O‘zbekiston paxtakorlari va barcha mehnatkashlariga
25.10.2013

Aziz do‘stlar!

Bugun qishloq xo‘jaligi sohasida, qolaversa, butun yurtimiz hayotida quvonchli bir voqea, ya’ni, mamlakatimiz paxtakorlari 3 million 350 ming tonnadan ziyod xirmon bunyod etib, katta mehnat g‘alabasiga erishdilar. Vatanimiz taraqqiyoti yo‘lida, iqtisodiyotimizni barqaror sur’atlar bilan rivojlantirishda, xalqimizning hayotini yanada farovon va obod qilishda, haqiqatan ham, katta hissa bo‘lgan bu ulkan yutuq bilan avvalambor paxtakorlarimizni, barcha qishloq xo‘jaligi mehnatkashlarini chin qalbimdan samimiy muborakbod etishdan xursandman.

Bu yuksak marra paxtachilik ishiga o‘z hayotini bag‘ishlagan, o‘z kasbining ustasi va fidoyisi bo‘lgan dehqon va fermerlarimizning, ushbu sohaga daxldor olim va mutaxassislarning o‘ta murakkab va mashaqqatli mehnati natijasi, tom ma’noda mardlik va matonat namunasi ekanini xalqimiz yaxshi biladi va yuksak baholaydi.

Paxtani o‘stirish, uni parvarish qilish, mo‘l hosil yetishtirish bilan tanish bo‘lgan har qaysi odam bu ish naqadar og‘ir mehnat talab qilishini, buning uchun yil davomida, birinchi navbatda, yer va urug‘ tayyorlash, kunni – kun, tunni – tun demasdan, har tup ko‘chat ustida parvona bo‘lish, shuningdek, ob-havo injiqliklari, kasallik va zararkunandalar yetkazadigan ziyonlar va boshqa turli muammolarni bartaraf etish – bularga faqat irodasi mustahkam, o‘z kasbi va mehnatini sevgan insonlargina qodir ekanini anglaydi, tushunadi.

Bu yilgi mavsumni oladigan bo‘lsak, aprel oyida havo haroratining me’yordan sezilarli darajada past bo‘lgani, surunkali yomg‘ir va jala tufayli chigit ekish 5-7 kunga kechikib ketgani, may oyida 20-25 kun davomida tuproqda namlik miqdori ortib, chigitning unib chiqishi va g‘o‘za rivojini deyarli to‘xtatib qo‘yganini hammamiz yaxshi eslaymiz. Iyul-avgust oylarida esa harorat odatdagidan 8-10 daraja yuqori bo‘lgani, janubiy viloyatlarimizda jazirama issiq 45-50 darajaga yetgani, ko‘zni ochirmaydigan garmsel, kuchli shamol va bo‘ronlar kuzatilgani, turli zararkunanda va kasalliklar ko‘paygani, tabiiyki, g‘o‘za rivojiga salbiy ta’sir ko‘rsatib, hosil taqdirini xavf ostida qoldirdi.

Shularning barchasini hisobga olgan holda, paxtakorlarimizning bu yilgi mavsumda, ana shunday keskin va murakkab vaziyatda erishgan yuksak marra va natijalarining ahamiyati va qadr-qimmati yanada ortadi va har qancha tahsin va tasannolarga arziydi, albatta.

Shu borada beixtiyor odamning xayoliga keladigan bir fikrni aytib o‘tishni o‘rinli, deb bilaman. Paxta azal-azaldan oqlik, oq rangning timsoli sifatida e’tirof etiladi. Oq paxtani faqat oqko‘ngil odamlargina yetishtiradi. Ta’bir joiz bo‘lsa, paxta nafaqat oq rangning ramzi, balki fidokorona mehnatning mahsuli desak, hech qanday mubolag‘a bo‘lmaydi.

Qadrli yurtdoshlar!

Hech kimga sir emas, dehqonchilikda, ayniqsa, bizning O‘zbekiston sharoitida tuprog‘imiz, yerimiz sifatini inobatga oladigan bo‘lsak, har qanday hosilning eng katta, hal qiluvchi omili – bu ekin maydonlarining meliorativ holatidir. Keyingi besh yil mobaynida maxsus davlat dasturi asosida mamlakatimiz bo‘yicha salkam 1 trillion so‘m mablag‘ sarflanib, 1 million 460 ming gektar sug‘oriladigan yerlarning meliorativ holati yaxshilangani qishloq xo‘jaligi sohasida mo‘l hosil yetishtirish, jumladan, o‘tgan shu davrda paxtachilikda hosildorlikni 24 sentnerdan 26,4 sentnerga yetkazish uchun zamin yaratib berdi.

Mustaqillik yillarida har bir hududning tuproq va iqlim sharoitiga mos, ertapishar va serhosil g‘o‘za navlarini yaratish, seleksioner olimlarimizni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning mehnatini rag‘batlantirish bo‘yicha olib borayotgan keng ko‘lamli ishlarimiz tufayli o‘nlab istiqbolli yangi navlar yaratilib, amalda joriy etilgani soha rivojida salmoqli qadam bo‘lganini qayd etish zarur.

Bu yilgi mavsumda vujudga kelgan murakkab muammo va qiyinchiliklarni bartaraf etish uchun har qachongidan ham ko‘proq kuch va imkoniyatlarni safarbar etishga to‘g‘ri keldi. Buning tasdig‘ini avvalo omilkor dehqonlarimizning intensiv agrotexnologiyalarni samarali qo‘llagani, g‘o‘za qator oralari har yilgidan 3-4-marta ko‘p, o‘rtacha 7-marta kultivatsiya qilingani, sug‘orish ishlari sharbat usulida olib borilib, gektariga 10 tonnadan, jami 10 million tonnadan ortiq mahalliy o‘g‘it berilgani misolida ko‘rish mumkin.

Shular qatorida keyingi yillarda shakllangan samarali tizim asosida fermer xo‘jaliklari imtiyozli kreditlar va texnika bilan ta’minlangani, zarur urug‘lik, mahalliy va mineral o‘g‘itlar, yoqilg‘i-moylash materiallari bevosita dalaning o‘ziga yetkazib berilgani, yig‘im-terim jarayoni uyushqoqlik bilan tashkil etilgani yetishtirilgan mo‘l hosilni yog‘in-sochinli kunlarga qoldirmasdan, uning 90 foizdan ortig‘ini yuqori sortlarga topshirish imkonini berdi.

Ayniqsa, defoliatsiya ishlari o‘z vaqtida va sifatli amalga oshirilgani, keyingi yillarda bu agrotexnik tadbirning naqadar muhim ekanini fermerlarimiz chuqur anglab yetgani va bu boradagi ishlar tizimli ravishda olib borilayotgani g‘o‘za rivojida birmuncha kechikish kuzatilgan joriy yilda o‘zining aniq samarasini ko‘rsatdi.

Eng muhimi, inson omiliga katta e’tibor berilayotgani, qishloq ahlining o‘z mehnatidan manfaatdorligi, o‘z yeriga egalik va mas’uliyat hissi, ertangi kunga bo‘lgan ishonchi, daxldorlik tuyg‘usi tobora ortib, ongu tafakkuri yuksalib borayotgani bu borada hal qiluvchi ahamiyat kasb etdi, desam, o‘ylaymanki, sizlar ham bu fikrga qo‘shilasiz.

Ishni oqilona va samarali tashkil etib, o‘z shartnoma majburiyatlarini birinchilardan bo‘lib ado etgan Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Navoiy, Andijon, Farg‘ona, Buxoro viloyatlari, barcha viloyatlarimiz mehnatkashlari mamlakatimizning yuksak paxta xirmoniga munosib hissa qo‘shganini minnatdorlik bilan ta’kidlashni istardim.

Ayniqsa, Amudaryo, Ellikqal’a, Shahrixon, Toshloq, Uchko‘prik, O‘zbekiston, Vobkent, Qarshi, Navbahor, Uychi, Pop, Narpay, Sherobod, Qumqo‘rg‘on, Bo‘ka, Gurlan tumanlari dehqon va fermerlari belgilangan rejani 20-25 ish kunida bajarib, ko‘pchilikka o‘rnak va namuna bo‘ldilar.

Yurtimizdagi minglab ilg‘or fermer xo‘jaliklari qatorida Qamashi tumanidagi “Ashur ota”, Muborak tumanidagi “Olam”, Navbahor tumanidagi “Martabali”, Namangan tumanidagi “Oltin zamin iftixori”, Kattaqo‘rg‘on tumanidagi “Hosil”, Paxtachi tumanidagi “Umida Sharipova”, Sirdaryo tumanidagi “Adolat momo”, Rishton tumanidagi “Gulobod yurt”, Amudaryo tumanidagi “Ulug‘bek O‘rozboyev”, Ellikqal’a tumanidagi “Ro‘zimboy bobo”, Oltinko‘l tumanidagi “Nur-ziyo ko‘zi” singari fermer xo‘jaliklari hosildorlikni gektaridan 45-60 sentnerga yetkazib, fermerlik harakatining katta imkoniyatlarini, o‘zbek dehqoni qanday buyuk ishlarga qodir ekanini yana bir bor isbotlab berdilar.

Ayni vaqtda bugungi kunda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarning tadrijiy mantiqi, hayotning o‘zi fermerlik harakatini yangi, yuksak bosqichga ko‘tarishni taqozo etayotganini hammamiz yaxshi tushunamiz.

Bu borada soha rivoji uchun yangi imkoniyatlar tug‘dirib berish, uning samaradorligini oshirish, yerni tom ma’noda haqiqiy egasiga topshirish, agrar sohada o‘ziga xos maktab yaratgan ilg‘or fermerlarning ish tajribasini yoshlarga o‘rgatish, zamonaviy bilim va malakaga ega bo‘lgan yangi fermerlar avlodini tarbiyalash kabi o‘ta muhim vazifalar e’tiborimiz markazida turishi zarur.

Hurmatli yurtdoshlar!

Hammamiz yaxshi tushunamizki, qishloq xo‘jaligi sohasidagi barcha sa’y-harakatlarimizning pirovard natijasi dehqonlarimizning o‘z mehnatidan munosib daromad olishi, aholimizning hayot sifati va darajasini oshirishdek ezgu maqsad bilan chambarchas bog‘liqdir.

Shu ma’noda, mustaqillik yillarida mamlakatimizda paxta tolasini yuksak texnologiyalar asosida qayta ishlash, uni qo‘shimcha qiymatga ega bo‘lgan mahsulot sifatida eksport qilish hajmi ortib borayotgani diqqatga sazovordir.

Agar 90-yillarda yurtimizda yetishtirilgan jami paxta tolasining atigi 7 foizi o‘zimizda qayta ishlangan bo‘lsa, o‘tgan davr mobaynida bu raqam qariyb 6 barobar ortib, hozirgi vaqtda salkam 40 foizni tashkil etmoqda. Bu o‘z navbatida oldimizda turgan turli muammolarni yechish, ming-minglab yurtdoshlarimiz, ayniqsa, yoshlarimizni zamonaviy ish joylari bilan ta’minlash, aholining daromad manbalarini ko‘paytirish imkonini berayotganini, o‘ylaymanki, tushunish qiyin emas.

Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra bu yil paxtachilikdan olinadigan yalpi daromad o‘rtacha 3 trillion 100 milliard so‘mdan ziyod yoki o‘tgan yilga nisbatan 23 foiz ko‘p bo‘lishi kutilayotgani dehqon va fermerlarimizning o‘z mehnatidan manfaatdorligini kuchaytirish, “Obod turmush yili” Davlat dasturi va boshqa umummilliy dasturlarimiz doirasida belgilab olgan vazifalarimizni amalga oshirishga xizmat qilishi bilan ayniqsa e’tiborlidir.

Aziz va muhtaram vatandoshlarim!

Bugungi xursandchilik kunda siz, fidoyi dehqon va fermerlarni, suvchi va mexanizatorlarni, agronom va seleksionerlarni, mutaxassis va mutasaddilarni, O‘zbekistonimizning yuksak paxta xirmoniga munosib hissa qo‘shgan barcha insonlarni bag‘rimga bosib, yana bir bor tabriklar ekanman, sizlarga qalbimda, yuragimda bo‘lgan hurmat-ehtiromim va ezgu tilaklarimni izhor etaman.

Mana shunday shukuhli damlarda bizdan marhamatini darig‘ tutmasdan, o‘z panohida asrab kelayotgani, doimo yo‘limizni ochib berayotgani uchun Yaratganimizga shukronalar aytishimiz ham qarz, ham farz deb bilaman.

El-yurtimizdan, xonadonlarimizdan fayzu baraka, tinchlik-osoyishtalik arimasin! Osmonimiz hamisha musaffo bo‘lsin!

Halol mehnatingizning rohatini ko‘ring, hech qachon kam bo‘lmang, azizlarim, qadrdonlarim!

Islom Karimov, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti


                o`zb   рус   eng
Bugun: 16.09.2019
Qidirish
© 2008 - 2019 O`zbekiston Respublikasi Prezidentining matbuot xizmati