Prezident Islom Karimov Vladimir Putin bilan uchrashdi
23.06.2016

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov 23-iyun kuni Ko‘ksaroyda Shanxay hamkorlik tashkiloti sammitida ishtirok etish uchun mamlakatimizga tashrif buyurgan Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin bilan uchrashuv o‘tkazdi.

2306201627.jpg

Islom Karimov Vladimir Putin bilan muloqot chog‘ida ushbu uchrashuv O‘zbekiston bilan Rossiya o‘rtasidagi o‘zaro va ko‘p tomonlama hamkorlikning mantiqiy davomi, mamlakatlarimiz strategik sheriklikni rivojlantirish yo‘lidan borayotganining yaqqol namoyoni ekanini alohida ta’kidladi.

O‘zbekiston va Rossiya hamkorligi barcha sohalarda izchil rivojlanib bormoqda. 2015-yilda o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi 4,4 milliard AQSh dollaridan oshdi.

Yoqilg‘i-energetika sohasida uzoq muddatli va o‘zaro manfaatli investitsiyaviy loyihalar amalga oshirilmoqda. Rossiyaning «Lukoyl» va «Gazprom» neft-gaz kompaniyalari mamlakatimizdagi uglevodorod konlarini qidirish va o‘zlashtirishda faol ishtirok etmoqda.

Uchrashuvda 2016-yil aprel oyida Moskvada o‘tgan oliy darajadagi muzokaralar yakunlari o‘zaro hamkorlik rivojiga yangi sur’at bag‘ishlagani qayd etildi.

2306201625.jpg

Prezidentlar O‘zbekiston – Rossiya munosabatlariga doir keng ko‘lamli masalalar, mintaqaviy va xalqaro muammolar yuzasidan fikr almashdilar.

Vladimir Putin O‘zbekiston Respublikasining Shanxay hamkorlik tashkilotiga raisligi davrida amalga oshirilgan ishlarga yuksak baho berdi. ShHT sammiti asnosida bo‘ladigan muzokaralar barcha sohalarda mintaqaviy hamkorlik ko‘lamini yanada kengaytirishga xizmat qilishiga ishonch bildirdi.


                o`zb   рус   eng
Bugun: 18.07.2019
Qidirish
© 2008 - 2019 O`zbekiston Respublikasi Prezidentining matbuot xizmati