O‘ZBEKISTON G‘ALLAKORLARIGA
16.07.2013

Qadrli do‘stlar!

Siz, aziz dehqon va fermerlarimizni, barcha dala mehnatkashlarini rizq-ro‘zimiz va boyligimiz manbai, dasturxonlarimizning to‘kinligi, to‘qchilik belgisi bo‘lmish g‘alladan 7 million 610 ming tonnadan ziyod yuksak xirmon bunyod etib, ulkan mehnat g‘alabasini qo‘lga kiritganingiz bilan chin qalbimdan muborakbod etaman.

Bugun O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi tarixida birinchi bor mana shunday misli ko‘rilmagan natijaga erishib, ko‘pchilik viloyat va tumanlarda, fermer xo‘jaliklarida hosildorlikni yuksak darajaga yetkazganimiz fidoyi dehqon va fermerlarimiz qanday buyuk ishlarga qodir ekanini namoyon etib, butun xalqimizning kayfiyati va ruhini ko‘tardi, desak, hech qanday mubolag‘a bo‘lmaydi.

Xalqimizga mansub bo‘lgan azaliy qadriyatga ko‘ra, nonni aziz va tabarruk ne’mat sifatida qadrlab, e’zozlab, uni doimo ko‘ziga to‘tiyo qilib yashaydigan el-yurtimiz bu yutuq qanday og‘ir va mashaqqatli mehnatingiz, azmu shijoatingiz evaziga qo‘lga kiritilganini yaxshi biladi va yuksak baholaydi.

Haqiqatan ham, bu yilgi mavsumda o‘rtacha hosildorlikni 55 sentnerga yetkazganingiz, o‘tgan yilga nisbatan qariyb 500 ming tonna ko‘p g‘alla olishga erishganingiz har qancha tahsin va tasannolarga munosibdir.

Aziz do‘stlarim, qadrdonlarim!

Joriy yilda barpo etilgan ulkan g‘alla xirmonini 90-yillarda mamlakatimizda shu borada mavjud bo‘lgan holat bilan qiyoslab, solishtiradigan bo‘lsak, bizning tarixan qisqa davrda tasavvur qilishning o‘zi ham qiyin bo‘lgan buyuk yo‘lni bosib o‘tganimiz, bu g‘alabaning naqadar yuksak, yurtimiz uchun naqadar qadrli ekani yana va yana bir bor ayon bo‘ladi.

1991-yilda, O‘zbekiston endi mustaqillikka erishgan kunlarda o‘lkamizda jami 940 ming tonna g‘alla yetishtirilib, o‘rtacha hosildorlik bor-yo‘g‘i 17 sentnerni tashkil etganini, respublikamiz don va un ta’minoti bo‘yicha butunlay Markazga qaram bo‘lib kun kechirganini o‘zimizga faraz qilsak, o‘tgan yillar mobaynida g‘alla mustaqilligini qo‘lga kiritganimiz, hosildorlik 3 karradan ko‘proq oshgani, umumiy hosil 7 barobardan ziyod ko‘paygani, hozirgi vaqtda nafaqat o‘z ehtiyojimizni ta’minlash, ayni paytda xorijiy davlatlarga don eksport qilishga erishganimiz bizning qanday yuksak marralarni zabt etganimizdan yaqqol dalolat beradi va o‘zgalarning hayratini tortadi.

Albatta, qo‘lga kiritilgan bunday ulkan natijalarning asosiy omil va mezonlari nimalardan iborat, degan tabiiy savol tug‘iladi.

Mustaqillikning dastlabki yillaridan boshlab bizning bugungi kunda dunyo hamjamiyati tomonidan e’tirof etilgan, rivojlanishning “o‘zbek modeli” deb nom olgan taraqqiyot yo‘lini, demokratlashtirish va yangilanish yo‘lini tanlaganimiz, xalqimizning hayot darajasi va sifatini yuksaltirish maqsadida chuqur o‘ylangan, keng ko‘lamli islohot va o‘zgarishlarni avvalo iqtisodiyotning yetakchi tarmog‘i bo‘lmish qishloq xo‘jaligidan boshlaganimiz mana shunday yutuqlarimizning negizini tashkil etmoqda, desak, ayni haqiqatni aytgan bo‘lamiz.

O‘zini oqlamagan eski tizimning o‘zagi bo‘lgan mulkchilik shakllaridan voz kechib, bozor munosabatlari va xususiy mulkchilikni joriy etganimiz qishloq xo‘jaligida mutlaqo yangi ishlab chiqarish munosabatlarini rivoj toptirishda, eng muhimi, qishloq ahlining butunlay yangicha fikrlash, o‘z mehnatiga yangicha qarashini shakllantirishda eng asosiy va muhim omil bo‘ldi.

Shu borada fermerlik harakatiga keng yo‘l ochib berganimiz, uni mustahkamlash va taraqqiy ettirish uchun huquqiy, tashkiliy va moliyaviy zamin yaratib berganimiz, bu harakatni har tomonlama rag‘batlantirib, qo‘llab-quvvatlaganimiz bugungi kunda uning qishloq xo‘jaligida chindan ham hal qiluvchi kuch bo‘lib maydonga chiqishida, dehqon o‘zini haqiqiy yer egasi, mulk sohibi deb his qilishida, fermerlarni, ta’bir joiz bo‘lsa, jamiyatimizning tayanchiga aylantirishda beqiyos ahamiyat kasb etdi.

Shu ma’noda, barchamizni boqadigan, jamiki noz-ne’mat va boyliklarning bunyodkori bo‘lmish dehqon va fermerlarimizning dunyoqarashi, ongu tafakkuri, hayotga munosabati, siyosiy saviyasi va ijtimoiy faolligi yuksalib borayotgani bugun qo‘lga kiritayotgan ulkan marralarimizning asosiy sharti va garovi bo‘lmoqda, desak, hech qanday xato bo‘lmaydi.

Aytish kerakki, bu yilgi mavsum o‘tgan mavsumlarga nisbatan oson bo‘lgani yo‘q. G‘allakorlarimiz tabiat va iqlim qiyinchiliklari bilan bog‘liq turli sinovlarni yengib o‘tishlariga to‘g‘ri keldi. Qish faslida havoning sovuqlik darajasi me’yoridan ortiq bo‘lgani, mart oyida esa haroratning odatdagidan ko‘ra pasayib ketgani, do‘l va jalalar yog‘ishi dehqonlarimiz uchun jiddiy tashvish va muammolar tug‘dirdi.

Ayni shunday murakkab sharoitda dala mehnatkashlari avvalo ishni to‘g‘ri tashkil qilish, zamonaviy agrotexnologiyalardan samarali foydalanish hisobidan hosilni saqlab qolishga va belgilangan marralarni egallashga muvaffaq bo‘ldilar.

Bu haqda gapirganda, mavsum davomida g‘allazorlarga jami 12 million tonna, har gektar maydonga o‘rtacha 10 tonnadan ortiq mahalliy o‘g‘it berilgani, dehqonlarimizning har tup ko‘chat ustida parvona bo‘lib, o‘zini ayamasdan mehnat qilganini minnatdorlik bilan ta’kidlash lozim.

Albatta, mana shunday yuksak xirmon yaratishga erishganimizning omillari haqida so‘z yuritganda, oxirgi yillarda yerlarning meliorativ holatini yaxshilash, seleksiya ishlarini to‘g‘ri yo‘lga qo‘yish, g‘alla navlarini har bir hududning iqlim va tuproq sharoitini, suv bilan ta’minlanish darajasini inobatga olgan holda joylashtirish, zamonaviy texnika, yangi kombaynlar, mineral o‘g‘itlar, yoqilg‘i-moylash materiallarini o‘z vaqtida yetkazib berish, hashorat va zararkunandalarga qarshi kurashish – albatta, bularning barchasi amaliy samarasini berganini unutmasligimiz kerak.

Ishning ko‘zini bilib amalga oshirilgan ana shunday muhim chora-tadbirlar tufayli barcha viloyat, jumladan, nisbatan og‘ir sharoitda bo‘lgan Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyati g‘allakorlari ham davlatga don sotish shartnoma majburiyatini bajarishga erishdilar. Ayniqsa, Qashqadaryo, Andijon, Samarqand, Namangan, Farg‘ona, Buxoro va Toshkent viloyatlarida sug‘oriladigan yerlarda hosildorlik o‘rtacha 57-63 sentnerni tashkil qilganini bu yilgi mavsumning eng muhim natijasi sifatida baholash o‘rinlidir.

Boshqalarga ibrat va namuna bo‘lgan Uchqo‘rg‘on, Norin, Uychi, Sariosiyo, Vobkent, Yakkabog‘, Qarshi, Oltinko‘l, Ishtixon, Paxtaobod, Izboskan, Baliqchi, Oqdaryo, Uchko‘prik, Koson, Do‘stlik, Romitan, Toshloq, Furqat, Piskent, Yuqorichirchiq, Xatirchi tumanlarida hosildorlik 60-75 sentnerdan oshganini alohida qayd etish joiz.

Kattaqo‘rg‘on tumanidagi “Hosil”, “Shakar ota”, Uchko‘prik tumanidagi “Farovon hayot sari”, Norin tumanidagi “Ahmadjon Alijon ota o‘g‘li”, Uchqo‘rg‘on tumanidagi “Gulxumor”, Buvayda tumanidagi “Yoqubjon ota”, Oltinko‘l tumanidagi “Namuna serhosil yeri”, Jondor tumanidagi “Baxtiyor Yarash o‘g‘li”, Do‘stlik tumanidagi “Omonturdi ota”, Xatirchi tumanidagi “Tasmachi iqboli”, O‘rtachirchiq tumanidagi “Ibrohim Abdurahmonov” kabi o‘nlab fermer xo‘jaliklarida gektaridan 100 sentner va undan oshirib hosil olingani yurtimiz dehqonlarining haqiqiy omilkorlik fazilatlari va mehnat jasoratining yana bir amaliy ifodasi bo‘ldi.

Eng asosiysi, yetishtirilgan jami hosilning qariyb 50 foizi yoki 3 million 524 ming tonnasi fermer xo‘jaliklari ixtiyorida qoldirilganini dehqonlarning omborlari donga, ro‘zg‘orlari qut-barakaga to‘lib borayotgani, ular o‘z mehnatidan katta manfaat ko‘rayotganining yorqin dalili sifatida qabul qilamiz.

Qadrli va muhtaram do‘stlarim!

Ishonchim komil – bugungi quvonchli ayyomda siz, aziz g‘allakorlarimiz, dehqon va fermerlarimiz erishgan bu ulkan g‘alaba O‘zbekistonimizda kattayu kichik barchani, kasbu kori, vazifasidan qat’i nazar, hech kimni befarq qoldirmaydi.

Bugun el-yurtimizning tilida va dilida sizlarning sha’ningizga bag‘ishlab, “Barakalla, barchamizni qoyil qoldirdingiz, hech qachon kam bo‘lmang!” deb aytiladigan his-tuyg‘ular, ezgu tilaklar mujassam, desam, o‘ylaymanki, yanglishmagan bo‘laman.

Mana shunday xursandchilik kunda siz, mirishkor dehqon va fermerlarni, mexanizator va kombaynchilarni, qishloq xo‘jaligi mutaxassislarini, yuksak xirmonga munosib hissa qo‘shgan barcha-barcha yurtdoshlarimizni bag‘rimga bosib, yana bir bor samimiy tabriklayman.

Fidokorona va halol mehnatingiz uchun o‘z nomimdan, butun xalqimiz nomidan ta’zim qilaman.

Doimo sog‘-omon bo‘ling, azizlarim, qadrdonlarim!

Go‘zal va betakror, muqaddas Vatanimizni, zahmatkash va olijanob xalqimizni Yaratganimiz doimo o‘z panohida asrasin!

Islom Karimov,
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti


                o`zb   рус   eng
Bugun: 16.09.2019
Qidirish
© 2008 - 2019 O`zbekiston Respublikasi Prezidentining matbuot xizmati