“Barkamol avlod” sport o‘yinlari qatnashchilariga
29.05.2014

Qadrli farzandlarim!

Avvalambor, siz, aziz bolalarimni, sizlarni qutlab turgan muhtaram ustoz-murabbiylar, ota-onalar, yoru do‘stlaringizni O‘zbekiston hayotidagi ulkan voqea – yoshlik, kamolot va sport bayrami – “Barkamol avlod” o‘yinlarining tantanali ochilishi bilan chin qalbimdan samimiy muborakbod etaman, barcha-barchangizga sog‘lik-salomatlik, baxt-saodat, yangi-yangi omadlar tilashdan baxtiyorman.

Ayni shu kunlarda yanada chiroy ochib borayotgan Namangan zaminiga, ushbu musobaqalarga chuqur tayyorgarlik ko‘rib, sizlarni bag‘rini keng ochib kutib olayotgan, mehr-oqibat, odamiylik kabi fazilatlarning o‘rnini, qadrini biladigan, mehnatkash va mehmondo‘st Namangan ahliga, mana shu muazzam stadionda to‘planib turgan sizlarning barchangizga o‘zimning yuksak hurmatimni izhor etishdan xursandman.

Aziz bolalarim, farzandlarim!

Biz bugun mamlakatimizda yangi davlat, yangi jamiyat barpo etmoqdamiz. Lo‘nda qilib aytganda, biz o‘z oldimizga qo‘ygan buyuk maqsadlar, ya’ni, dunyodagi rivojlangan demokratik davlatlar qatoriga kirish, xalqimizning hayot darajasi va farovonligini oshirish, o‘z erkinligimizni, o‘z mustaqilligimizni himoya qilishga qodir bo‘lish, jahon miqyosida o‘zimizga munosib o‘rin egallash – bunday ulug‘vor vazifalar bugungi kunda, hech shubhasiz, barchamizga yaxshi ayondir.

Albatta, bunday oliy maqsadlarga erishish barchamizdan og‘ir va mashaqqatli mehnatni, katta sinovlardan o‘tish, boshlagan yo‘limizni davom ettirishni, fidoyilikni, bir yoqadan bosh chiqarib, birdamlik bilan harakat qilishni, kurashishni talab etadi.

Yana bir fikrni chuqur anglab olishni istardim. Biz ko‘zlagan yuksak marralarga erishishning eng katta, eng muhim sharti va omili – bu avvalambor ham jismoniy, ham ma’naviy jihatdan sog‘lom, hech kimdan kam bo‘lmasdan, boshini baland ko‘tarib yashaydigan, Vatanimizning taqdiri va istiqboli uchun mas’uliyatni o‘z zimmasiga olishga qodir bo‘lgan barkamol avlodimiz, mana shu muhtasham stadionda to‘plangan sizlar kabi ming-minglab yoshlarimiz, o‘z farzandlarimizdir.

Biz orzu qilgan, biz intilayotgan buyuk kelajagimizni qurishda, barpo etishda biz siz, azizlarni eng katta ishonchimiz, eng katta tayanchimiz, deb bilamiz.

Hech shubhasiz aytish mumkin – bugungi kunda ona yurtimizda dunyodagi boshqa mamlakatlarning havasini tortayotgan zamonaviy ta’lim va tarbiya tizimi, o‘quv maskanlari barpo etilgan. Bolalarimiz to‘qqiz yillik umumta’lim maktablarini bitirib, qishloq va shaharlarimizda yangitdan qurilgan 1500 dan ziyod eng zamonaviy litsey va kollejlarda 3-yil davomida tahsil oladi. Bu o‘quv yurtlari eng ilg‘or ilm-fan va taraqqiyot sirlarini o‘zlashtirishga, 2-3 ta kasb-hunarni, xorijiy tillarni, Internet va axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini puxta egallashga imkon yaratadi va bugungi zamon talabiga javob beradigan yetuk mutaxassislarni tayyorlaydi.

Eng muhimi, yigit va qizlarimiz ana shu litsey va kollejlarni bitirib, o‘z ona yurtiga, o‘z Vataniga sadoqatli bo‘lish maktabini o‘taydi, hayotga ongli qadam qo‘yishga, jamiyatda o‘ziga munosib o‘rin topishga tayyor bo‘ladi.

Mening ishonchim komil – ham bilim, ham kasb-hunar beradigan bunday o‘quv yurti, bilim o‘chog‘ini bitirib chiqqan siz aziz bolalarimizning har biri, mana, men hech kimdan kam bo‘lmay, ozod Vatanda voyaga yetdim, endi mening kelajagim o‘z qo‘limda, ota-onam, el-yurtimning ishonchini oqlayman, degan fikr bilan yashashi muqarrar. Bunday avlodning qaddi ham, qadri ham baland, ertangi kuni albatta yorug‘ bo‘ladi.

Hurmatli musobaqa ishtirokchilari!

Bugungi kunda unib-o‘sib kelayotgan, barkamol avlod bo‘lib voyaga yetayotgan yoshlarimizning barchasi o‘z hayoti, o‘z kelajagini sportsiz tasavvur etolmaydi, desam, ayni haqiqatni aytgan bo‘laman.

Sizlarning bilim va kasb-hunar cho‘qqilarini egallash bilan birga, sportga mehr qo‘yib, xalqaro olimpiada o‘yinlarining barcha belgi-alomatlarini o‘zida mujassam etgan ushbu “kichik Olimpiada”ning final bosqichiga yetib kelish uchun qanday tinimsiz mashq qilganingiz, iroda va mahorat ko‘rsatib, qanday sinov va qiyinchiliklarni yengib o‘tganingizni men o‘zimga yaxshi tasavvur qilaman. Sizlarning mana shunday marralarni qo‘lga kiritganingizning o‘zi, hech shubhasiz, katta g‘alaba.

Agar 2011-yilda bo‘lib o‘tgan “Barkamol avlod” musobaqalarining saralash bosqichida 700 mingdan ortiq o‘quvchi ishtirok etgan bo‘lsa, 2014-yilda bu raqam 810 ming nafarni tashkil etayotgani ham, mazkur bellashuvlarning qamrovi kengayib, kurash maydonlaridagi bahslar naqadar qizg‘in va murosasiz kechganidan dalolat beradi.

Barchamiz yaxshi bilamizki, hayotdagi har qanday yutuq, ayniqsa, sport olamidagi g‘alaba o‘z-o‘zidan kelmaydi. Sport maydonlarida erishiladigan yutuq – bu avvalo butun borlig‘ini safarbar etib, o‘z oldiga qo‘ygan maqsad yo‘lida o‘zini yengib, o‘zini ayamasdan, kurashib yashaydigan insonning yutug‘i, ana shu insonni tarbiyalab voyaga yetkazgan ta’lim-tarbiya maskanining, butun jamiyatimizning yutug‘idir.

Hech ikkilanmasdan aytish mumkin: katta sportga intilgan, bu yo‘lda endigina o‘zining ilk qadamini qo‘yayotgan har qaysi yosh sportchimiz bugun jahon maydonlarida Vatanimiz bayrog‘ini baland ko‘tarib kelayotgan, nomlari butun O‘zbekistonda mashhur bo‘lgan o‘nlab-yuzlab sportchilardan o‘rnak va ibrat oladi.

Shular qatorida boks bo‘yicha jahon chempioni Bektemir Meliqo‘ziyev, stol tennisi bo‘yicha xalqaro turnir g‘olibi Tohir Salimov, dzyudo bo‘yicha jahon chempionatining kumush medali sovrindori Sarvar Shomurodov, shaxmat bo‘yicha jahon chempionati sovrindori Mohinur Qahramonova, boks, tennis, og‘ir atletika, stol tennisi bo‘yicha xalqaro turnirlar g‘oliblari Sunnatilla Bahodirov, Humoyun Sultonov, Otaxon Imomov hamda Saidaxon Kazakova, yunon-rum kurashi, taekvondo va dzyudo bo‘yicha Osiyo chempionati sovrindorlari Qamariddin Zayniddinov, Temur Hakimov, G‘afur Aktamov singari iste’dodli yoshlarimizning nomlarini bugun hurmat bilan tilga olamiz.

Aziz va suyukli farzandlarim!

Barchangizning hayotingizda yorqin sahifa bo‘lib qoladigan, qizg‘in va halol kurashlar ruhida, o‘zaro hurmat, bag‘rikenglik muhitida o‘tadigan musobaqalarda sizlarga muvaffaqiyat tilar ekanman, bir fikrni takror va takror aytmoqchiman.

Biz o‘z oldimizga qo‘ygan buyuk marralarni egallash yo‘lida kundalik hayotimizda amalga oshirayotgan, butun dunyo tan olayotgan reja va dasturlarimiz, o‘sish sur’atlarimiz, kundan-kunga qiyofasi o‘zgarib, kuch-qudratga to‘lib borayotgan go‘zal va betakror ona yurtimiz, eng muhimi, rivojlangan mamlakatlardagi tengdoshlari bilan tillashuv va bellashuvga tayyor bo‘lib, tobora hal qiluvchi kuch darajasiga ko‘tarilayotgan siz, aziz yoshlarimiz, farzandlarimiz bilan biz ko‘zlagan maqsadlarimizga albatta erishamiz. Bunga hech qanday shubha bo‘lmasligi kerak.

Mening tilagim, da’vatim shuki, Vatanimizning, olijanob xalqimizning ana shunday mehri va ishonchiga doimo munosib bo‘ling, marrani hamisha baland olib, bilimga, izlanish va o‘rganishga intilib yashang, hech qachon bo‘sh kelmang, aziz bolalarim!

Fursatdan foydalanib, “Barkamol avlod” o‘yinlarini yuksak saviyada o‘tkazish uchun zamonaviy sport majmualari va ijtimoiy infratuzilma obyektlarini barpo etgan mohir quruvchilarga, me’mor va muhandislarga, ana shunday ezgu ishlarga katta hissa qo‘shgan mutasaddi va homiy tashkilotlarga, butun Namangan ahliga o‘z nomimdan, xalqimiz nomidan chuqur minnatdorlik bildiraman.

Sizlarni bugungi sport bayrami bilan yana bir bor tabriklab, barchangizga kelgusi hayotingizda yangi-yangi muvaffaqiyatlar tilayman.

Islom Karimov,
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti


                o`zb   рус   eng
Bugun: 16.09.2019
Qidirish
© 2008 - 2019 O`zbekiston Respublikasi Prezidentining matbuot xizmati