MAMLAKATIMIZDA DEMOKRATIK ISLOHOTLARNI YANADA CHUQURLASHTIRISH VA FUQAROLIK JAMIYATINI RIVOJLANTIRISH KONSEPSIYASI
12.11.2010

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimovning O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va Senatining qo‘shma majlisidagi ma’ruzasi

Hurmatli deputatlar!

Aziz do‘stlar!

Shu kunlarda barchamiz nihoyasiga yetib borayotgan 2010 yilni yakunlab, Vatanimiz mustaqilligining 20 yilligi nishonlanadigan yangi 2011 yil ostonasida turibmiz.

Tariximizga kirib kelayotgan bu buyuk marra munosabati bilan o‘tgan davr mobaynida hayotimiz sifati, mamlakatimiz qiyofasi qanday o‘zgarib borayotgani, qanday yutuq va natijalarga erishganimiz, ijtimoiy yo‘naltirilgan bozor iqtisodiyotiga asoslangan ochiq demokratik davlat va fuqarolik jamiyatini barpo etish yo‘lida qanday sur’atlar bilan rivojlanib borayotganimizni baholash ehtiyoji tug‘ilmoqda.

Qisqacha aytganda, biz o‘z oldimizga qo‘ygan uzoq muddatli strategik maqsadlar, ya’ni zamonaviy rivojlangan demokratik davlatlar qatoriga kirish, iqtisodiyotimizning barqaror o‘sishini ta’minlash, hayot sifatini yaxshilash va jahon hamjamiyatida munosib o‘rin egallash borasidagi sa’y-harakatlarimizga bugungi kun nuqtai nazaridan xolisona baho berishimiz tabiiydir.

Ma’lumki, O‘zbekiston 1991 yili o‘z mustaqilligini qo‘lga kiritganidan so‘ng umrini o‘tab bo‘lgan mustabid, ma’muriy-buyruqbozlik, rejali-taqsimot tizimidan voz kechib, “o‘zbek modeli” deb nom olgan o‘z taraqqiyot yo‘lini tanlab oldi.

Biz ishlab chiqqan va bugungi kunda hayotga tatbiq etayotgan ushbu modelning ma’no-mazmuni – davlat qurilishi va konstitutsiyaviy tuzumni tubdan o‘zgartirish va yangilash, iqtisodiyotni mafkuradan xoli etish, uning siyosatdan ustunligini ta’minlash, davlatning bosh islohotchi vazifasini bajarishi, ya’ni islohotlar tashabbuskori bo‘lishi va ularni muvofiqlashtirib borishi, qonun ustuvorligini ta’minlash, kuchli ijtimoiy siyosat yuritish, islohotlarni bosqichma-bosqich va izchil olib borish tamoyillariga asoslanadigan siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy islohotlarni amalga oshirishdan iboratdir.

Biz islohotlarni inqilobiy usulda, ya’ni “shok terapiyasi” yo‘li bilan amalga oshirishdan ongli ravishda voz kechib, tadrijiy taraqqiyot yo‘lini tanlab olganimiz tufayli xalqimizni qanday og‘ir oqibatlarga olib kelishi mumkin bo‘lgan iqtisodiy va ijtimoiy to‘fonlardan asrab qolishga muvaffaq bo‘lganimizni bugun hayotning o‘zi tasdiqlab bermoqda.

Izchil yuqori o‘sish sur’atlari, yurtimizda barpo etilgan bank-moliya tizimining barqaror va ishonchli faoliyat yuritishi, iqtisodiyotda amalga oshirilayotgan yangilanish va o‘zgarishlar, umuman, mamlakatimizni modernizatsiya qilish yo‘lidagi dadil qadamlarimiz dunyo jamoatchiligi, shuningdek, Xalqaro valuta jamg‘armasi, Jahon banki, Osiyo taraqqiyot banki singari nufuzli xalqaro moliya tashkilotlari tomonidan e’tirof etilmoqda.

Haqiqatan ham, qariyb yigirma yillik mustaqil taraqqiyotimiz mobaynida O‘zbekistonda yalpi ichki mahsulotning o‘sishi 3,5 barobarni, aholi jon boshiga hisoblaganda esa 2,5 barobarni, aholining real daromadlari 3,8 barobarni tashkil etgani e’tiborga sazovordir. Ayniqsa, ijtimoiy-gumanitar sohada erishilgan marralar – aholini ijtimoiy himoya qilish uchun yo‘naltirilgan davlat xarajatlarining 5 barobar ko‘paygani, turmush darajasining sezilarli ravishda yaxshilangani va buning natijasida onalaro‘limi 2 barobardan ko‘proq, bolalar o‘limi 3 barobar kamaygani, odamlarning o‘rtacha umr ko‘rishi 67 yoshdan 73 yoshga, jumladan, ayollarning o‘rtacha umr ko‘rishi 75 yoshga yetganini mamnuniyat bilan ta’kidlasak arziydi, deb o‘ylayman.

2008-2010 yillarda, ya’ni dunyoning aksariyat mamlakatlarida iqtisodiy o‘sish sur’atlari sezilarli ravishda tushib ketgan, ishlab chiqarishpasaygan bir vaqtda O‘zbekistonda yalpi ichki mahsulotning o‘sish sur’atlari 2008 yilda 9 foizni, 2009 yilda 8,1 foizni tashkil etgani, 2010 yilda bu ko‘rsatkich 8,5 foizga yetishi kutilayotgani, kelgusi 2011 yilda esa 8,3 foiz darajasida bo‘lishi belgilab berilayotgani ko‘pgina xalqaro tuzilmalar, ekspert va mutaxassislarda katta qiziqish uyg‘otmoqda.

Dunyoda, ayniqsa rivojlangan mamlakatlarda davlatning tashqi qarzlari ko‘payib borayotgani jiddiy xavotir tug‘dirayotgan bir paytda O‘zbekistonning tashqi qarzi yalpi ichki mahsulotning 10 foizidan oshmaydi, davlat budjeti esa so‘nggi besh yilda profitsit bilan bajarilmoqda.

Albatta, mamlakatimiz qo‘lga kiritayotgan bunday ulkan yutuqlar ro‘yxatini yana davom ettirish mumkin.

Ma’lumki, sobiq tuzum davrida respublikamizning iqtisodiyoti bir tomonlama rivojlangan, faqat xomashyo yetishtirishga yo‘naltirilgan bo‘lib, mash’um salbiy oqibatlarga olib kelgan paxta yakkahokimligi avjiga chiqqan edi. O‘zbekiston o‘zining qoloq ishlab chiqarish va sotsial infratuzilmasi bilan sobiq ittifoqda jon boshiga iste’mol darajasi bo‘yicha eng past o‘rinda turardi. Mustaqil rivojlanish yillarida – tarixan qisqa bir davrda yurtimiz yangi va ulkan marralarni qo‘lga kiritdi, buning natijasida mamlakatimizning qiyofasi butunlay o‘zgarib, jahon hamjamiyatidagi o‘rni va nufuzi yuksalib bormoqda.

Ayni paytda barchamiz bir haqiqatni o‘zimizga aniq tasavvur etishimizni istardim. Ya’ni, erishilgan bunday marralar – barqaror rivojlanib borayotgan iqtisodiyotga asoslangan, ochiq demokratik huquqiy davlat qurish, inson, uning manfaatlari, huquq va erkinliklari so‘zda emas, amalda oliy qadriyat darajasiga ko‘tarilgan, jahon miqyosida obro‘-e’tibor qozongan jamiyat barpo etish borasida biz o‘z oldimizga qo‘ygan yuksak maqsadga qaratilgan uzoq va murakkab yo‘lning bir qismi, xolos.

Bu yo‘lda biz duch kelishimiz mumkin bo‘lgan shunday bir xavf borki, u ham bo‘lsa, avvalambor erishilgan yutuqlarga mahliyo bo‘lib, xotirjamlik kayfiyatiga berilish, real voqelikdan uzilib qolish xavfidir. Bu esa mamlakatimiz taraqqiyotining samaradorligi va istiqboliga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.

Jahon miqyosida globallashuv va raqobat tobora kuchayib borayotgan bugungi zamonda biz dunyoda yuz berayotgan tub o‘zgarishlar jarayonida egallab turgan o‘rnimizni xolisona va tanqidiy baholashimiz, tobora oshib borayotgan hayot talablariga javob berishimiz, kechayotgan davr bilan hamqadam bo‘lishimiz shart.

Ma’lumki, hayot hech qachon bir joyda to‘xtab turmaydi. Shu bois avvalambor ro‘y berishi mumkin bo‘lgan turli falokatlar, jahon iqtisodiyotining yuksalishi va inqirozini oldindan ko‘rish imkonini beradigan, har tomonlama chuqur o‘ylangan, aniq maqsad va ustuvor yo‘nalishlarni o‘z ichiga olgan taraqqiyot dasturi va uni amalga oshirish strategiyasiga ega bo‘lgan mamlakat va xalq pirovard natijada muvaffaqiyatga erishadi.

Shu munosabat bilan alohida ta’kidlab aytmoqchimanki, mustaqil taraqqiyotimizning o‘tgan davrida amalga oshirgan ishlarimizni sarhisob qilar ekanmiz, ularni haqqoniy baholash va islohotlar dasturiga ma’lum o‘zgartishlar kiritish bilan birga, birinchi navbatda ertangi kun talablaridan kelib chiqqan holda, mamlakatimizni isloh etish va modernizatsiya qilish yo‘lidagi izchil harakatlarimizni kuchaytirishimiz, ularni yangi, yanada yuqori bosqichga ko‘tarishimiz darkor.

Shu ma’noda, 1992 yil dekabr oyida qabul qilingan, mamlakatimizning demokratik taraqqiyotini ta’minlash va fuqarolik jamiyatini shakllantirishning asosiy prinsiplarini belgilab bergan Konstitutsiyamizning qoida va normalariga tayanish alohida ahamiyat kasb etadi. Bu boradagi ishlarimiz 2001 yildan 2010 yilgacha bo‘lgan keyingi 10 yil davomida yanada faollashib, ko‘lami va miqyosi tobora kengayib bormoqda.

Natijada bugungi kunga kelib biz o‘z oldimizga qo‘ygan asosiy maqsadimizga erishdik, deb aytish uchun barcha asoslarimiz bor.

Buning tasdig‘ini mamlakatimizni isloh etish va demokratlashtirish jarayoni hech qachon ortga qaytmaydigan, qat’iy va izchil tus olgani, odamlarimiz o‘zgarib, ularning siyosiy va fuqarolik faolligi oshayotgani, ongu tafakkuri yuksalib, yon-atrofda bo‘layotgan barcha voqea-hodisalarga daxldorlik tuyg‘usi, ertangi kunga ishonchi ortib borayotgani misolida ko‘rish, anglash qiyin emas.

Yurtdoshlarimizning, butun jamiyatimizning hayotidagi ana shunday o‘zgarish va yangilanishlar, o‘z mohiyat e’tiboriga ko‘ra, bugungi kunda mamlakatimizning taraqqiyot va farovonlik yo‘lidan dadil rivojlanib borishini ta’minlayotgan hal qiluvchi kuchga aylanmoqda.

Mustaqillik yillarida bosib o‘tgan yo‘limiz va to‘plagan tajribamizni xolisona baholash, qo‘lga kiritgan yuksak marralarimizni tahlil etish mamlakatimizni tadrijiy va bosqichma-bosqich rivojlantirish bo‘yicha biz tanlagan modelning naqadar to‘g‘ri ekanini va shu yo‘ldan bundan buyon ham og‘ishmay qat’iyat bilan borishimiz zarurligini yaqqol ko‘rsatmoqda.

Shundan kelib chiqqan holda, quyidagi yo‘nalishlarni demokratik o‘zgarishlarni yanada chuqurlashtirishning eng muhim ustuvor vazifalari sifatida belgilash zarur, deb o‘ylayman.

I. Davlat hokimiyati va boshqaruvini demokratlashtirish

Ma’lumki, o‘tgan davr mobaynida mamlakatimizda davlat hokimiyati va boshqaruvini demokratlashtirish sohasida amalga oshirilgan islohotlar o‘ta muhim bir maqsadga, ya’ni hokimiyatlar bo‘linishi konstitutsiyaviy prinsipini hayotga izchil tatbiq etish, hokimiyatlar o‘rtasida o‘zaro tiyib turish va manfaatlar muvozanatining samarali tizimini shakllantirish, markazda va joylarda qonun chiqaruvchi va vakillik hokimiyatining vakolatlari hamda nazorat vazifalarining rolini kuchaytirish, sud tizimini liberallashtirish va uning mustaqilligini ta’minlash bo‘yicha g‘oyat dolzarb chora-tadbirlarni ko‘rishga qaratilgan edi.

Bu jarayonda markaziy ijro etuvchi hokimiyatning boshqaruv tuzilmalari va ma’muriy organlarning vazifalarini o‘zgartirishga, ularning boshqarish, tartibga solish va taqsimlash borasidagi vakolatlarini, xo‘jalik tuzilmalari faoliyatiga bevosita aralashuvini keskin qisqartirishga katta e’tibor berildi. Boshqacha aytganda, ularning vakolatlarini bozor tamoyillariga muvofiqlashtirish va pirovard natijada davlatning iqtisodiyotni boshqarishdagi rolini jiddiy kamaytirish ko‘zda tutilgan edi.

Boshqaruv sohasini markazlashtirishni cheklash, bu boradagi vazifalarning bir qismini respublika darajasidan viloyat, tuman va shahar miqyosiga o‘tkazish, O‘zbekistonda mahalliy o‘zini o‘zi boshqarishning noyob shakli bo‘lgan mahalla tizimini shakllantirish masalalariga katta ahamiyat qaratildi.

Ikki palatali milliy parlamentimizni tashkil etish masalasi bo‘yicha 2002 yil 27 yanvarda o‘tkazilgan referendum yakunlari va shu asosda “Referendum yakunlari hamda davlat hokimiyati tashkil etilishining asosiy prinsiplari to‘g‘risida”gi konstitutsiyaviy qonunning qabul qilinishi qonun chiqaruvchi hokimiyatni tubdan isloh qilishning asoslarini belgilab berdi.

Bundan ko‘zlangan asosiy maqsadlar parlament tomonidan o‘z vakolatlarini amalga oshirish jarayonida o‘zaro tiyib turish va manfaatlar muvozanati tizimini shakllantirish, qonun ijodkorligining sifatini jiddiy ravishda oshirish, umumdavlat va hududiy manfaatlarning mutanosibligiga erishishdan iborat edi. Bu borada tarkib jihatidan asosan xalq deputatlari mahalliy Kengashlari vakillaridan tashkil topgan yuqori palata – Senatning hududlar manfaatlarini ifoda etishi, quyi – Qonunchilik palatasi esa o‘z faoliyatini doimiy professional asosda amalga oshirishi hisobga olinganini aytib o‘tish lozim.

Ta’kidlash kerakki, milliy parlamentimizning rivojlanishida yangi parlament va uning har bir palatasining maqomi, vakolatlari va faoliyat mexanizmlari aniq belgilab berilgan “O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi to‘g‘risida”gi va “O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati to‘g‘risida”gi konstitutsiyaviy qonunlarning 2003 yilda qabul qilinishi alohida ahamiyat kasb etdi.

2007 yilda O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasidan mamlakat Prezidenti bir vaqtning o‘zida ijro etuvchi hokimiyat boshlig‘i ekanini belgilaydigan normaning chiqarilishi ushbu davrdagi muhim siyosiy-huquqiy voqealardan biri bo‘ldi. Bugungi kunda Konstitutsiyamizning 89-moddasida “O‘zbekiston Respublikasining Prezidenti davlat boshlig‘idir va davlat hokimiyati organlarining kelishilgan holda faoliyat yuritishini hamda hamkorligini ta’minlaydi” degan qoida belgilab qo‘yilgan.

Ilgari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti egallab turgan Vazirlar Mahkamasi raisi lavozimining tugatilishi ham liberallashtirish va demokratlashtirish yo‘lida muhim qadam bo‘ldi. Qabul qilingan qonunlarga muvofiq endilikda Bosh vazir nafaqat Vazirlar Mahkamasi faoliyatini tashkil etadi, balki unga rahbarlik qiladi va uning ishi samaradorligi uchun shaxsan javob beradi, Vazirlar Mahkamasi majlislariga raislik qiladi, hukumat hujjatlarini imzolaydi, davlat va xo‘jalik boshqaruvi masalalari yuzasidan qarorlar qabul qiladi.

Hozirgi paytda mamlakatimiz aholisining siyosiy-huquqiy madaniyati va ijtimoiy ong darajasining o‘sib borishi, jamiyatni demokratlashtirish va liberallashtirish jarayonlarining jadal rivojlanishi, yurtimizda ko‘ppartiyaviylik tizimining tobora mustahkamlanishi davlat hokimiyatining uchta subyekti, ya’ni davlat boshlig‘i bo‘lgan Prezident, qonun chiqaruvchi va ijro etuvchi hokimiyatlar o‘rtasidagi vakolatlarning yanada mutanosib taqsimlanishini ta’minlash uchun zarur shart-sharoitlarni yuzaga keltirmoqda.

Shundan kelib chiqqan holda, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 98-moddasini quyidagi tahrirda bayon etish taklif qilinadi:

“O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi ijro etuvchi hokimiyatni amalga oshiradi. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri, uning o‘rinbosarlari, vazirlar, davlat qo‘mitalarining raislaridan iborat. Qoraqalpog‘iston Respublikasi hukumatining boshlig‘i Vazirlar Mahkamasi tarkibiga o‘z lavozimi bo‘yicha kiradi.

Vazirlar Mahkamasi iqtisodiyotning, ijtimoiy va ma’naviy sohaning samarali faoliyatiga rahbarlikni, O‘zbekiston Respublikasi qonunlari, Oliy Majlis qarorlari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlari ijrosini ta’minlaydi.

Vazirlar Mahkamasi amaldagi qonun hujjatlariga muvofiq O‘zbekiston Respublikasining butun hududidagi barcha organlar, korxonalar, muassasalar, tashkilotlar, mansabdor shaxslar va fuqarolar tomonidan bajarilishi majburiy bo‘lgan qarorlar va farmoyishlar chiqaradi.

O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Vazirlar Mahkamasi faoliyatini tashkil etadi va unga rahbarlik qiladi, uning samarali ishlashi uchun shaxsan javobgar bo‘ladi, Vazirlar Mahkamasining majlislariga raislik qiladi, uning qarorlarini imzolaydi, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining topshirig‘iga binoan xalqaro munosabatlarda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi nomidan ish ko‘radi, O‘zbekiston Respublikasi qonunlarida, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlarida nazarda tutilgan boshqa vazifalarni bajaradi.

Vazirlar Mahkamasi o‘z faoliyatida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti va O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi oldida javobgardir.

Vazirlar Mahkamasi yangi saylangan Oliy Majlis oldida o‘z vakolatlarini zimmasidan soqit qiladi.

Vazirlar Mahkamasining faoliyatini tashkil etish tartibi va vakolat doirasi qonun bilan belgilanadi.

O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri nomzodi O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasiga saylovlarda eng ko‘p deputatlik o‘rnini olgan siyosiy partiya yoki teng miqdordagi deputatlik o‘rinlarini qo‘lga kiritgan bir necha siyosiy partiyalar tomonidan taklif etiladi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti taqdim etilgan Bosh vazir lavozimiga nomzodni ko‘rib chiqqanidan keyin o‘n kun muddat ichida uni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining ko‘rib chiqishi va tasdiqlashi uchun taklif etadi.

Bosh vazir nomzodi uning uchun tegishlicha O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatlari va Senati a’zolari umumiy sonining yarmidan ko‘pi tomonidan ovoz berilgan taqdirda tasdiqlangan hisoblanadi.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining a’zolari Bosh vazir taqdimiga binoan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan tasdiqlanadi.

O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri va O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi o‘rtasida ziddiyatlar doimiy tus olgan holda Qonunchilik palatasi deputatlari umumiy sonining kamida uchdan bir qismi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti nomiga rasman kiritilgan taklif bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qo‘shma majlisi muhokamasiga Bosh vazirga nisbatan ishonchsizlik votumi bildirish haqidagi masala kiritiladi.

Bosh vazirga nisbatan ishonchsizlik votumi tegishlicha O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatlari va Senati a’zolari umumiy sonining kamida uchdan ikki qismi ovoz bergan taqdirda qabul qilingan hisoblanadi.

Bunday holatda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirini lavozimidan ozod etish bo‘yicha qaror qabul qiladi. Bunda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining butun tarkibi Bosh vazir bilan birga iste’foga chiqadi.

Yangi Bosh vazir nomzodi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasidagi barcha siyosiy partiyalar fraksiyalari bilan tegishli maslahatlashuvlar o‘tkazilganidan so‘ng O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining palatalariga ko‘rib chiqish va tasdiqlashga taqdim qilish uchun taklif etiladi.

Oliy Majlis tomonidan Bosh vazir lavozimiga nomzod ikki marta rad etilgan taqdirda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Bosh vazir vazifasini bajaruvchini tayinlaydi va O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisini tarqatib yuboradi”.

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 98-moddasiga kiritilayotgan ushbu o‘zgartishlarning mazmun-mohiyati shundan iboratki, ularga ko‘ra, Bosh vazir lavozimiga nomzod ko‘rsatish va uni tasdiqlashning yanada demokratik prinsiplarini ifodalaydigan yangi tartibi o‘rnatilmoqda. Shuningdek, Konstitutsiyaga kiritilayotgan bu o‘zgartishlarga binoan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga Bosh vazirga nisbatan ishonchsizlik votumini bildirish huquqi berilmoqda. Ayni vaqtda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi vakolatiga taalluqli masalalar yuzasidan qarorlar qabul qilish huquqi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining vakolatlari doirasidan chiqarilmoqda.

Taklif etilayotgan yana bir muhim o‘zgartish O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 96-moddasiga taalluqlidir.

Mamlakat Prezidenti turli sabablarga ko‘ra o‘z vazifasini bajara olmaydigan vaziyat yuzaga kelgan taqdirda noaniqlikka, ushbu moddani turlicha talqin etishga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida uning yangi tahririni quyidagi mazmunda bayon etish taklif qilinadi:

“Mamlakatning amaldagi Prezidenti o‘z vazifalarini bajara olmaydigan holatlarda uning vazifa va vakolatlari vaqtincha O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisining zimmasiga yuklatiladi, bunda uch oy muddat ichida, “O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi to‘g‘risida”gi Qonunga to‘liq muvofiq holda mamlakat Prezidenti saylovi o‘tkaziladi”.

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 98-moddasiga zikr etilgan tuzatishlarni kiritish taklif etilayotgani munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 78- va 93-moddalariga ham tegishli o‘zgartishlar kiritish zarurati tug‘iladi.

Jumladan, Konstitutsiyaning 78-moddasi 15-bandini “… shuningdek, mamlakat ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishining dolzarb masalalari yuzasidan Bosh vazirning hisobotlarini eshitish va muhokama qilish” degan so‘zlar bilan to‘ldirish kerak.

93-moddaning 15-bandiga “viloyatlar hokimlarini hamda Toshkent shahar hokimini qonunga muvofiq tayinlaydi hamda lavozimidan ozod etadi” degan so‘zlardan oldin “O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining taqdimiga binoan …” degan so‘zlarni kiritish maqsadga muvofiqdir.

93-moddaning 8-bandidan “ijro etuvchi hokimiyat devonini tuzadi va unga rahbarlik qiladi” degan so‘zlarni chiqarish tavsiya etiladi.

93-moddaning 16-bandini “…O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi majlislarida raislik qilishga haqli” degan so‘zlar bilan to‘ldirish lozim.

Shuningdek, 93-moddaning 12-bandidan “O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurori” degan so‘zlardan keyin “uning o‘rinbosarlari” degan so‘zlarni chiqarish va ularning o‘rniga “Hisob palatasi raisini” degan so‘zlarni kiritish va undan so‘ng matn bo‘yicha “tayinlaydi va ularni lavozimidan ozod qiladi, keyinchalik bu masalalarni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati tasdig‘iga kiritadi” degan tarzda bayon etish kerak.

Hurmatli majlis ishtirokchilari!

Biz hammamiz shuni aniq anglab olishimiz zarurki, saylovlarda yutib chiqqan siyosiy partiya taqdim etgan Bosh vazir nomzodining Parlament tomonidan ko‘rib chiqilishi va tasdiqlanishi haqidagi konstitutsiyaviy tartibning belgilanishi, hukumatga nisbatan ishonchsizlik votumi institutining joriy etilishi va siyosiy tizimni modernizatsiya qilish jarayonida amalga oshirilishi lozim bo‘ladigan boshqa qator chora-tadbirlar o‘z mazmun-mohiyati bilan mamlakatimizni isloh etish va demokratlashtirishning yangi bosqichini boshlab beradi.

Ayni vaqtda shuni unutmasligimiz kerakki, mazkur islohotlarning muvaffaqiyati, avvalambor, mamlakatimizni yanada demokratlashtirish va liberallashtirish yo‘lidagi sa’y-harakatlarimiz sur’atiga, fuqarolarimizning ijtimoiy-siyosiy faolligiga, ularning siyosiy va huquqiy madaniyatining yuksakligiga va o‘z-o‘zidan ayonki, birinchi navbatda siyosiy partiyalarning yetuklik darajasiga, ularning O‘zbekistonimiz taqdiri va kelajagiga daxldor bunday ulkan mas’uliyatli vakolatlarni o‘z zimmasiga olishga qay darajada tayyor ekaniga bevosita bog‘liqdir.


                o`zb   рус   eng
Bugun: 29.03.2020
Qidirish
© 2008 - 2020 O`zbekiston Respublikasi Prezidentining matbuot xizmati