O‘zbekiston va Turkmaniston delegatsiyalarining kengaytirilgan tarkibdagi muzokaralari bo‘ldi
20.05.2017

Shavkat Mirziyoyev va Gurbanguli Berdimuhamedov muzokarani O‘zbekiston va Turkmaniston rasmiy delegatsiyalari ishtirokida davom ettirdilar.

Muzokarada mamlakatlarimiz o‘rtasida iqtisodiyotning turli sohalari bo‘yicha hamkorlikni kengaytirish istiqbollari ko‘rib chiqildi. Yoqilg‘i-energetika, qishloq xo‘jaligi, kimyo va metallurgiya sanoati, suv xo‘jaligi inshootlaridan foydalanish, sayyohlik kabi yo‘nalishlardagi hamkorlik ustuvor ahamiyat kasb etishi ta’kidlandi.

Ikki mamlakatning tegishli vazirlik va idoralari rahbarlariga joriy yilning mart oyida Prezidentlarning muzokaralarida erishilgan kelishuvlardan samarali foydalanish, ularni hayotga izchil tatbiq etish, ishbilarmonlarning o‘zaro aloqalarini qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirish vazifalari topshirildi.

Madaniy-gumanitar  hamkorlikni yanada mustahkamlashga alohida e’tibor qaratildi.

O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti xotirasini  abadiylashtirilish maqsadida Turkmanobod shahrining markaziy ko‘chalaridan biriga Islom Karimov nomi berilgani va bu ko‘chada Yurtboshimiz haykali ochilgani turkman elining xalqimizga hurmat va ehtiromining yorqin namunasi bo‘ldi. Islom Karimovning mazkur yodgorlik majmuiga bitilgan «Biz qadrlashimiz va yuksaltirishimiz zarur bo‘lgan muhim boylik – bu mamlakatlarimiz o‘rtasidagi o‘zaro ishonchdir» degan so‘zlari o‘zbek va turkman xalqlarining maqsad va niyatini ifoda qiladi.

Kuni kecha Toshkent shahri markazida buyuk turkman shoiri Maxtumquli xotirasiga yodgorlik o‘rnatilgani va uning nomidagi ko‘cha ochilgani xalqlarimiz o‘rtasidagi qadimiy qardoshlik rishtalari doimo mustahkam ekanining yana bir amaliy ifodasi bo‘ldi.


                o`zb   рус   eng
Bugun: 13.12.2019
Qidirish
© 2008 - 2019 O`zbekiston Respublikasi Prezidentining matbuot xizmati