Oqsaroyda qabul
28.02.2012
Oqsaroyda qabul O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov 28 fevral kuni Oqsaroyda Buyuk Britaniya parlamenti deputati, mudofaa vaziri Filipp Hammondni qabul qildi.

Davlatimiz rahbari ushbu uchrashuv O‘zbekiston-Buyuk Britaniya munosabatlarining bugungi holati, hamkorlikning istiqboldagi ustuvor yo‘nalishlari yuzasidan atroflicha fikr almashish va mintaqamizdagi vaziyat bilan yaqindan tanishish uchun yaxshi imkoniyat ekanini ta’kidladi.

O‘zbekiston Buyuk Britaniyaga jahonning ulkan siyosiy, iqtisodiy va gumanitar salohiyatga, qadimiy boy tarix va madaniyatga ega yetakchi mamlakatlaridan biri sifatida qaraydi.

Ikki tomonlama munosabatlarni rivojlantirishga pragmatik yondashuv turli darajadagi muloqotlarni chuqurlashtirish va faollashtirishning keng istiqbollarini belgilash, o‘zaro aloqalarni mustahkamlash va shu orqali hamkorlikni rivojlantirish uchun ishonchli zamin va sharoit yaratish imkonini beradi.

Bugungi kunda mamlakatlarimiz xalqaro maydonda teng huquqlilik va o‘zaro manfaatdorlik asosida hamkorlik qilib kelmoqda. Parlamentlararo aloqalar, tashqi siyosat mahkamalari o‘rtasidagi maslahatlashuvlar, vazirlik va idoralar darajasidagi qo‘shma sa’y-harakatlar muntazamlik kasb etgan va institutsional asosga ega.

Buyuk Britaniya O‘zbekistonning Yevropadagi muhim iqtisodiy hamkorlaridan biridir. Mamlakatimizda Buyuk Britaniya sarmoyasi ishtirokida tuzilgan 419 korxona muvaffaqiyatli faoliyat ko‘rsatmoqda, 95 kompaniyasining vakolatxonalari ro‘yxatdan o‘tkazilgan. Bugungi kunda yuksak texnologiyalardan foydalangan holda qo‘shma iqtisodiy loyihalarni amalga oshirishdan ikki tomon ham manfaatdor.

Madaniy-gumanitar yo‘nalishdagi, birinchi navbatda, ta’lim sohasidagi hamkorlik aloqalari izchil rivojlanmoqda. Toshkentdagi Xalqaro Vestminster universiteti mamlakatimizning kadrlar salohiyatini mustahkamlashda muhim o‘rin tutmoqda. Kembrij universiteti bilan hamkorlikda poytaxtimizda Yuqori texnologiyalar markazini tashkil etish ishlari olib borilmoqda.

Muloqot chog‘ida mintaqaviy xavfsizlik va barqarorlikni ta’minlash, Afg‘onistondagi vaziyatni barqarorlashtirish masalalari, ikki tomonlama harbiy va harbiy-texnikaviy hamkorlikni rivojlantirish imkoniyatlari muhokama etildi.

F.Hammond O‘zbekiston Prezidentiga samimiy qabul hamda O‘zbekiston bilan Buyuk Britaniya o‘rtasidagi hamkorlikning ikki tomon ham birdek manfaatdor bo‘lgan yangi yo‘nalishlari yuzasidan samimiy va ochiq muhokama uchun chuqur minnatdorlik izhor etdi.


                o`zb   рус   eng
Bugun: 07.12.2019
Qidirish
© 2008 - 2019 O`zbekiston Respublikasi Prezidentining matbuot xizmati