O`zbekistonga tashriflar
07.11.2011

O‘zbekiston – Vengriya: Hamkorlikning yangi ufqlari
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimovning taklifiga binoan Vengriya Respublikasi Prezidenti Pal Shmitt 6 noyabr kuni rasmiy tashrif bilan mamlakatimizga keldi.

Tashrifning asosiy tadbirlari 7 noyabr kuni Ko‘ksaroyda Vengriya Respublikasi Prezidentini rasmiy kutib olish marosimi bilan boshlandi. Marosimda ikki davlat rasmiy delegatsiyalari a’zolari, mamlakatimizda akkreditatsiya qilingan diplomatik missiyalar va xalqaro tashkilotlar vakolatxonalarining rahbarlari ishtirok etdi.

Oliy martabali mehmon sharafiga faxriy qorovul saf tortdi. Islom Karimov va Pal Shmitt shohsupaga ko‘tarildilar. Ikki mamlakatning davlat madhiyalari yangradi. Prezidentlar faxriy qorovul safi oldidan o‘tdilar.

Ikki tomonlama muzokaralar Islom Karimov va Pal Shmittning tor doiradagi uchrashuvi bilan boshlandi.

22.10.2011

Islom Karimov AQSH Davlat kotibini qabul qildi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov 22 oktabr kuni Oqsaroyda amaliy tashrif bilan mamlakatimizga kelgan Amerika Qo‘shma Shtatlari Davlat kotibi Hillari Klintonni qabul qildi.

Bugungi kunda O‘zbekiston va AQSH siyosiy, savdo-iqtisodiy, investitsion va gumanitar sohalarda o‘zaro hamkorlikni sifat jihatdan yangi bosqichda rivojlantirishga xizmat qiladigan keng ko‘lamli masalalar bo‘yicha sheriklik va o‘zaro anglashuv ruhidagi samarali muloqot tajribasiga ega.

Prezident Islom Karimov Hillari Klinton bilan suhbat chog‘ida AQSH Prezidentining mamlakatlarimiz o‘zaro hurmat va ishonch tamoyillariga asoslangan sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlashga qaratilgan birgalikdagi sa’y-harakatlarni davom ettirishi lozim, degan fikrini qo‘llab-quvvatlashini ta’kidladi.

11.10.2011

Oqsaroyda qabul
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov 11 oktabr kuni Oqsaroy qarorgohida AQSHning Afg‘oniston va Pokiston bo‘yicha maxsus vakili Mark Grossman hamda GFR hukumatining Afg‘oniston va Pokiston bo‘yicha maxsus vakili Mixael Shtaynerni qabul qildi. Mehmonlar Toshkentga Afg‘onistonning iqtisodiy tiklanishini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan xalqaro sa’y-harakatlarni birlashtirish borasidagi Amerika-Germaniya tashabbusi doirasida tashrif buyurishdi.

Davlatimiz rahbari, mehmonlarni yurtimizga tashrifi bilan qutlar ekan, Afg‘onistonda tinchlik va barqarorlikni o‘rnatish borasida ularning zimmasiga yuklangan vazifaning muhimligi va mas’uliyatli ekanini ta’kidladi.

03.10.2011

Oqsaroyda qabul
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov 3 oktabr kuni Oqsaroyda Vyetnam Sotsialistik Respublikasi Bosh vaziri Nguyen Tan Zungni qabul qildi.

Davlatimiz rahbari mehmonni yurtimizga tashrifi bilan qutlar ekan, jug‘rofiy jihatdan mamlakatlarimizni katta masofa ajratib tursa-da, O‘zbekiston Janubi-Sharqiy Osiyodagi jadal rivojlanayotgan davlatlardan biri bo‘lgan Vyetnam bilan har tomonlama va uzoq muddatli hamkorlikni kengaytirishga alohida e’tibor bilan yondashishini ta’kidladi.

Ikki tomonlama aloqalarga O‘zbekiston Prezidenti Islom Karimovning 1996 yili Vyetnamga tashrifi chog‘ida mustahkam poydevor qo‘yilgan. Tashrif asnosida Davlatlararo munosabatlar asoslari va hamkorlik to‘g‘risidagi shartnoma imzolangan edi. Hozirgi kunda munosabatlar pragmatik va ikki tomon uchun ham manfaatli, o‘zaro hurmat va ishonch asosida rivojlanmoqda.

22.09.2011

Oqsaroyda qabul
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov 22 sentabr kuni Oqsaroyda Butunxitoy xalq vakillari kengashi Doimiy qo‘mitasi Raisi U Bangoni qabul qildi.

Davlatimiz rahbari mehmonni yurtimizga tashrifi bilan qutlar ekan, O‘zbekistonda Xitoy Xalq Respublikasiga yirik va ishonchli sherik, qadim tarix va noyob madaniyatga ega bo‘lgan, rivojlanishning uzoq muddatli strategiyasini amalga oshirgani tufayli iqtisodiy salohiyati jihatidan dunyoda haqli ravishda yetakchi o‘rinlardan birini egallagan mamlakat sifatida qaralishini ta’kidladi.

Tomonlar o‘zaro ochiqlik va ishonch bilan yo‘g‘rilgan, 2005 yilda imzolangan Do‘stlik, hamkorlik va sheriklik munosabatlari to‘g‘risidagi davlatlararo shartnoma tamoyillari ruhida rivojlanib borayotgan munosabatlarni qadrlaydi. Shu ma’noda ikki davlatning oliy vakillik organlari o‘rtasidagi muloqotni kengaytirishga alohida ahamiyat beriladi.

19.09.2011

Oqsaroyda qabul
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov 19 sentabr kuni Oqsaroyda “Sasol” kompaniyasi (Janubiy Afrika Respublikasi) bosh ijrochi direktori Devid Konstebl va “Petronas” korporatsiyasi (Malayziya) prezidenti Dato Shamsul Azhar Abbosni qabul qildi.

Davlatimiz rahbari mehmonlarni yurtimizga tashrifi bilan qutlar ekan, O‘zbekistonda “Sasol” va “Petronas”ga ishonchli sheriklar sifatida qaralishini hamda ushbu kompaniyalar bilan hamkorlik yuksak qadrlanishini ta’kidladi.

Hozirgi vaqtda mamlakatimizda “O‘zbekneftgaz” milliy xolding kompaniyasi “Sasol” va “Petronas” kompaniyalari bilan birgalikda Sho‘rtan gaz-kimyo majmuida ishlab chiqariladigan metan gazidan sintetik suyuq yonilg‘i (GTL) ishlab chiqaradigan zavod qurish bo‘yicha qo‘shma loyihani amalga oshirmoqda.

25.08.2011

Oqsaroyda qabul
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov 25 avgust kuni Oqsaroyda AQSH Senatining qator nufuzli qo‘mitalari a’zosi, Janubiy Karolina shtatidan saylangan respublikachi-senator Lindsey Grexemni qabul qildi.

Davlatimiz rahbari mehmonni yurtimizga tashrifi bilan qutlar ekan, O‘zbekiston AQSH bilan qaror topgan munosabatlarni yuksak qadrlashi va aloqalar istiqboliga katta ishonch bilan qarashini ta’kidladi.

O‘zaro hamkorlikda savdo-iqtisodiy, sarmoyaviy va ilmiy-texnikaviy aloqalar muhim o‘rin tutadi. Joriy yilda o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi sezilarli darajada oshishi kutilmoqda.

24.08.2011

Ustyurt gaz-kimyo majmuasi – O‘zbekiston bilan Janubiy Koreya o‘rtasidagi muvaffaqiyatli hamkorlikning yana bir yorqin namunasi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov va Koreya Respublikasi Prezidenti Li Myon Bak 24 avgust kuni Mustaqillik maydoniga tashrif buyurdilar.

Davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan bu yerda amalga oshirilgan ulkan bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlari tufayli O‘zbekistonning bosh maydoni nafaqat xalqimiz faxru g‘ururiga xos zamonaviy qiyofa kasb etdi, balki uning yurtimiz hayotidagi ahamiyati ham yuksaldi. Tantanali marosimlar markaziga aylangan Mustaqillik maydoni toshkentliklar va poytaxtimiz mehmonlarining xush ko‘radigan maskanidir.

Koreya Respublikasi Prezidenti xalqimizga hurmat-ehtiromini izhor etib, hurriyatimiz, porloq istiqbolimiz, ezgu niyatlarimiz ramzi bo‘lgan Mustaqillik va ezgulik monumenti poyiga gul qo‘ydi.

24.08.2011

O‘zbekiston – Janubiy Koreya: strategik va o‘zaro manfaatli hamkorlik yanada rivojlanadi
Avval xabar qilinganidek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimovning taklifiga binoan Koreya Respublikasi Prezidenti Li Myon Bak 23 avgust kuni davlat tashrifi bilan mamlakatimizga keldi.

Tong bokiraligi diyori bilan yurtimizni katta masofa ajratib tursa-da, xalqlarimizni qadimiy do‘stlik rishtalari bog‘lab turadi. El-yurtga sadoqat, ajdodlar merosi va qadriyatlarini qadrlash, mehr-oqibat, bag‘rikenglik, saxovat, kattalarga hurmat, kichiklarga izzat ko‘rsatish, mehnatsevarlik kabi fazilatlar o‘zbek va koreys xalqlari uchun birdek xosdir.

Ko‘ksaroy qarorgohida Koreya Respublikasi Prezidentini rasmiy kutib olish marosimi bo‘ldi. Oliy martabali mehmon sharafiga faxriy qorovul saf tortdi. Prezident Islom Karimov va Prezident Li Myon Bak shohsupaga ko‘tarildilar. Ikki mamlakatning davlat madhiyalari yangradi. Davlatlar rahbarlari faxriy qorovul safi oldidan o‘tdilar.

28.06.2011

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov 28-iyun kuni Oqsaroyda Rossiya Federatsiyasining Harbiy-texnikaviy hamkorlik bo‘yicha federal agentligi direktori Mixail Dmitriyevni qabul qildi.

Uchrashuvda O‘zbekiston Respublikasi bilan Rossiya Federatsiyasi o‘rtasidagi harbiy-texnikaviy hamkorlikning bugungi holati va uni rivojlantirish istiqbollari, bu sohadagi ikki tomonlama aloqalarning ustuvor yo‘nalishlari yuzasidan atroflicha fikr almashildi.

                o`zb   рус   eng
Bugun: 18.08.2019
Qidirish
© 2008 - 2019 O`zbekiston Respublikasi Prezidentining matbuot xizmati