O‘zbekiston g‘allakorlariga
16.07.2014

Qadrli do‘stlar!

Ona O‘zbekistonimizning ravnaqiga ulkan hissa qo‘shadigan, har qaysi oilaning, el-yurtimizning rizq-ro‘zini, dasturxonini to‘kin qiladigan, odamlarimizning ertangi kunga bo‘lgan ishonchini mustahkamlaydigan, mirishkor dehqonlarimiz fidokorona mehnatining natijasi bo‘lmish g‘alla xirmonining yildan-yilga oshib borayotgani barchamizni quvontiradi va g‘urur-iftixor bag‘ishlaydi, desam, siz, azizlarning, butun xalqimizning fikrini ifoda etgan bo‘laman.

Bugun dehqon va fermerlarimiz, barcha dala mehnatkashlarining peshona teri, og‘ir va mashaqqatli, shu bilan birga, sharafli mehnati evaziga qo‘lga kiritilgan g‘alaba bilan – mamlakatimiz qishloq xo‘jaligi tarixida ilk bor 8 million 50 ming tonnalik yuksak g‘alla xirmoni bunyod etganingiz bilan sizlarni chin qalbimdan samimiy muborakbod etish – men uchun katta baxt.

Mana shu quvonchli ayyomda bu misli ko‘rilmagan yutuqning mohiyati va qadr-qimmatini har tomonlama chuqur anglash uchun bir vaqtlar, ya’ni, endigina mustaqillikka erishgan birinchi kunlarda davlatimiz omborlarida xalqimizni boqish uchun faqatgina bir hafta-o‘n kunga yetadigan un qolganini, aytish mumkinki, yurtimiz ocharchilik ostonasida, jar yoqasida turganini o‘zimizga tasavvur qiladigan bo‘lsak, biz qanday tahlikali va xatarli zamonni boshimizdan kechirganimiz va bugungi qo‘lga kiritgan, haqiqatan ham buyuk marralarning bahosi va ahamiyati yaqqol ayon bo‘ladi.

Bu haqda gapirganda, avvalo, mana shunday yorug‘ kunlarga yetkazgani uchun Yaratganimizga ming bora shukronalar aytishni ham qarz, ham farz, deb bilaman.

Shu o‘rinda bu tarixiy yutuqning tub mohiyatini ochib beradigan ba’zi bir raqamlarni esga olishimiz tabiiydir.

Bundan 23-yil oldin biz 21 milliondan ziyod aholimizning ehtiyoji uchun zarur bo‘lgan 5 million tonna g‘allani chetdan, katta-katta mablag‘lar evaziga, kimlargadir muhtoj bo‘lib, yalinib-yolvorib olib kelishga majbur edik.

Bugungi kunda esa biz 31 milliondan ortiq aholimizni o‘z donimiz, o‘z beminnat nonimiz bilan to‘la ta’minlabgina qolmasdan, balki chet elga g‘alla eksport qiladigan mamlakatga aylandik. O‘tgan davr mobaynida o‘lkamizda g‘alla yetishtirishning umumiy hajmi 940 ming tonnadan 8 million tonnaga yetgani, o‘rtacha hosildorlik gektariga 17 sentnerdan 55 sentnerga o‘sgani bizning bu sohada ilgari faraz qilish ham qiyin bo‘lgan, qanday ulkan taraqqiyot yo‘lini bosib o‘tganimizdan dalolat beradi.

Aynan mana shu holatlarni qiyoslaganda, yuragimizdan o‘tkazganda, o‘ylaymanki, har qaysi odam “Kim edigu kim bo‘ldik?” degan hayotiy haqiqatning chuqur ma’nosini takror va takror anglaydi, mustaqil taraqqiyotning to‘g‘ri yo‘lini tanlab olganimiz, xalqimizning fidokorona mehnati O‘zbekistonimizni bugungi kunda o‘zgalar havas qiladigan bosqichga ko‘tarish uchun har tomonlama asos bo‘layotganiga ishonch hosil qiladi.

Muhtaram yurtdoshlar!

Bu yilgi mavsum haqida gapirganda, qishloq xo‘jaligida amalga oshirilayotgan tub islohot va o‘zgarishlar, birinchi navbatda fermerlik harakatiga keng yo‘l ochib, uning rivoji uchun barcha sharoitlarni yaratib berganimiz, bu harakatning qishloqda chindan ham asosiy kuch bo‘lib maydonga chiqayotgani, fermerlar, ta’bir joiz bo‘lsa, jamiyatimizning tayanch ustuniga aylanib, dehqonlarimiz o‘zini yerning, mulkning haqiqiy egasi deb his qilayotgani, o‘z mehnatidan manfaatdorlik tuyg‘usi ortib borayotgani biz qo‘lga kiritgan ulkan yutuqning hal qiluvchi omili bo‘lganini ta’kidlash lozim.

Hammamiz shunga guvohmiz – joriy mavsum o‘tgan yillarga nisbatan oson bo‘lmadi. Tabiat va iqlim qiyinchiliklari g‘allakorlarimizning irodasini yana bir bor sinovdan o‘tkazdi. Qish faslida sovuq va ayozli kunlar me’yoridan ortiq bo‘lgani, mart-aprel oylarining birinchi yarmida haroratning odatdagidan ko‘ra pasayib ketgani, ayrim hududlarda kuchli jala va do‘l yoqqani, suv taqchilligi, shamol va bo‘ronlarning salbiy oqibatlari, turli kasallik va hasharotlarga qarshi kurashishga to‘g‘ri kelgani – bularning barchasi dehqonlarimiz uchun jiddiy tashvish va muammolar tug‘dirmasdan qolmadi.

Ana shunday murakkab sharoitda dala mehnatkashlari avvalo ishni to‘g‘ri tashkil etish, zamonaviy agrotexnologiyalardan samarali foydalanish, ota-bobolarimizning tajribasidan kelib chiqqan holda, g‘allazorlarni mahalliy o‘g‘it bilan oziqlantirishga alohida e’tibor qaratish hisobidan hosilni saqlab qolishga va belgilangan marralarni egallashga muvaffaq bo‘lgani har qanday tahsinga sazovordir.

Mavsum davomida g‘allazorlarga jami 12 million 700 ming tonna, har gektar maydonga o‘rtacha 11 tonnadan ortiq mahalliy o‘g‘it berilgani, dehqonlarimizning har tup ko‘chat ustida parvona bo‘lib, o‘zini ayamasdan mehnat qilgani, hech shubhasiz, sara don yetishtirishda muhim rol o‘ynadi.

So‘nggi yillarda yerlarning meliorativ holatini yaxshilash, seleksiya ishlarini to‘g‘ri yo‘lga qo‘yish, g‘alla navlarini har bir hududning iqlim va tuproq sharoitini, suv bilan ta’minlanish darajasini inobatga olgan holda joylashtirish, zamonaviy texnika, yangi kombaynlar, mineral o‘g‘itlar, yoqilg‘i-moylash materiallarini o‘z vaqtida yetkazib berish, fermer xo‘jaliklarini moliyaviy resurslar, avvalambor imtiyozli kreditlar bilan ta’minlash, qishloq xo‘jaligi zararkunandalariga qarshi kurashish bo‘yicha shakllangan aniq tizim asosida samarali olib borilgan ishlar bugungi muvaffaqiyatga puxta zamin bo‘lganini alohida qayd etish o‘rinlidir.

Ana shunday muhim chora-tadbirlar tufayli barcha viloyatlar, jumladan, nisbatan og‘ir iqlim sharoitida bo‘lgan Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyati dehqonlari ham g‘alla tayyorlash bo‘yicha shartnoma majburiyatini muvaffaqiyatli bajarishga erishdilar. Farg‘ona va Andijon viloyatlarida o‘rtacha hosildorlik 62 sentnerni, Samarqand viloyatida 61 sentner, Buxoro va Namangan viloyatlarida 60 sentner, Qashqadaryo viloyatida 58 sentner, Toshkent viloyatida 57 sentner, Navoiy viloyatida 55 sentner, Surxondaryo viloyatida 51 sentnerni tashkil etganini bu yilgi mavsumning eng muhim natijasi sifatida baholash lozim.

Bu borada boshqalarga o‘rnak va namuna bo‘lgan Toshloq, Oltiariq, Uchko‘prik, Vobkent, Pop, Uchqo‘rg‘on, Ishtixon, G‘ijduvon, Uychi, Peshku, Narpay, Pastdarg‘om, Paxtaobod, Qo‘rg‘ontepa, Shahrisabz, Xatirchi, Oltinko‘l, Do‘stlik, Karmana, Mirzacho‘l, Yakkabog‘, Paxtakor, Navbahor, Yuqorichirchiq, Kitob, O‘rtachirchiq, Chinoz, Boyovut, Sirdaryo, Denov tumanlarida hosildorlik 60-70 sentnerdan oshganini ta’kidlash joiz.

Yurtimizdagi o‘nlab fermer xo‘jaliklarida gektaridan 90-100 sentnerdan hosil olingani dehqonlarimizning qanday ulkan ishlarga qodir ekanini ko‘rsatadi. Shular qatorida biz bugun Kattaqo‘rg‘on tumanidagi “Hosil”, Furqat tumanidagi “Ortiqali G‘aniyev”, Uchko‘prik tumanidagi “Farovon hayot sari”, Oltiariq tumanidagi “Xayrulla Bahrom Boymatov”, Ishtixon tumanidagi “Asalchi Eldor”, Quva tumanidagi “Oltin diyor”, Buvayda tumanidagi “Yoqubjon ota”, “O‘zbekiston”, Navbahor tumanidagi “Ochilova Inobat”, Paxtaobod tumanidagi “Abdulaziz”, Karmana tumanidagi “Amir G‘olib kelajak”, “Savoltepa ravnaqi”, Yangiyo‘l tumanidagi “Sitoraxon”, Oltinko‘l tumanidagi “Gulgun diyor imkoni”, Jondor tumanidagi “Murod Rustam”, Qo‘shtepa tumanidagi “Abdulhofiz Xalilov”, G‘ijduvon tumanidagi “Fayz” kabi fermer xo‘jaliklarining nomlarini hurmat bilan tilga olamiz.

Hech ikkilanmasdan aytish mumkin, mana shunday jonbozlik va qahramonlik namunalarini ko‘rganda, eshitganda, ilgari ham aytgan bir fikrimni yana takrorlashni joiz deb bilaman: dunyoda mehnatkash insonlar juda ko‘p, lekin og‘ir sinovlarda toblangan, o‘z fidoyiligi va matonati, chidamligi va olijanobligi bilan ajralib turadigan o‘zbek dehqonlariga yetadigan, ularga teng keladigan odamlar kam, desam, ayni haqiqatni aytgan bo‘laman.

Ana shunday insonlar mehnatini har qancha qadrlab, ularning dardu tashvishlari va ehtiyojlariga yaqin bo‘lib, ularni doimo rag‘batlantirib, xursand qilib, rozi qilib yursak, ochiq aytaman, shaxsan men o‘zimni bearmon, baxtli odam deb his qilaman, desam, bu ham haqiqat bo‘ladi.

Shular haqida gapirganda, bu yil yetishtirilgan mo‘l g‘alla hosilining 5 million 117 ming tonnasi, ya’ni 60 foizi dehqon va fermerlarimiz, aholimiz ixtiyorida qoldirilganini alohida ta’kidlash lozim. Xonadonlarimizga qut-baraka, farovonlik olib kiradigan bunday quvonchli holatni barchamiz dala mehnatchilarining o‘z ishidan manfaatdorligi ortib, mashaqqatli mehnati munosib qadr topayotganining yana bir tasdig‘i sifatida qabul qilamiz.

Aziz do‘stlar!

Bugungi kunda dunyo miqyosida oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash masalasi tobora o‘tkir muammoga aylanib borayotgani, ma’lumotlarga ko‘ra, hozirgi vaqtda yer yuzida 840 milliondan ortiq kishi to‘yib ovqatlanmayotgani tashvish uyg‘otmasdan qolmaydi. Mana shunday murakkab bir vaziyatda mamlakatimizda agrar sohada amalga oshirilayotgan, chuqur o‘ylangan islohotlar hamda siz, hurmatli dehqon va fermerlarimizning samarali mehnati hisobidan biz xalqimizni asosiy oziq-ovqat, avvalo, don mahsulotlari bilan to‘la va ishonchli tarzda ta’minlashga erishganimiz xalqaro hamjamiyat tomonidan keng e’tirof etilayotgani ayniqsa e’tiborlidir.

Bu haqiqatning amaliy ifodasini yaqinda Toshkent shahrida bo‘lib o‘tgan “O‘zbekistonda oziq-ovqat dasturini amalga oshirishning muhim zaxiralari” mavzusidagi xalqaro konferensiyada dunyoning ko‘plab mamlakatlari, jumladan, eng rivojlangan davlatlardan kelgan ko‘zga ko‘ringan olim va mutaxassislar, nufuzli xalqaro tashkilotlarning vakillari joylarda bo‘lib, sizlarning faoliyatingiz bilan yaqindan tanishib bildirgan fikrlari misolida yaqqol ko‘rish mumkin. Konferensiya ishtirokchilarining fermer xo‘jaliklarini jadal rivojlantirish uchun ularga davlat tomonidan imtiyoz va preferensiyalar berish, qishloq xo‘jaligi ishlab chiqaruvchilarini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha O‘zbekiston tajribasini keng o‘rganishga tavsiya etgani albatta hammamizga katta mamnuniyat yetkazadi.

Ayni vaqtda barchamiz yaxshi tushunamizki, zamon talabi tobora o‘sib borayotgan hozirgi sharoitda faqatgina erishgan yutuqlar bilan cheklanib, kifoyalanib qolishimiz mumkin emas. Yurtimizda g‘allachilik bilan birga butun qishloq xo‘jaligi tarmog‘ini barqaror va izchil rivojlantirish, bu boradagi ishlarimizni yangi, yuksak bosqichga ko‘tarish bo‘yicha hayotning o‘zi oldimizga yangi-yangi vazifalar qo‘ymoqda. Shular qatorida agrar soha samaradorligini yanada oshirish, bugungi fermerlarimiz boshlagan ijobiy ishlarni munosib davom ettira oladigan yangi fermerlar avlodini, fermer xo‘jaliklarini zamonaviy asosda boshqarishga qodir bo‘lgan fermer-menejerlarni shakllantirish kabi dolzarb masalalar doimiy e’tiborimiz markazida turishi darkor.

Qadrli va muhtaram do‘stlarim!

Bugungi shodiyona kunda siz, aziz g‘allakorlarimiz, dehqon va fermerlarimizni chin yurakdan qutlar ekanmiz, ulug‘ mutafakkir bobomiz Alisher Navoiyning olam ahlining to‘qligi ham, xursandchiligi ham avvalo yerga urug‘ sochib, bebaho noz-ne’mat yetishtiradigan fidoyi insonlarning mehnatidandir, degan hikmatli so‘zlarini yana bir bor eslaymiz.

Shu nuqtai nazardan qaraganda, siz, lafzi halol bobodehqonlar bunyod etgan yuksak g‘alla xirmoni – bu avvalo tinch hayotimiz, musaffo osmonimiz, ezgu orzu-intilishlarimizning mustahkam poydevori, desak, yanglishmagan bo‘lamiz.

Fursatdan foydalanib, omilkor dehqon va fermerlarni, mexanizator va kombaynchilarni, qishloq xo‘jaligi mutaxassislarini, bugungi ulkan hosilga munosib hissa qo‘shgan barcha yurtdoshlarimizni bag‘rimga bosib, yana bir bor samimiy tabriklayman.

Sizlarga o‘z nomimdan, butun xalqimiz nomidan rahmatlar aytib, barcha-barchangizga ta’zim qilaman.

El-yurtimizni, oila va xonadonlarimizni turli balo-qazolardan Yaratganimizning o‘zi asrasin!

Halol mehnatingizning rohatini ko‘ring, doimo nondek aziz bo‘ling, qadrdonlarim!

Islom Karimov, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti


                o`zb   рус   eng
Bugun: 16.09.2019
Qidirish
© 2008 - 2019 O`zbekiston Respublikasi Prezidentining matbuot xizmati