Oqsaroyda qabul
17.02.2012
Oqsaroyda qabul O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov 17 fevral kuni Oqsaroyda Fransiya Respublikasi transport vaziri, ushbu mamlakat Prezidentining maxsus vakili Tyerri Marianini qabul qildi.

Suhbat avvalida vazir T.Mariani davlatimiz rahbariga Fransiya Prezidenti Nikolya Sarkozining O‘zbekiston bilan Fransiya o‘rtasida diplomatiya munosabatlari o‘rnatilganining 20 yilligi munosabati bilan qutlov maktubini taqdim etdi.

O‘zbekiston Prezidenti tabrik uchun samimiy minnatdorlik izhor etdi va Fransiya rahbariga ezgu tilaklar bildirdi. Mamlakatimizda Fransiyaga o‘zaro hamkorligimiz chuqur tarixiy ildizlarga ega bo‘lgan va bugungi kunda ham turli darajada muvaffaqiyatli rivojlanayotgan uzoq muddatli va ishonchli hamkor sifatida qaralishi ta’kidlandi.

Davlatlararo muntazam muloqotlar xalqlarimiz o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlashga, keng ko‘lamli O‘zbekiston-Fransiya aloqalarini o‘zaro manfaatli barcha sohalarda yanada kengaytirishga xizmat qilmoqda.

O‘zbekiston va Fransiya BMT hamda boshqa xalqaro tashkilotlar doirasida yaqin hamkorlik qilib kelmoqda. Tinchlik va barqarorlikni mustahkamlash, zamonaviy xavf-xatar va tahdidlarga qarshi kurashish borasida ikki davlatning yondashuv va qarashlari yaqin va o‘xshashdir.

Fransiya – mamlakatimizning Yevropadagi muhim savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy sheriklaridandir. 2011 yilda o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi 350 million AQSH dollaridan oshdi.

“Eyrbas” kompaniyasi bilan o‘nta “A-320” aerobusini yetkazib berish, “Teknip” kompaniyasi bilan Buxoro neftni qayta ishlash zavodini qurish (Yaponiyaning “Marubeni” kompaniyasi bilan hamkorlikda), “Obertyur” va “Tales” kompaniyalari bilan “Navoiy” aeroportida havo harakatini boshqarish va O‘zbekistonda biometrik pasportlar joriy qilish loyihasi, “Serinnov” kompaniyasi bilan chinni buyumlar ishlab chiqarishni tashkil etish, “Komau Frans” kompaniyasi bilan avtomobil dvigatellari uchun uskunalar yetkazib berishga oid loyihalarni muvaffaqiyatli hamkorlikka misol sifatida ko‘rsatish mumkin.

T.Mariani samimiy qabul uchun Prezidentimizga minnatdorlik izhor etib, Fransiya rahbariyati har tomonlama va o‘zaro manfaatli O‘zbekiston-Fransiya munosabatlarini istiqbolda ham mustahkamlashdan manfaatdor ekanini ta’kidladi.

Uchrashuvda xalqaro va mintaqaviy masalalar yuzasidan ham fikr almashildi.


                o`zb   рус   eng
Bugun: 07.12.2019
Qidirish
© 2008 - 2019 O`zbekiston Respublikasi Prezidentining matbuot xizmati