofoti "Xalqaro oltin va kumush sifat sovrini - 1999"ga sazovor bo‘ldi. Ko‘plab xorijiy sheriklar bilan samarali munosabatlarni yo‘lga qo‘yishda ko‘rsatgan yordami, zimmasiga olgan majburiyatlarini sifatli ijro etgani va oliy darajada ko‘rgazma xizmati ko‘rsatganligi uchun "O‘zekspomarkaz" ana shunday mukofot bilan taqdirlandi. 

11 mart. Toshkentda Xalqaro "Sog‘lom avlod uchun" mehr-muruvvat jamg‘armasida O‘zbekistonga Yaponiya hukumati tomonidan berilgan ikki grant-shartnomani imzolash marosimi bo‘ldi. Ularni Yaponiyaning O‘zbekistondagi Favqulodda va Muxtor Elchisi Koichi Obata imzoladi va oluvchilarga taqdim etdi. 69 ming AQSH dollari miqdoridagi grant Namangan viloyatidagi "Chortoq" bolalar sihatgohiga berildi. 60 ming AQSH dollari miqdoridagi ikkinchi grant Ohangaron o‘rmon xo‘jaligida daraxt ko‘chatlari o‘tqazish uchun xalqaro nohukumat "Ekoo‘rmon" jamiyatiga ajratildi. 

23 mart. Poytaxt "O‘zekspomarkaz"ida o‘zbek tovar ishlab chiqaruvchilarning eksportga mo‘ljallangan tovarlarining O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan ko‘rgazma-taqdimoti bo‘ldi. Ko‘rgazmada mamlakatning barcha qismlaridan yuzdan ortiq korxona o‘z mahsulotlarini namoyish etdi. 

Mart. Namangan viloyati To‘raqo‘rg‘on tumanidagi Naymancha qishlog‘ida qand ishlab chiqaruvchi mini-zavod ishga tushirildi. U yiliga 600 tonna mahsulot ishlab chiqaradi. 

Mart. Andijonda tozalangan paxta yog‘i ishlab chiqaradigan "Andijon Flarua, Oyl Kompani" O‘zbekiston-Amerika-Belgiya qo‘shma korxonasi ishga tushirildi. Yangi korxonada Germaniya "Kirkfeld" kompaniyasining ishlab chiqarish liniyasi o‘rnatilgan bo‘lib, u yiliga 12,4 ming tonna yog‘ ishlab chiqaradi. 

2 aprel. Yangi xalqaro Toshkent-Kiyev-Nyu-York havo yo‘li bo‘yicha "Boing"ning birinchi parvozi bo‘lib o‘tdi. Bu havo yo‘liga "O‘zbekiston havo yo‘llari" va "Ukraina avialiniyalari" avikompaniyalari xizmat ko‘rsata boshladi. 

5 aprel. Andijon lak va qurilish bo‘yoqlari ishlab chiqaradigan "O‘zDongju Peynt kompani" O‘zbekiston-Koreya qo‘shma korxonasining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. 

17 aprel. Angrenda kaolinni boyitish bo‘yicha "Kaolin" o‘zbek-german qo‘shma korxonasi ishga tushirildi. 

20 aprel. Toshkentda "Chexiya respublikasi - sizning savdo hamkoringiz" ko‘rgazmasi ochildi. Bu yerda Chexiyaning avtomobilsizlik, to‘qimachilik, oziq-ovqat, mashinasozlik sanoati va boshqa sohalari korxonalari, shuningdek, O‘zbekiston-Chexiya qo‘shma korxonalarida ishlab chiqarilgan mahsulotlarning namunalari namoyish etildi. 

11 may. Toshkentda "Osiyo - Yevropa transport ko‘prigini rivojlantirish muammolari" mavzuida Xalqaro konferensiya o‘z ishini boshladi. Konferensiyada transport-kommunikatsiya-bojxona ma’muriyatlari boshliqlari, Osiyo va Yevropaning 20 dan ortiq davlatlari yirik biznes vakillari, shuningdek, O‘zbekiston a’zo bo‘lgan xalqaro tashkilotlari ishtirok etdi. 

Konferensiya doirasida O‘zbekiston transport majmuining hozirgi holatini aks ettiruvchi ko‘rgazma tashkil etildi. Uning maqsadi transport yo‘llari va xalqaro savdoni rivojlantirishga qo‘shimcha investitsiyalar jalb qilishdan iborat edi. 

Konferensiya yakunida ishtirokchilar umumiy muammolarni muhokama qilish natijalari haqidagi Memorandumni, shuningdek, Yevro-Osiyo qit’asidagi barcha mamlakatlarga transport siyosatini ishlab chiqish uchun asos bo‘lib xizmat qiluvchi tavsiyalarni imzoladilar. 

11-16 sentyabr. Toshkentda birinchi Xalqaro matbaa ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tdi. Ko‘rgazmada Rossiya, AQSH, Germaniya, Gollandiya, Finlyandiya, Shveytsariya, Italiya, Belgiya, Avstriya, Yaponiya, Angliya kabi mamlakatlarning matbaa sohasidagi yutuqlari namoyish etildi. 

Ko‘rgazma doirasida O‘zbekiston matbaa tarmog‘ini rivojlantirish tamoyillari va istiqbollariga bag‘ishlangan maxsus anjuman o‘tkazildi, ishtirokchi mamlakatlar o‘rtasidagi hamkorlik yo‘llari va shart-sharoitlari ko‘rib chiqildi. 

21-25 oktyabr. Toshkentda "EKSPO Italiya-99" ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tdi. Unda Italiyaning 120 dan ortiq firmalari o‘z mahsulotlarini O‘zbekistonda birinchi marta namoyish qildi. 

Oktyabr. Namangan viloyatining To‘raqo‘rg‘on tumanida yangi paxta tozalash zavodi ishga tushirildi. 

1 dekabr. Toshkentda "KabulO‘zbek K" O‘zbekiston-Janubiy Koreya to‘qimachilik qo‘shma korxonasi ishlab chiqarish majmuining rasmiy ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov qatnashdi. 

Dekabr. Frankfurt-na-Maynda (GFR) o‘zbek-german iqtisodiy simpoziumi bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat maslahatchisi V.Golishev boshchiligidagi O‘zbekiston delegatsiyasi va GFR yetakchi kompaniyalari, moliya muassasalari, vazirliklari va idoralarining 200 dan ortiq vakillari ishtirok etdi. 

Simpoziumni o‘tkazish dasturi doirasida o‘zbek-german iqtisodiy anjumanining birinchi kengaytirilgan majlisi bo‘ldi, unda "Simens", "Tissen-Krupp", "Daymler-Krayserler" nemis kompaniyalari va Germaniyaning bir qator banklari ishtirok etdi.

                o`zb   рус   eng
Bugun: 17.08.2019
Qidirish
© 2008 - 2019 O`zbekiston Respublikasi Prezidentining matbuot xizmati