IJTIMOIY HAYOT

16 yanvar. Oqsaroyda Prezident Islom Karimov raisligida O’zbekiston Bolalar sportini rivojlantirish jamg’armasi Homiylik kengashining navbatdagi yig’ilishi bo’lib o’tdi
Mamlakatimiz rahbari mazkur yig’ilishdan maqsad o’tgan yil mobaynida O’zbekiston Bolalar sportini rivojlantirish jamg’armasi tomonidan amalga oshirilgan ishlarni atroflicha tahlil etishdan iborat ekanini ta’kidladi.
Bolalar sporti sohasidagi aniq maqsadga yo’naltirilgan ishlar farzandlarimizni sport bilan muntazam shug’ullanishga jalb qilish imkonini bermoqda. Bu esa jismoniy va ma’naviy jihatdan sog’lom avlodni tarbiyalashga xizmat qilmoqda. 
- Sport – sog’lom avlod, sog’lom kelajak deganidir. Binobarin, faqat sog’lom xalq, sog’lom millatgina buyuk ishlarga qodir bo’ladi, – dedi Prezidentimiz.

13 fevral. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2008 yilda respublikani ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yakunlari va 2009 yilda iqtisodiyotni barqaror rivojlantirishning eng muhim ustuvor vazifalariga bag‘ishlangan majlisi bo‘lib o‘tdi.
Majlisda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov ma’ruza qildi.
Davlat rahbarining ma’ruzasida mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturi izchil amalga oshirilishi natijasida iqtisodiy o‘sishning yuqori, barqaror va muvozanatlashgan sur’atlari va makroiqtisodiy barqarorlik tendensiyalari mustahkamlanayotgani, iqtisodiyot tarkibini tubdan o‘zgartirish, uni diversifikatsiyalash va modernizatsiya qilish, aholi bandligi va faravonligini oshirish bo‘yicha uzoq muddatli masalalarni hal etishda ijobiy siljishlar ta’minlanlanayotgani alohida ta’kidlandi.

2 iyul. O’zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov joylarda ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarning borishi, amalga oshirilayotgan bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlari bilan tanishish maqsadida Namangan viloyatida bo’ldi.
Islom Karimov fermerlik harakatining istiqboli haqida so’z yuritar ekan, fermerlar nainki iqtisodiy, ijtimoiy, balki siyosiy hayotimizning tayanchiga aylanib borayotganini ta’kidladi.
– Fermer faoliyati faqat g’alla yoki paxta yetishtirish bilan cheklanib qolmasligi kerak, – dedi mamlakatimiz rahbari. – Fermer o’zi yetishtirgan mahsulotni o’zi qayta ishlashni yo’lga qo’yishi, shu orqali qishloqqa sanoatni olib kirishi va pirovardida aholi farovonligini oshirishga xizmat qilishi kerak. Jumladan, chorvachilik serdaromad sohalardan biri. Bu sohani rivojlantirish, chorva mahsulotlarini qayta ishlash orqali daromadni bir necha hissa orttirish mumkin. Bu nafaqat ichki bozor talablarini qondirish, balki mamlakatimizning eksport salohiyatini yanada oshirish imkonini ham beradi.

25 avgust. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov joylarda ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarning borishi, amalga oshirilayotgan bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlari bilan tanishish maqsadida Surxondaryo viloyatida bo‘ldi. Davlat rahbari Termiz Davlat universiteti yangi binosiga, Hakim Termiziy me’moriy majmuasiga va “Asadbek Davlatov” fermer xo‘jaligi dalalariga tashrif buyurdi.

26 avgust. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov qadimiy va hamisha navqiron Samarqand shahrida “Sharq taronalari” yettinchi xalqaro musiqa festivali ochilishi marosimida ishtirok etdi. Davlat rahbari “Sharq taronalari” xalqaro musiqa festivali ishtirokchilari va mehmonlarini qutladi va ularga yangidan-yangi ijodiy yutuqlar, festival ishiga muvaffaqiyat tiladi.

28 avgust. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov Toshkent shahri markazida qad rostlagan “O‘zbekiston” xalqaro anjumanlar saroyi bilan tanishdi. Davlatimiz rahbari saroyning tarxi, dizayni, yoritish tizimini yuqori baholadi. Saroy foyesida ranglar mutanosibligini ta’minlash, tomoshabinlar uchun qo‘shimcha qulayliklar yaratish, bino atrofida obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish ishlarini yanada kengaytirish va takomillashtirish yuzasidan zarur tavsiyalar berdi.

1 sentabr. “O’zbekiston” xalqaro anjumanlar saroyida Toshkent shahrining 2200 yilligiga bag’ishlangan tantanali majlis bo’lib o’tdi. Unda O’zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov ishtirok etdi.
Prezidentimiz tantana qatnashchilarini, butun xalqimizni Toshkent shahrining 2200 yillik bayrami bilan qutlar ekan, mustaqillik biz uchun o’zligimizni anglash, huquqiy demokratik davlat, erkin va farovon hayot barpo etish uchun ulkan imkoniyatlar ochib berganini qayd etdi. Milliy davlatchiligimiz tarixida va ijtimoiy-siyosiy hayotimizda poytaxtimiz alohida o’ringa va beqiyos ahamiyatga ega ekanini ta’kidladi.
Davlatimiz rahbari Islom Karimovning 2009 yil 20 avgustdagi farmoniga binoan, yurtimizda milliy davlatchilikni shakllantirish, mustaqil huquqiy demokratik davlat va fuqarolik jamiyati barpo etish, tinchlik va barqarorlikni mustahkamlash, davlatlararo hamkorlik, xalqlar o’rtasidagi do’stlik munosabatlarini rivojlantirishga qo’shgan katta hissasi, ezgu an’analarni saqlash, madaniy, ma’naviy-ma’rifiy hayotimizni yuksaltirish, yosh avlodni Vatanga muhabbat, milliy va umumbashariy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalash borasidagi ulkan xizmatlari uchun hamda 2200 yillik yubileyi munosabati bilan Toshkent shahri «Mustaqillik» ordeni bilan mukofotlandi.
Prezidentimiz Islom Karimov ushbu yuksak mukofot – “Mustaqillik” ordenini topshirdi.

16 oktabr. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov joylarda amalga oshirilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy sohadagi islohotlarning borishi, bunyodkorlik ishlari, keng qamrovli o‘zgarishlar bilan tanishish maqsadida Farg‘ona viloyatiga tashrif buyurdi. Prezidentimiz Farg‘ona shahrida barpo etilgan Toshkent axborot texnologiyalari universiteti Farg‘ona filialining yangi binosini borib ko‘rdi. Prezidentimiz Oxunboboyev tumanidagi “Sherzodbek” fermer xo‘jaligida bo‘lib, fermerlar bilan qishloq xo‘jaligi sohasida amalga oshirilayotgan islohotlarning borishi, paxtachilik sohasida erishilayotgan yutuqlar, qishloq aholisining turmushi haqida suhbatlashdi. Davlatimiz rahbari Qo‘qon shahrida yangi barpo etilgan Dehqon bozorini ko‘zdan kechirdi, O‘rdada bo‘lib, bu yerda amalga oshirilgan ta’mirlash va obodonlashtirish ishlari bilan tanishdi.


                o`zb   рус   eng
Bugun: 20.07.2019
Qidirish
© 2008 - 2019 O`zbekiston Respublikasi Prezidentining matbuot xizmati