O‘zbekiston va Eron Prezidentlari bir-birlarini qutladilar
17.05.2017

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Eron Islom Respublikasi Prezidenti Hasan Ruhoniy davlatlarimiz o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatilganining 25-yilligi munosabati bilan bir-birlarini qutladilar.

O‘zbekiston Prezidenti o‘z qutlovida "joriy yilda davlatlarimiz Tashqi ishlar vazirliklari o‘rtasida navbatdagi siyosiy maslahatlashuvlar o‘tkazildi, ishbilarmon doiralar o‘rtasida aloqalar jadallashmoqda", deb mamnuniyat bilan ta’kidlagan.

"Ishonchim komilki, siyosiy irodamiz va umumiy intilishlarimiz bilan ko‘p qirrali va uzoq muddatli sheriklikni sifat jihatidan yangi bosqichga va davlatlarimiz salohiyatiga mos darajaga olib chiqamiz", deb qayd qilingan davlatimiz rahbarining qutlovida.

Prezident Hasan Ruhoniy qutlovida "o‘tgan vaqt davomida mamlakatlarimiz o‘rtasidagi siyosiy, iqtisodiy va madaniy hamkorlikni rivojlantirish va kengaytirish yo‘lida salmoqli qadamlar tashlandi", deb ta’kidlangan.

Eron Prezidenti "o‘zaro munosabatlar gullab-yashnashi, ikki mamlakat uchun muhim ustuvor yo‘nalishlarda o‘zaro aloqalarning har tomonlama rivojlanayotgani samarali va uzoq muddatli natijalar berishi, shuningdek, mintaqada tinchlik va barqarorlik yanada mustahkamlanishi"ga ishonch bildirgan.


                o`zb   рус   eng
Bugun: 14.10.2019
Qidirish
© 2008 - 2019 O`zbekiston Respublikasi Prezidentining matbuot xizmati