Oqsaroyda qabul
10.01.2012
Oqsaroyda qabul O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov 10 yanvar kuni Koreya Respublikasi Milliy Assambleyasi Spikeri Pak Xi Teni qabul qildi.

Davlatimiz rahbari uchrashuvda Koreya Respublikasi O‘zbekiston uchun vaqt sinovidan o‘tgan va har tomonlama ishonchli strategik hamkor bo‘lib kelgani va shunday hamkor bo‘lib qolayotganini, mamlakatimiz iqtisodiyoti va ijtimoiy sohasini tubdan isloh qilish hamda chuqur modernizatsiyalash bo‘yicha yirik milliy dasturlarni hayotga tatbiq etishda izchil qo‘llab-quvvatlab kelayotganini ta’kidladi.

Pak Xi Te O‘zbekiston Prezidentini 29 yanvar kuni nishonlanadigan davlatlarimiz o‘rtasida diplomatiya munosabatlari o‘rnatilganining 20 yilligi munosabati bilan samimiy qutladi. U Koreya Respublikasi rahbariyati va Milliy Assambleyasi mamlakatlarimiz o‘rtasida qaror topgan konstruktiv va samarali davlatlararo munosabatlarni yuqori baholashini, ikki tomonlama aloqalarni yanada rivojlantirishga alohida ahamiyat berishini qayd etdi.

O‘zbekiston va Janubiy Koreya bugungi kunda siyosiy, savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy, madaniy-gumanitar sohalarda hamkorlik bo‘yicha katta tajriba to‘pladi. Bu uzoq muddatli o‘zaro manfaatli loyihalarni amalga oshirish uchun puxta zamin yaratmoqda. Tomonlar o‘rtasida salmoqli va ko‘p qirrali shartnomaviy-huquqiy asos yaratilgan.

Koreya Respublikasi Prezidenti Li Myon Bakning 2011 yil avgust oyida O‘zbekistonga davlat tashrifi muntazamlik kasb etgan oliy darajadagi uchrashuvlarning mantiqiy davomi bo‘ldi va tomonlarning o‘zaro hamkorlik rivojiga yangi sur’at baxsh etish yo‘lidagi qat’iy siyosiy azmu shijoatini yana bir bor namoyish etdi. Shuni alohida ta’kidlash lozimki, mazkur tashrif chog‘ida ikki mamlakat rahbarlari “Surg‘il” koni negizida o‘z ko‘lami va jalb etilayotgan yangi texnologiyalar bo‘yicha mislsiz bo‘lgan, qiymati 2,6 milliard AQSH dollariga teng Ustyurt gaz-kimyo majmui qurilishi loyihasini amalga oshirishga start berdilar.

Uchrashuvda yuqori darajadagi parlamentlararo aloqalar O‘zbekiston-Koreya munosabatlarini izchil rivojlantirishda muhim ahamiyat kasb etayotgani ta’kidlandi. Milliy Assambleyada “Koreya-O‘zbekiston” do‘stlik assotsiatsiyasi faoliyat yuritmoqda, Oliy Majlisda esa Koreya Respublikasi bilan hamkorlik guruhi ta’sis etilgan. Mamlakatlarimiz o‘rtasida muntazam ravishda parlament delegatsiyalarining o‘zaro tashriflari amalga oshirilmoqda.

Tomonlar savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy hamkorlik barqaror kengayib borayotganini mamnuniyat bilan qayd etdilar. O‘tgan yilning 11 oyi davomida ikki tomonlama tovar ayirboshlash hajmi 1,5 milliard AQSH dollaridan oshdi. Janubiy Koreya tomonidan mamlakatimiz iqtisodiyotiga kiritilayotgan sarmoyalar hajmi 5 milliard, shundan o‘zlashtirilganlari esa 2 milliard AQSH dollaridan oshdi. O‘zbekistonda Janubiy Koreya sarmoyasi ishtirokida tuzilgan 350 dan ziyod korxona faoliyat yuritmoqda.

Navoiy shahri xalqaro aeroporti hududidagi transkontinental intermodal xabni boshqarayotgan “Korean Eyr” aviakompaniyasi faoliyati ayniqsa diqqatga sazovordir. Bu yerdan har haftada Osiyo va Yevropaning yirik mintaqaviy iqtisodiy va moliyaviy markazlariga 24 tagacha parvozlar amalga oshirilmoqda. Janubiy Koreya biznesi vakillari “Navoiy” erkin industrial-iqtisodiy zonasini rivojlantirishda faol ishtirok etib, o‘zaro manfaatli qator loyihalarni hayotga tatbiq etmoqda.

Tong bokiraligi o‘lkasi bilan madaniy-gumanitar sohadagi hamkorlik ham faol rivoj topayapti. Xususan, Koreya xalqaro hamkorlik agentligi (KOIKA) dasturlari doirasida O‘zbekiston vazirlik va idoralarining bir yarim mingga yaqin vakili Koreya Respublikasida malaka oshirdi.

Oqsaroydagi uchrashuv chog‘ida O‘zbekiston-Janubiy Koreya munosabatlarining istiqbolli yo‘nalishlari bo‘yicha atroflicha fikr almashildi.


                o`zb   рус   eng
Bugun: 18.08.2019
Qidirish
© 2008 - 2019 O`zbekiston Respublikasi Prezidentining matbuot xizmati