O`zbekistonga tashriflar
04.04.2013

Oqsaroyda qabul
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov 4-aprel kuni Oqsaroyda Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi Ijroiya qo‘mitasi raisi – ijrochi kotibi Sergey Lebedevni qabul qildi.

Davlatimiz rahbari mehmonni yurtimizga tashrifi bilan qutlar ekan, O‘zbekiston MDH faoliyatida ishtirok etish masalasiga muhim ahamiyat berishini ta’kidladi. O‘zbekiston Respublikasining 2012-yilda qabul qilingan Tashqi siyosiy faoliyat konsepsiyasida Hamdo‘stlikda qatnashish xalqaro tashkilotlar bilan ko‘p tomonlama hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlaridan biri etib belgilangan. MDH keng qamrovli munosabatlarni muvofiqlashtiruvchi tuzilma vazifasini bajarishi, shuningdek, mintaqa mamlakatlari o‘rtasida qaror topgan hamkorlik doirasida bevosita aloqalar va davlatlararo muloqotlar maydoni bo‘lib qolishi mumkin va darkor. Shu ma’noda, tashkilotga a’zo barcha davlatlar uchun Hamdo‘stlik zarur va muhim ahamiyatga ega.

27.03.2013

OQSAROYDA QABUL
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov 27-mart kuni Oqsaroyda Qozog‘iston Respublikasi tashqi ishlar vaziri Yerlan Idrisovni qabul qildi.

Davlatimiz rahbari mehmonni yurtimizga tashrifi bilan qutlar ekan, O‘zbekiston bilan Qozog‘iston o‘rtasidagi ochiq va samarali munosabatlar hamda ko‘p qirrali hamkorlik mamlakatlarimiz va xalqlarimizning uzoq muddatli manfaatlariga xizmat qilishini, an’anaviy chuqur tarixiy ildizlarga asoslanishini va bugungi kunda barcha asosiy yo‘nalishlar bo‘yicha izchil rivojlanib borayotganini ta’kidladi.

Qozog‘iston tashqi ishlar vaziri Prezident Nursulton Nazarboyev nomidan O‘zbekiston Prezidenti va xalqiga ezgu tilaklar va chuqur hurmat-ehtirom izhor etdi.

02.03.2013

Oqsaroyda qabul
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov 2-mart kuni Oqsaroyda Fransiya Respublikasi tashqi ishlar vaziri Loran Fabiusni qabul qildi.

Fransiya tashqi ishlar vazirining mamlakatimizga tashrifi O‘zbekiston – Fransiya munosabatlarini mustahkamlash, xalqaro va mintaqaviy ahamiyatga ega dolzarb muammolar bo‘yicha izchil rivojlanib borayotgan muloqotning mantiqiy davomidir.

Davlatimiz rahbari mehmonni yurtimizga tashrifi bilan qutlar ekan, mamlakatlarimiz o‘rtasidagi hamkorlik faollashayotgani, o‘zaro uchrashuvlar izchillik kasb etayotgani Fransiyada O‘zbekiston bilan munosabatlarga alohida e’tibor berilishining yana bir tasdig‘i ekanini ta’kidladi. Islom Karimov Fransiya Prezidenti Fransua Ollandga yaqinda yo‘llagan samimiy va ezgu tilaklar, mamlakatlarimiz o‘rtasidagi hamkorlikni kengaytirish istagi bildirilgan maktubi uchun minnatdorlik izhor etdi.

19.02.2013

Oqsaroyda qabul
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov 19-fevral kuni Oqsaroyda Amerika Qo‘shma Shtatlari Kongressi Vakillar palatasining Yevropa va Yevroosiyo bo‘yicha quyi qo‘mitasi raisi Deyna Rorabaxer hamda kongressmenlar Pol Kuk, Ted Po va Brayan Xigginsdan iborat delegatsiyani qabul qildi.

Amerikalik qonun chiqaruvchilar guruhi mamlakatlarimiz parlamentariylari o‘rtasidagi muntazam muloqotlar doirasida Toshkentda mehmon bo‘lib turibdi.

05.02.2013

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimovga 5-fevral kuni Oqsaroyda Shveytsariya Konfederatsiyasi, Iordaniya Hoshimiylar Podshohligi, Afg‘oniston Islom Respublikasi, Ozarbayjon Respublikasining mamlakatimizdagi Favqulodda va muxtor elchilari etib tayinlangan – Nikolya Bryul, Muhammad Nur Usmon Yusuf Balqar, Muhammad Sodiq Daudzay, Guseyn Kuliyev ishonch yorliqlarini topshirdi.
21.12.2012

Oqsaroyda qabul
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov 21 dekabr kuni Oqsaroyda Qozog‘iston Respublikasi Bosh vaziri Serik Axmetovni qabul qildi.

Davlatimiz rahbari mehmonni yurtimizga tashrifi bilan qutlar ekan, O‘zbekiston uchun Qozog‘iston bilan hamkorlik har doim ustuvor bo‘lib kelgani va shunday bo‘lib qolishini ta’kidladi. O‘zbekistonda Qozog‘istonga vaqt sinovidan o‘tgan ishonchli hamkor va yaqin qo‘shni mamlakat sifatida qaraladi.

Islom Karimovning 2012-yil sentabr oyida Qozog‘istonga rasmiy tashrifi davomida Nursulton Nazarboyev bilan o‘tkazilgan samarali muzokaralar hozirgi davrdagi deyarli barcha masalalar yuzasidan tomonlarning pozitsiya va yondashuvlari o‘xshash hamda yaqin ekanini namoyish qildi.

18.12.2012

Oqsaroyda qabul
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov 18-dekabr kuni Oqsaroyda Rossiya Federatsiyasi tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrovni qabul qildi.

Muloqot chog‘ida O‘zbekiston bilan Rossiya o‘rtasidagi keng ko‘lamli hamkorlikning bugungi holati va istiqbollari, mamlakatlarimiz manfaatlariga taalluqli dolzarb xalqaro va mintaqaviy muammolar ko‘rib chiqildi.

Davlatimiz rahbari mehmonni yurtimizga tashrifi bilan qutlar ekan, o‘zaro hamkorlik deyarli barcha sohalarda izchil rivojlanib borayotganini ta’kidladi.

13.12.2012

OQSAROYDA QABUL
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov 13-dekabr kuni Oqsaroyda Rossiya Federatsiyasi hukumati Raisining o‘rinbosari Dmitriy Kozakni qabul qildi.

D.Kozakning mamlakatimizga tashrifi davomida Iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha O‘zbekiston-Rossiya hukumatlararo komissiyasining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tdi.

Davlatimiz rahbari mehmonni yurtimizga tashrifi bilan qutlar ekan, mazkur komissiya iqtisodiy munosabatlarni rivojlantirishning joriy masalalarini hal etishi, shu bilan birga, hamkorlik uchun yanada qulay sharoit yaratishga ko‘maklashishi lozimligini ta’kidladi.

28.11.2012

Oqsaroyda qabul
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov 28-noyabr kuni Oqsaroyda Yevropa Ittifoqining Tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha oliy vakili, Yevrokomissiya vitse-prezidenti Ketrin Eshtonni qabul qildi.

Davlatimiz rahbari Yevropa Ittifoqi tashqi siyosat xizmati rahbarini yurtimizga tashrifi bilan qutlar ekan, ushbu uchrashuv O‘zbekiston bilan Yevroittifoq o‘rtasidagi munosabatlarning bugungi holatini batafsil tahlil qilish, hamkorlikni rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlarini belgilab olish uchun yaxshi imkoniyat ekanini ta’kidladi.

O‘tgan yillar davomida turli sohalarda hamkorlik bo‘yicha salmoqli tajriba to‘plandi, uning mustahkam institutsional asosi yaratildi, bu ikki va ko‘p tomonlama tuzilmalar faoliyatida o‘z ifodasini topmoqda. 1996-yili Florensiyada imzolangan Sheriklik va hamkorlik to‘g‘risidagi bitim o‘zaro munosabatlarni tartibga soluvchi asosiy hujjatdir.

12.09.2012

Oqsaroyda qabul
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov 12 sentabr kuni Oqsaroyda Xitoy Xalq Respublikasi Davlat kengashi Bosh vazirining o‘rinbosari Xuey Lyanyuyni qabul qildi.

Davlatimiz rahbari mehmonni yurtimizga tashrifi bilan qutlar ekan, XXRdan bunday nufuzli delegatsiyaning kelishi tomonlarning o‘zaro manfaatli savdo-iqtisodiy munosabatlarni rivojlantirishga qiziqishi ortib borayotganidan yana bir dalolat ekanini ta’kidladi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining joriy yil iyun oyida Xitoyga tashrifi chog‘ida imzolangan Strategik sheriklik to‘g‘risidagi deklaratsiya ikki tomonlama hamkorlikni kengaytirish yo‘lidagi navbatdagi muhim qadam bo‘ldi. Oliy darajadagi muzokaralar doirasida o‘ttizdan ziyod sarmoyaviy loyihani amalga oshirishni ko‘zda tutuvchi umumiy qiymati 5,3 milliard AQSh dollariga teng hujjatlar imzolangani buning yorqin tasdig‘idir.


                o`zb   рус   eng
Bugun: 18.08.2019
Qidirish
© 2008 - 2019 O`zbekiston Respublikasi Prezidentining matbuot xizmati