Kasanachilikni yanada rivojlantirish uchun qulay sharoitlar yaratish chora-tadbirlari to‘g‘risida
25.05.2017
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori

Band bo‘lmagan aholini ishlab chiqarish faoliyatiga jalb qilishning samarali vositalaridan biri bo‘lgan kasanachilikni yanada rivojlantirish hamda zamonaviy mashina, asbob-uskunalar, xomashyo va materiallarni xarid qilish uchun moliyaviy resurslar bilan foydalanishni kengaytirish orqali oila byudjetlari daromadlarini ko‘paytirish maqsadida:

1. O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi, Markaziy banki, Moliya vazirligi va tijorat banklarining Toshkent shahrida tijorat banklari tomonidan “Kasanachilikni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha Konsorsium” mas’uliyati cheklangan jamiyatini (keyingi o‘rinlarda Konsorsium deb yuritiladi) 50,0 milliard so‘mlik boshlang‘ich ustav kapitali bilan tashkil etish va uni ishtirokchilari orasida 1-ilovaga muvofiq taqsimlash borasidagi takliflari ma’qullansin.

2. Konsorsiumga:

mazkur qarorning 2-ilovasida keltirilgan ro‘yxatga muvofiq zamonaviy mashina, asbob-uskunalar, xomashyo va materiallarni xarid qilishga kasanachi va (yoki) kasana mahsulotlarini ishlab chiqarishga buyurtma beruvchi korxonalarga zayomlarni ajratish;

mazkur qarorning 2-ilovasida keltirilgan kasanachilik turlari bo‘yicha uy sharoitida mahsulotlar (tovarlar va xizmatlar) ishlab chiqarish uchun marketingni amalga oshirish va buyurtmachilarni topish vazifalari bilan tarkibiy bo‘linmalar hamda kasanachi va kasana mahsulotlarini ishlab chiqarishga buyurtma beruvchi tashkilotlar o‘rtasida o‘zaro aloqalar o‘rnatishni ta’minlash bo‘yicha – Toshkent shahrining barcha tumanlarida filiallarni tashkil etish;

amalga oshirilayotgan ish hajmlariga muvofiq Konsorsiumning tarkibiy bo‘linmalari xodimlari sonini mustaqil belgilash;

kasanachilar va kasana mahsulotlarini ishlab chiqarishga buyurtma beruvchi tashkilotlar bilan mahsulotlar ishlab chiqarish, ishlarni bajarish va xizmatlarni ko‘rsatish borasidagi shartnomalarni tuzish huquqlari berilsin.

3. Belgilab qo‘yilsinki:

kasanachilarga zamonaviy mashina, asbob-uskunalar, xomashyo va materiallarni xarid qilish uchun zayomlarni ajratish sotib olinayotgan tovarlarni kafillikka olish orqali amalga oshiriladi;

2017-yilning 1-iyulidan boshlab kasanachilar uchun jismoniy shaxslarga qo‘llaniladigan daromad solig‘i qat’iy 7,5 foiz miqdorida belgilanadi.

4. Konsorsium barcha turdagi soliqlar va davlat maqsadli jamg‘armalariga majburiy ajratmalar to‘lashdan ozod etilib, bo‘shayotgan mablag‘lar ustav jamg‘armasini to‘ldirishga yo‘naltirilsin.

5. Toshkent shahri hokimiyati manfaatdor vazirliklar, idoralar va xo‘jalik boshqaruvi organlari bilan birgalikda Konsorsiumga faoliyatini tashkil etish va kelgusida amalga oshirish masalalarida amaliy yordam ko‘rsatsin.

6. O‘zbekiston Respublikasi Xususiylashtirilgan korxonalarga ko‘maklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasi, Toshkent shahri hokimiyati ikki hafta muddatda Konsorsium va uning tuman filiallarini joylashtirish uchun bino va xonalarni ajratish borasida takliflar kiritsin.

7. “Mahalla” xayriya jamoat fondi va fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari:

kasanachilar bilan korxonalar o‘rtasida o‘zaro iqtisodiy hamkorlik borasidagi, shu jumladan, korxonalar buyurtmalarini uy sharoitlarida bajarish istagini bildiruvchi mahallalar aholisini aniqlash faoliyatini jadallashtirishni;

aholi orasida kasanachilik afzalliklarini tushuntirish bo‘yicha jadal targ‘ibot ishlari amalga oshirilishini ta’minlasin.

8. O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki Iqtisodiyot vazirligi va boshqa manfaatdor vazirliklar va idoralar hamda Konsorsium ishtirokchilari bilan birgalikda kasanachilarga zamonaviy mashina, asbob-uskunalar, xomashyo va materiallarni xarid qilish uchun zayomlarni taqdim etish tartibotlari to‘g‘risidagi Nizomni ishlab chiqib, bir oylik muddatda Vazirlar Mahkamasiga tasdiqlash uchun belgilangan tartibda kiritsin.

9. O‘zbekiston Milliy axborot agentligi, O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasi, O‘zbekiston matbuot va axborot agentligi bosma va elektron ommaviy axborot vositalarini, shu jumladan, internet umumjahon axborot tarmog‘ini keng jalb qilgan holda mazkur qarorning maqsadi va vazifalarini aholi orasida tizimli ravishda muntazam va har tomonlama yoritib borilishini ta’minlasin.

10. O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki, Iqtisodiyot vazirligi va Adliya vazirligi manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiquvchi o‘zgartish va qo‘shimchalar to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

11. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari R.S.Azimov va O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki raisi zimmasiga yuklansin.



O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti                            Sh.MIRZIYOYEV

Toshkent shahri, 2017-yil 24-may

* * *

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining

2017-yil 24-maydagi PQ-2996-sonli qaroriga

2-ilova


“Kasanachilikni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha Konsorsium”
mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan ajratiladigan
zayomlar evaziga tashkil etiladigan kasanachilik turlari

RO‘YXATI


1. To‘qima va trikotaj mahsulotlarini ishlab chiqarish.

2. Galantereya (attorlik) mahsulotlarini ishlab chiqarish.

3. Qandolat va non mahsulotlarini ishlab chiqarish.

4. Mebel mahsulotlarini ishlab chiqarish.

5. Elektrotexnika mahsulotlarini ta’mirlash va xizmat ko‘rsatish.

6. Bog‘dorchilik va obodonlashtirish xizmatlari.

                o`zb   рус   eng
Bugun: 14.10.2019
Qidirish
© 2008 - 2019 O`zbekiston Respublikasi Prezidentining matbuot xizmati