Xorijiy davlatlarga tashriflar
05.12.2012

Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligining Ashxobod sammiti
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov 5-dekabr kuni Turkmaniston poytaxti Ashxobod shahrida bo‘ldi va Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi (MDH) Davlat rahbarlari kengashining navbatdagi majlisida ishtirok etdi.

Sammit boshlanishidan avval O‘zbekiston va Turkmaniston Prezidentlarining suhbati bo‘lib o‘tdi. Islom Karimov va Gurbanguli Berdimuhamedov do‘stona muhitda, o‘zaro ishonch va ochiqlik ruhida o‘tgan suhbatda O‘zbekiston-Turkmaniston munosabatlarining bugungi holati va istiqbollarini, mamlakatlarimizning MDH doirasidagi hamkorligi masalalarini muhokama qildilar.

MDH Davlat rahbarlari kengashining majlisida iqtisodiy va gumanitar sohalarda, xavfsizlikni ta’minlashda mintaqaviy hamkorlikni chuqurlashtirishga qaratilgan qator hujjatlar loyihalari ko‘rib chiqildi.

15.10.2012

O‘ZBEKISTON – OZARBOYJON: DO‘STLIK VA HAMKORLIKNI YANADA MUSTAHKAMLASH YO‘LIDA
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov 11-12 oktabr kunlari rasmiy tashrif bilan Ozarboyjon Respublikasida bo‘ldi.

O‘zbekiston delegatsiyasining Ozarboyjonga tashrifining ilk daqiqalaridanoq qadim ozarboyjon zaminiga xos bo‘lgan an’anaviy mehmondo‘stlik, samimiylik, do‘stona munosabat tuyg‘ulari hamda mamlakatimizga katta hurmat-ehtirom namoyon bo‘ldi.

Mamlakatlarimiz o‘rtasidagi munosabatlar tashqi siyosiy kon’yunktura qanday bo‘lishidan qat’i nazar chuqur tarixiy ildizlar, o‘xshash va yaqin milliy an’analar, urf-odatlar, til, madaniyat va dinga asoslanadi, hamkorligimiz aniq belgilangan yo‘nalishlarga ega. Do‘stona aloqalarimizning yangi tarixida mamlakatlarimiz turli darajalarda o‘zaro samimiy yordam qo‘lini cho‘zib, bir-birini qo‘llab-quvvatlaganiga ko‘plab misollar keltirish mumkin.

02.10.2012

O‘ZBEKISTON-TURKMANISTON: AN’ANAVIY DO‘STLIK MUNOSABATLARINI MUSTAHKAMLASH YO‘LIDA
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov Turkmaniston Prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedovning taklifiga binoan 1-2-oktabr kunlari rasmiy tashrif bilan ushbu mamlakatda bo‘ldi.

O‘zbekiston va Turkmanistonni uzoq asrlarga taqaluvchi tarixiy yaqin munosabatlar, xalqlarimizni mushtarak madaniy va ma’naviy qadriyatlar, o‘xshash til, an’ana va urf-odatlar bog‘lab turadi.

Islom Karimov va Gurbanguli Berdimuhamedovning ochiqlik va o‘zaro ishonch ruhida o‘tgan muzokaralari chog‘ida tomonlar mamlakatlarimiz manfaatlari mushtarak ekanligini va ikki davlatda ham keng ko‘lamli hamkorlikni har tomonlama rivojlantirish uchun siyosiy xohish-iroda mavjudligini, shuningdek, muhokama qilingan xalqaro va mintaqaviy ahamiyatga ega deyarli barcha muammolar yuzasidan O‘zbekiston va Turkmanistonning pozitsiya va yondashuvlari o‘xshash yoki yaqin ekanini tasdiqladilar.

Markaziy Osiyo va dunyoning boshqa mintaqalarida vaziyatning shiddat bilan o‘zgarayotganini, davom etayotgan global moliyaviy-iqtisodiy inqiroz va uning oqibatlarini hisobga oladigan bo‘lsak, bularning barchasi alohida ahamiyat kasb etadi.
21.09.2012

Hamkorlikning yangi ufqlari
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov Koreya Respublikasi Prezidenti Li Myon Bakning taklifiga binoan 19-21 sentabr kunlari davlat tashrifi bilan ushbu mamlakatda bo‘ldi.

O‘zbekiston Prezidentiga yuksak hurmat ifodasi sifatida, Islom Karimovning buyuk yetakchilik fazilatlari va O‘zbekiston-Janubiy Koreya munosabatlarini rivojlantirish va mustahkamlash ishiga qo‘shgan ulkan hissasining e’tirofi sifatida Janubiy Koreya rahbarining tashabbusi bilan ushbu tashrifga yana davlat tashrifi maqomi berildi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Koreya Respublikasiga davlat tashrifi O‘zbekiston bilan Koreya munosabatlari tarixida yangi sahifa ochdi.

Uchrashuvlar chog‘ida erishilgan kelishuvlar va imzolangan hujjatlar ikki mamlakat xalqlarining uzoq muddatli manfaatlariga to‘liq javob berishi va hamkorlikning mavjud boy salohiyatini samarali amalga oshirishga xizmat qilishi ta’kidlandi. Tomonlar strategik sheriklikni faollashtirish, siyosiy muloqotni kengaytirish va barcha sohalardagi munosabatlarni o‘zaro manfaatli asosda chuqurlashtirishga tayyor ekanini yana bir bor namoyon etdi.
07.09.2012

Manfaatlar va taqdirlar mushtarakligi – o‘zaro munosabatlar asosi bo‘lgan qadriyatlardir
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Nursulton Nazarboyevning taklifiga binoan 6-7 sentabr kunlari rasmiy tashrif bilan ushbu mamlakatda bo‘ldi.

Qozog‘iston Prezidentining “Oqo‘rda” saroyida oliy martabali mehmonni rasmiy kutib olish marosimi bo‘ldi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sharafiga faxriy qorovul saf tortdi. Ikki davlat rahbarlari shohsupaga ko‘tariladilar. O‘zbekiston va Qozog‘iston davlat madhiyalari yangraydi. Prezidentlar faxriy qorovul safi oldidan o‘tadilar.

Ikki davlat rahbarlari tor doiradagi va kengaytirilgan tarkibdagi muzokaralarda O‘zbekiston-Qozog‘iston munosabatlarini rivojlantirishning muhim masalalarini, Markaziy Osiyo va uning atrofidagi vaziyat, shuningdek, tomonlarni qiziqtirgan dolzarb xalqaro muammolarni atroflicha muhokama qildilar.

06.06.2012

O‘zbekiston-Xitoy: strategik hamkorlik
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov 5-7 iyun kunlari rasmiy tashrif bilan Xitoy Xalq Respublikasida bo‘ldi.

Xitoyga tashrif asnosida O‘zbekiston Prezidenti Shanxay hamkorlik tashkiloti (ShHT) Davlat rahbarlari kengashining 12-majlisida ham ishtirok etdi.

Davlatimiz rahbarining Xitoyga tashrifi chog‘ida oliy darajadagi O‘zbekiston-Xitoy muloqoti ustuvor ahamiyat kasb etdi.

Rasmiy kutib olish marosimidan so‘ng, ya’ni, ikki mamlakat davlat madhiyalari yangrab, faxriy qorovul harbiy hurmat bajo keltirganidan keyin O‘zbekiston Prezidenti Islom Karimov bilan XXR Raisi Xu Szintaoning uchrashuv va muzokaralari bo‘lib o‘tdi.

Uchrashuv avvalida Xu Szintao qadrdon do‘sti – Prezident Islom Karimov bilan yana uchrashib turganidan baxtiyor ekanini ta’kidladi. Xitoy va O‘zbekiston, deb qayd etdi u, birgalikda muhim tarixiy voqeani, mamlakatlarimiz o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatilganining 20-yilligini nishonlamoqda. Ushbu tashrif ikki tomonlama munosabatlar rivojiga yangi sur’at baxsh etadi. O‘zbekiston rahbari bilan ikki tomonlama munosabatlarga oid va tomonlarni qiziqtirgan boshqa masalalar bo‘yicha batafsil fikr almashishga tayyorlik izhor etildi.
15.05.2012

O‘zbekiston Prezidenti ODKB va MDH sammitlarida ishtirok etdi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov 15-may kuni Moskva shahrida Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkiloti (ODKB) Kollektiv xavfsizlik kengashining yubiley sessiyasi va Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi (MDH) Davlat rahbarlari kengashining norasmiy majlisida ishtirok etdi.

ODKB Kollektiv xavfsizlik kengashining sessiyasi Kremlda davlat rahbarlarining tor doiradagi uchrashuvi bilan boshlandi. So‘ngra Tashkilotga a’zo mamlakatlar rasmiy delegatsiyalari vakillari ishtirokida kengaytirilgan majlis o‘tkazildi.

Kengashning ushbu sammiti Kollektiv xavfsizlik to‘g‘risidagi Toshkent shartnomasi imzolanganiga 20-yil va ODKB tashkil etilganiga 10-yil to‘lgan bir paytda bo‘lib o‘tdi.

O‘tgan yillar davomida Shartnomaga qo‘shilgan mamlakatlar kollektiv xavfsizlik tizimini shakllantirish bo‘yicha murakkab yo‘lni bosib o‘tdi. Sobiq Ittifoq hududida yuzaga keladigan ko‘plab muammolarni hal etish borasida a’zo mamlakatlarning amaliy hamkorligi bo‘yicha katta tajriba to‘plandi.
21.12.2011

O‘zbekiston Prezidenti ODKB va MDH sammitlarida ishtirok etdi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov 20 dekabr kuni Moskva shahrida bo‘lib o‘tgan Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkiloti va Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi oliy organlarining sessiyalarida ishtirok etdi.

ODKB Kollektiv xavfsizlik kengashining navbatdagi majlisi Kremlda davlat rahbarlarining tor doiradagi uchrashuvi bilan boshlandi. Shundan so‘ng a’zo mamlakatlar rasmiy delegatsiyalari ishtirokida kengaytirilgan tarkibdagi majlis bo‘lib o‘tdi.

Prezident Islom Karimov o‘z nutqida O‘zbekiston nuqtai nazariga ko‘ra, prinsipial ahamiyatga molik masalalarga to‘xtaldi.

1992 yilda imzolangan Kollektiv xavfsizlik to‘g‘risidagi shartnoma unda ishtirok etayotgan davlatlarning suverenitetini saqlashni ta’minlashga qaratilgan o‘zining asosiy vazifasini munosib bajarib kelmoqda. ODKB tomonidan Shartnomani mustahkamlash va uni bugungi geosiyosiy vaziyatga moslashtirish bo‘yicha amalga oshirilgan choralar harbiy-siyosiy hamkorlikni faollashtirish va kollektiv xavfsizlikning samarali tizimini shakllantirishga kirishish va yangi tahdid hamda xatarlarga qarshi kurashish imkonini berdi.
15.06.2011

Shanxay hamkorlik tashkiloti: hamjihatlikda global tahdidlarga qarshi kurashish va barqaror taraqqiyotni ta'minlash
SHHT Davlat rahbarlari kengashining 2011 yil 14-15 iyun kunlari Ostona shahrida bo‘lib o‘tgan o‘n birinchi majlisi yakunlariga doir.

SHHT Davlat rahbarlari kengashi rasmiy dasturi 15 iyun kuni Mustaqillik saroyida Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Nursulton Nazarboyev, Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Xu Szintao, Qirg‘iziston Respublikasi Prezidenti Roza Otunboyeva, Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Dmitriy Medvedev, Tojikiston Respublikasi Prezidenti Imomali Rahmon va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov ishtirokida tor doiradagi uchrashuvdan boshlandi.

Majlisda SHHT doirasidagi hamkorlikning hozirgi holati va istiqbolli yo‘nalishlari, shuningdek, mintaqaviy va xalqaro siyosatga oid dolzarb masalalar yuzasidan atroflicha fikr almashildi.

19.05.2011

O‘zaro hamkorlik va tenglikka asoslangan uzoq muddatli strategik sheriklik O‘zbekiston Prezidenti Islom Karimovning Hindistonga davlat tashrifi yakunlariga doir.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov 2011 yil 17-18 may kunlari davlat tashrifi bilan Hindiston Respublikasida bo‘ldi.

Hindiston tomonining tashabbusiga binoan ushbu tashrifga xalqaro tajribadagi eng oliy – davlat tashrifi maqomi berildi. Bunda ikki tomonlama hamkorlikning yuksak darajada rivojlanayotgani, shu bilan birga, o‘zbek va hind xalqlari o‘rtasidagi har tomonlama do‘stlik aloqalarining ko‘p asrlik qadim ildizlari inobatga olingan.

Hindiston noyob tarixga ega, yurtimiz bilan azaliy va mustahkam madaniy va savdo-iqtisodiy aloqalar, eng muhimi, samimiy do‘stlik rishtalari bilan bog‘langan mamlakat sifatida yaxshi ma’lum.


                o`zb   рус   eng
Bugun: 25.06.2019
Qidirish
© 2008 - 2019 O`zbekiston Respublikasi Prezidentining matbuot xizmati