Prezident islom karimovning “sharq taronalari” to‘qqizinchi xalqaro musiqa festivalining ochilishiga bag‘ishlangan tantanali marosimdagi tabrik so‘zi
27.08.2013
Prezident islom karimovning “sharq taronalari” to‘qqizinchi xalqaro musiqa festivalining ochilishiga bag‘ishlangan tantanali marosimdagi tabrik so‘zi

Muhtaram festival qatnashchilari!

Qadrli mehmonlar!

Xonimlar va janoblar!

Avvalo, dunyoning qadimiy shaharlaridan biri bo‘lmish Samarqand shahrida, mana shu muhtasham Registon maydonida to‘planib turgan siz, aziz “Sharq taronalari” xalqaro musiqa festivali ishtirokchilarini qutlashga, barcha-barchangizga o‘zimning samimiy hurmat-ehtiromimni bildirishga ruxsat bergaysiz.

Bugungi musiqa va san’at forumida qatnashayotgan yuksak martabali mehmonlarimizga – YuNESKO Bosh direktori Irina Bokova xonimga, Xalqaro madaniyat va san’at uyushmasi bosh kotibi Kuo Li Min xonimga, Xalqaro folklor ijodiyoti tashkiloti bosh kotibi janob Mun Xyung Sukka, Osiyo xalqaro san’at festivallari uyushmasi raisi janob Chen Shenglayga, Koreya Respublikasi Prezidentining madaniyat va san’at siyosati masalalari bo‘yicha maslahatchisi janob Xyung Van Li va boshqa qadrli do‘stlarimizga o‘zimning chuqur hurmat va tashakkurimni izhor etaman.

Festivalimizda xalqaro miqyosda keng tanilgan mashhur musiqa arboblari – Marokashdagi “Timitar” xalqaro musiqa festivali rahbari janob Braxim El Mazned, Yapon musiqa assotsiatsiyasi prezidenti janob Kavase Tadasuke, shuningdek, Afg‘oniston axborot va madaniyat vaziri janob doktor Said Mahdum Raxin, Kuala-Lumpur shahri meri janob Datuk Ahmad Feysal Tolib qatnashayotgani bizning anjumanimizga alohida e’tirof va nufuz bag‘ishlaydi.

Xalqaro festivalimizda yana bir hurmatli mehmonimiz – Amerika Qo‘shma Shtatlari Kongressining a’zosi, taniqli siyosatchi janob Jeyms Patrik Moranning ishtirok etayotgani barchamizga katta mamnuniyat yetkazadi.

Shu fursatdan foydalanib, bugun musiqa bayramimizda hozir bo‘lgan xorijiy davlatlarning O‘zbekistondagi muhtaram elchilari va vakillarini qutlashni istardim.

Bugun biz jahonning 52 ta davlatidan kelgan siz, aziz mehmonlarimizni sharqona ehtirom bilan “Xush kelibsiz azim Samarqand zaminiga, xush kelibsiz mehmondo‘st O‘zbekistonimizga!” deb kutib olamiz.

Hurmatli do‘stlar!

Bugun biz “Sharq taronalari” xalqaro musiqa festivalini yurtimizda to‘qqizinchi bor o‘tkazmoqdamiz. Har safar navbatdagi festivalni o‘tkazar ekanmiz, mazkur anjumanni dunyoning eng ko‘hna shaharlaridan biri bo‘lgan Samarqandda o‘tkazish haqida YuNESKO tomonidan qo‘llab-quvvatlangan qarorimiz naqadar to‘g‘ri bo‘lganiga takror va takror ishonch hosil qilamiz.

Asrlar davomida umumbashariy madaniyat va sivilizatsiya markazlaridan biri bo‘lib kelayotgan, afsonaviy Sharq timsoli, o‘zining yetti iqlimga mashhur me’moriy obidalari, buyuk salohiyati, go‘zal va so‘lim tabiati bilan har qanday odamni o‘ziga maftun etadigan bu tarixiy shahar eng yuksak xalqaro anjumanlarni o‘zida qabul qilishga har tomonlama munosibdir.

Bunday ulug‘vor va tabarruk shaharning yuragi bo‘lmish, Registon deb nom olgan, dunyoda kam uchraydigan bu muhtasham sahna, hech shubhasiz, milliy mumtoz taronalarga yangicha, betakror go‘zallik va nafosat baxsh etadi, ming-minglab san’at muxlislari xotirasida o‘chmas iz qoldiradi.

Aynan Samarqand zaminida poydevor qo‘yilgan “Sharq taronalari” festivalining o‘z oldiga qo‘ygan g‘oya va maqsadlarini qisqacha ifoda qiladigan bo‘lsak, ular avvalambor musiqa san’atini ulug‘lashga, uning odamlarga bo‘lgan ta’sirini oshirish, ezgu orzu-umidlarni musiqa orqali tarannum etishga va shu asosda dunyodagi turli millat va elatlarning vakillarini hech qanday tarjimonsiz bir-biriga bog‘lash, do‘stlik va hamjihatlikni yanada mustahkamlashga qaratilgani bilan ayniqsa e’tiborlidir.

Muhtaram festival qatnashchilari!

Biz barchamiz sizlarning timsolingizda ana shunday buyuk va bebaho ma’naviy boylikni asrab-avaylash va rivojlantirish yo‘lida beg‘araz xizmat qilayotgan, Sharqning mumtoz san’atini yangi-yangi yosh avlodlarga bezavol yetkazib kelayotgan fidoyi insonlarni, mohir san’at ustalari va ustozlarini ko‘ramiz.

Shu ma’noda, bugun biz boshimizdan kechirayotgan notinch va o‘ta murakkab bir zamonda xalqlarni bir-biriga o‘zaro yaqinlashtirish, mushtarak ildizlarni bir-biriga payvand etishda, mintaqa va butun dunyoda tinchlik va osoyishtalikni mustahkamlash yo‘lida musiqa san’atining beqiyos kuchi va ta’sirini namoyon etishda “Sharq taronalari” kabi festivallarning ahamiyatini o‘lchash va qiyoslash qiyin, desam, haqiqatni aytgan bo‘laman.

Ayni mana shunday olijanob maqsadlarni o‘z zimmasiga olgan, turli-turli mintaqa va mamlakatlardan kelgan siz, hurmatli madaniyat vakillarini aziz mehmonlarimiz sifatida qabul qilamiz, sizga berilgan iste’dod va talant oldida ta’zim qilamiz.

Aziz festival ishtirokchilari!

Tobora ulkan obro‘ va e’tibor topib borayotgan “Sharq taronalari” xalqaro musiqa anjumanini yuksak darajada o‘tkazish uchun puxta tayyorgarlik ko‘rish va kerakli imkoniyatlarni tug‘dirish albatta tashkilotchilardan, avvalo Samarqand ahlidan katta mas’uliyat talab etishini hammamiz yaxshi tushunamiz.

Bugun hech ikkilanmasdan aytish mumkin: ayni shunday tayyorgarlik ishlarida jonbozlik ko‘rsatgan, o‘zining mehmondo‘stligi, ajoyib fazilatlari bilan dunyoda nom qozongan Samarqand ahliga barchangizning nomingizdan, shaxsan o‘z nomimdan samimiy minnatdorlik bildirishni o‘zimning burchim deb bilaman.

Fursatdan foydalanib, shu azim shaharda tug‘ilib o‘sgan, voyaga yetgan inson sifatida men uchun doimo aziz va qadrdon bo‘lgan Samarqand xalqiga, keksayu yosh barcha hurmatli hamyurtlarimga farzandlik mehrim va sadoqatimni yana bir bor izhor etish menga cheksiz xursandchilik va baland ruh bag‘ishlaydi.

Aziz yurtdoshlarim!

Muhtaram mehmonlar!

Barchangizni bag‘rimga bosib, bugungi go‘zal bayram bilan – “Sharq taronalari” xalqaro musiqa festivalining ochilishi bilan yana bir bor tabriklayman.

Hammangizga sihat-salomatlik, baxtu saodat, anjuman ishiga muvaffaqiyat tilayman.

E’tiboringiz uchun rahmat.


                o`zb   рус   eng
Bugun: 16.09.2019
Qidirish
© 2008 - 2019 O`zbekiston Respublikasi Prezidentining matbuot xizmati