Prezident JSST Bosh direktorini qabul qildi
26.11.2011
Prezident JSST Bosh direktorini qabul qildi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov 26 noyabr kuni Oqsaroyda Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti Bosh direktori Margaret Chenni qabul qildi.

Davlatimiz rahbari mehmonni yurtimizga tashrifi bilan qutlar ekan, ushbu uchrashuv xalqaro hamjamiyatning, birinchi galda, JSSTning mamlakatimiz sog‘liqni saqlash sohasidagi tub o‘zgarishlarga ulkan qiziqishidan dalolat ekanini ta’kidladi.

O‘zbekistonda Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti bilan munosabatlarga muhim ahamiyat beriladi. O‘zbekiston bilan JSST o‘rtasidagi hamkorlikning birgalikda belgilanadigan strategik yo‘nalishlari ikki yillik bitimlarda o‘z ifodasini topadi. 2012-2013 yillarga mo‘ljallangan navbatdagi hujjat joriy yil sentabr oyida imzolandi.

Ta’kidlash joizki, O‘zbekiston Respublikasi shu yil may oyida 2011-2014 yillar uchun JSST Ijroiya qo‘mitasi tarkibiga saylandi.

So‘nggi o‘n yil davomida O‘zbekistonda Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti bilan hamkorlikda qariyb yetmish loyiha amalga oshirildi. Jumladan, JSST Orolbo‘yida bola yoshidagi kasalliklarning integratsiyalashgan boshqaruvi va toza ichimlik suvi ta’minotini yaxshilash loyihasini hayotga tatbiq etishga, dastlabki tibbiy-sanitariya yordami xizmatini mustahkamlashga ko‘maklashmoqda.

Mazkur nufuzli xalqaro tashkilotning O‘zbekistondagi vakolatxonasi xalqaro tibbiy-sanitariya qoidalarini joriy qilishda ishtirok etmoqda, aholining salomatlikni muhofaza qilish to‘g‘risidagi xabardorligini oshirish borasida davlat tomonidan olib borilayotgan sa’y-harakatlarni qo‘llab-quvvatlamoqda. Uning ko‘magi bilan mamlakatimizda qator yuqumli kasalliklarni, jumladan, poliomiyelitni to‘la bartaraf etishga erishildi.

JSST, OTB, YI va YUNISEF ishtirokida O‘zbekistonning barcha mintaqalarida o‘quv markazlari tashkil etilib, ularda onalik va bolalikni muhofaza qilish sohasidagi 25 mingdan ziyod tibbiyot mutaxassisi ta’lim oldi. Shuningdek, JSST yordami bilan har yili O‘zbekiston sog‘liqni saqlash tizimining yuzga yaqin mutaxassisi jahonning yetakchi mamlakatlarida malaka oshirmoqda va tajriba almashmoqda.

Oqsaroydagi uchrashuvda Toshkentda ona va bola salomatligini muhofaza qilishning milliy modeliga bag‘ishlab tashkil qilingan yirik xalqaro simpoziumda ilm-fanning nufuzli namoyandalari, ushbu sohadagi yetakchi xalqaro tashkilotlar vakillari, o‘nlab mamlakatlar sog‘liqni saqlash vazirliklarining mutasaddilari qatnashgani O‘zbekistonning sog‘liqni saqlash tizimini isloh qilishdagi muvaffaqiyatlari jahonda keng e’tirof etilishidan yana bir dalolat ekani ta’kidlandi.

Margaret Chen yuksak mukofot – “Sog‘lom avlod uchun” ordeni va samimiy qabul uchun minnatdorlik bildirib, JSST 1991 yildan buyon O‘zbekistonda onalik va bolalik masalalarida yuksak darajadagi siyosiy mas’uliyatning guvohi bo‘lib kelayotganini qayd etdi. O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan “Sog‘lom ona – sog‘lom bola” dasturi onalar va bolalarga g‘amxo‘rlikning barcha zarur jihatlarini – dastlabki tibbiy yordam va statsionar davolashni, muntazam profilaktik ko‘rik va shoshilinch tibbiy yordamni, immunizatsiya orqali profilaktika qilishni, skrining vositasi bilan oldindan tashxis qo‘yishni o‘z ichiga olgan.

Uchrashuvda O‘zbekiston bilan Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti o‘rtasidagi hamkorlikning bugungi holati va istiqbollari yuzasidan fikr almashildi.


                o`zb   рус   eng
Bugun: 18.08.2019
Qidirish
© 2008 - 2019 O`zbekiston Respublikasi Prezidentining matbuot xizmati