Oqsaroyda qabul
19.04.2012
Oqsaroyda qabul O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov 19-aprel kuni Oqsaroyda “Lukoyl neft kompaniyasi” ochiq aksiyadorlik jamiyati prezidenti Vagit Alekperovni qabul qildi.

Uchrashuvda “Lukoyl NK” OAJning O‘zbekistondagi qator sarmoyaviy bloklarda geologiya-razvedka ishlarini bajarish va uglevodorod konlarini o‘zlashtirish sohasidagi faoliyati, shuningdek, Buxoro viloyatida gazni qayta ishlaydigan yangi zavod qurilishining borishi muhokama qilindi.

Prezident Islom Karimov “Lukoyl” OAJ geologiya-razvedka ishlarini samarali amalga oshirgani tufayli Qandim guruhi va Xavzak-Shodi konlarida, Hisor mintaqasi hududi va Qo‘ng‘irot uchastkasida, shuningdek, Sarmoyadorlar konsorsiumi tarkibida Orol dengizining O‘zbekistonga qarashli qismida uglevodorod zaxiralari hajmini oshirishni ta’minlash imkoniga ega bo‘lganini ta’kidladi.

Uchrashuvda qayd etilganidek, “Lukoyl” OAJning uchta investitsion loyiha bo‘yicha O‘zbekiston neft-gaz majmuiga kiritgan to‘g‘ridan-to‘g‘ri sarmoyasi hajmi 2 milliard AQSh dollaridan oshdi. Umuman, “Lukoyl” kompaniyasi ishtirokidagi barcha loyihalarni ijro etish davrida 5 milliard dollardan ziyod sarmoya jalb etish rejalashtirilmoqda. O‘zbekiston uglevodorod xomashyosini chuqur qayta ishlash va yuqori qo‘shimcha qiymatga ega mahsulot ishlab chiqarish sohasida hamkorlikni rivojlantirishdan manfaatdor ekani ta’kidlandi.

V.Alekperov samimiy qabul va “Lukoyl” OAJning O‘zbekiston neft-gaz sohasidagi faoliyati natijalariga berilgan yuksak baho, shuningdek, o‘zaro manfaatli yirik loyihalarni amalga oshirish mobaynida yaratilgan qulay shart-sharoit uchun davlatimiz rahbariga minnatdorlik bildirdi. Mehmon o‘zi rahbarlik qilayotgan kompaniya o‘zbekistonlik sheriklar bilan uzoq muddatli va samarali hamkorlikni davom ettirishga tayyor ekanini alohida qayd etdi.


                o`zb   рус   eng
Bugun: 07.12.2019
Qidirish
© 2008 - 2019 O`zbekiston Respublikasi Prezidentining matbuot xizmati