O`zbekistonga tashriflar
14.05.2010

Oqsaroyda qabul
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov 14 may kuni Oqsaroyda Ummon Sultonligi tashqi ishlar bo‘yicha davlat vaziri Yusuf bin Alaviy bin Abdullani qabul qildi.

Davlatimiz rahbari mehmonni yurtimizga tashrifi bilan qutlab, O‘zbekiston va Ummon o‘rtasidagi aloqalar nafaqat diplomatik, balki iqtisodiy asoslarda rivojlanayotganidan mamnunligini bildirdi. - Bunda uzoq yillar davomida xalqlarimizning tarixiy, diniy va madaniy jihatdan mushtarak taraqqiyoti asosiy mezon bo‘lmoqda, - deya alohida ta’kidladi Yurtboshimiz.

O‘zbekiston bilan Ummon o‘rtasidagi munosabatlar mustahkamlanib borayotgan do‘stlik va hamkorlik ruhida rivojlanmoqda. 2009 yil oktabr oyida Prezident Islom Karimovning Ummon Sultonligiga davlat tashrifi doirasida ikki tomonlama savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy hamkorlik asoslari, havo transporti qatnovi, shuningdek, neft-gaz, kimyo, qurilish tarmoqlari, ta’lim, sayyohlik, madaniy va gumanitar sohalarga oid o‘ndan ziyod muhim hujjatlar imzolangan edi.

04.05.2010

Oqsaroyda qabul
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov 4 may kuni Oqsaroyda Koreya Respublikasi strategiya va moliya vaziri Chjin Xyon Yunni qabul qildi.

Davlatimiz rahbari yuqori martabali mehmonni yurtimizga tashrifi bilan qutlar ekan, O‘zbekiston bilan Janubiy Koreya o‘rtasidagi munosabatlar izchil rivojlanayotganidan mamnuniyat izhor etdi.

– Sizning ushbu tashrifingiz O‘zbekiston bilan Janubiy Koreya o‘rtasida hamkorlik aloqalarining mustahkamlanib borayotganidan yana bir dalolatdir, – dedi Islom Karimov.
04.05.2010

O‘ZBEKISTON-JBT: SAMARALI HAMKORLIK
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov 4 may kuni Oqsaroyda Jahon bojxona tashkiloti (JBT) Bosh kotibi Kunio Mikuriyani qabul qildi.

Davlatimiz rahbari mehmonni qutlar ekan, jumladan, bunday dedi:

- Sizning Toshkent shahrida o‘tayotgan Osiyo taraqqiyot banki 43-yillik majlisi ishida ishtirokingizni O‘zbekistonga, bizning butun mintaqamizga hurmat belgisi sifatida qabul qilamiz. O‘zbekiston bojxonachilari Sizning tashkilotingiz zamonaviy uslub va andozalarni ishlab chiqish va joriy etish, sohada malakali kadrlarni tayyorlash masalalarida ko‘rsatayotgan amaliy yordamdan bahramand bo‘lmoqda. Biz Jahon bojxona tashkilotining xalqaro savdo tizimidagi, ayniqsa, savdo qoidalari va protseduralarini ishlab chiqishdagi samarali rolini yaxshi tushunamiz.

03.05.2010

OQSAROYDA QABUL
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov 3 may kuni Oqsaroyda Yaponiya Bosh vazirining o‘rinbosari, moliya vaziri Naoto Kanni qabul qildi.

- Fursatdan foydalanib, Siz orqali Yaponiya rahbariyati va xalqiga o‘zimning samimiy hurmat-ehtiromimni izhor etmoqchiman. Osiyo taraqqiyot banki majlisida Yaponiya delegatsiyasiga shaxsan rahbarlik qilayotganingiz biz uchun katta sharaf va ayni paytda mamlakatlarimiz va xalqlarimiz o‘rtasida O‘zbekiston mustaqillikka erishgan dastlabki kunlardan boshlangan va yil sayin mustahakamlanib borayotgan do‘stona munosabatlarning dalolatidir, - deya ta’kidladi davlatimiz rahbari yuqori martabali mehmonni yurtimizga tashrifi bilan qutlar ekan.

Bugungi kunda O‘zbekiston-Yaponiya munosabatlari 2002 yilda imzolangan Do‘stlik, strategik sheriklik va hamkorlik to‘g‘risidagi bayonot ruhida jadal rivojlanmoqda. Ayni paytda Yaponiya mamlakatimizning ko‘p yillik va ishonchli sarmoyaviy sheriklaridan biridir. Uning O‘zbekiston iqtisodiyotiga jalb qilingan moliya vositalari hajmi salkam 2 milliard AQSH dollarini tashkil qiladi.
03.05.2010

Oqsaroyda qabul

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov 3 may kuni Oqsaroyda Xitoy Xalq Respublikasi moliya vaziri Se Syuyjenni qabul qildi.

Davlatimiz rahbari mehmonni yurtimizga tashrifi bilan qutlar ekan, jumladan shunday dedi: - Fursatdan foydalanib, Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Xu Szintao janoblariga Osiyo taraqqiyot bankining 43-yillik majlisiga Sizning rahbarligingizdagi nufuzli delegatsiyani yuborish to‘g‘risidagi qarori uchun minnatdorlik bildirmoqchiman. Bu, shubhasiz, oliy maqomdagi mazkur xalqaro anjumanning obro‘-e’tiborini yanada oshiradi. Biz mamlakatlarimiz o‘rtasida qaror topgan yaqin do‘stona munosabatlarni yuksak qadrlaymiz va bugun Xitoyning xalqaro maydondagi obro‘-e’tibori va nufuzi ortib borishining asoslari Den Syao Pin tomonidan ishlab chiqilganini yaxshi bilamiz.

30.04.2010

Oqsaroyda qabul
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov 30 aprel kuni Oqsaroyda Jahon bankining Yevropa va Markaziy Osiyo mamlakatlari bo‘yicha vitse-prezidenti Filipp Le Ueyruni qabul qildi.

Davlatimiz rahbari mehmonni yurtimizga tashrifi bilan qutlar ekan, mamlakatimiz iqtisodiyotining ustuvor sohalari bo‘yicha hamkorlikda amalga oshirilayotgan loyihalar strategik ahamiyatga ega ekanini, O‘zbekiston bilan Jahon banki o‘rtasidagi hamkorlik ko‘lami izchil kengayib borayotganini ta’kidladi.

– OTBning Toshkentda o‘tadigan yillik majlisida Jahon banki vakillarining ishtirok etishi O‘zbekiston Respublikasi bilan Jahon banki o‘rtasidagi munosabatlar yuksak darajada rivojlanayotganini yana bir bor tasdiqlaydi, – dedi Islom Karimov.

30.04.2010

Hamkorlik izchil rivojlanmoqda
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov 30 aprel kuni, Osiyo taraqqiyot banki (OTB) Boshqaruvchilar kengashining 43-yillik majlisi arafasida Oqsaroyda OTB prezidenti Xaruxiko Kurodani qabul qildi.

Davlatimiz rahbari mehmonni yurtimizga tashrifi bilan qutlar ekan, mamlakatimiz bilan ko‘p yillardan buyon yaqin hamkorlik qilib kelayotgan OTB haqli ravishda eng nufuzli va yetakchi xalqaro moliya muassasalaridan biri ekanini ta’kidladi. Bankning O‘zbekiston bilan izchil amalga oshirib kelayotgan hamkorlik strategiyasi buning tasdig‘idir.

– Osiyo taraqqiyot bankining navbatdagi majlisiga mezbon sifatida Toshkent tanlangani uchun Sizga minnatdorlik bildirishga ijozat bergaysiz. Bunday nufuzli xalqaro anjumanning Toshkentda o‘tkazilishi mamlakatimiz uchun katta sharaf, ayni paytda tarixiy voqeadir. Osiyo taraqqiyot banki boshqaruvchilarining keyingi majlislarida umumiy qiymati 1 milliard 140 million AQSH dollaridan ziyod bo‘lgan to‘rt yirik sarmoyaviy loyiha ma’qullandi.

23.04.2010

Oqsaroyda qabul
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov 23 aprel kuni Oqsaroyda Xitoy Xalq Respublikasi Davlat kengashi a’zosi, jamoat xavfsizligi vaziri Men Szyanchjuni qabul qildi.

Davlatimiz rahbari O‘zbekiston-Xitoy munosabatlarining ustuvor yo‘nalishlari siyosiy aloqalarni rivojlantirish, mintaqaviy xavfsizlikni mustahkamlash borasidagi hamkorlikni, jumladan, SHHT doirasida yanada faollashtirish, o‘zaro manfaatli savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy hamkorlikni kengaytirishdan iborat ekanini ta’kidladi.

Mehmon ta’kidlaganidek, mamlakatimiz rahbariyati tomonidan ko‘plab sohalarda mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirishda, ayniqsa O‘zbekiston Respublikasining SHHTga raisligi davrida, ushbu tashkilot faolligini oshirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar xalqaro miqyosda keng qo‘llab-quvvatlanmoqda.

23.04.2010

Hamkorlik masalalari muhokamasi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov 23 aprel kuni Oqsaroyda Shanxay hamkorlik tashkilotiga a’zo davlatlar xavfsizlik kengashlari kotiblari, shuningdek, SHHT Bosh kotibi M.Imonaliyev va SHHT MATT Ijroiya qo‘mitasi direktori J.Jumanbekovni qabul qildi.

Davlatimiz rahbari SHHT faoliyatining mintaqaviy xavfsizlikni ta’minlash bo‘yicha ko‘p tomonlama kompleks chora-tadbirlar ishlab chiqish va amalga oshirish kabi yo‘nalishlaridagi hamjihatlik yuksak natijalar berayotganidan mamnuniyat izhor etib, ularni muvofiqlashtirishda ushbu nufuzli xalqaro tashkilotga a’zo davlatlar xavfsizlik kengashlari muhim o‘rin tutishini ta’kidladi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov hozirgi davrda SHHTning nufuzi, faoliyatining ahamiyati oshib borayotgani haqida so‘z yuritar ekan, mintaqaviy va global xavfsizlik muammolarini hal etishda, xalqaro terrorizm, ayirmachilik, ekstremizm va narkotrafikka, shuningdek, strategik muhim mintaqa bo‘lgan Markaziy Osiyodagi boshqa tahdid va xavf-xatarlarga qarshi kurashishda mazkur tashkilotning roli tobora kuchayib borayotganini qayd etdi.

06.04.2010

Oqsaroyda qabul
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov 6 aprel kuni Oqsaroyda AQSH Qurolli Kuchlari Markaziy qo‘mondonligi qo‘mondoni Devid Petreusni qabul qildi.

Davlatimiz rahbari mehmonni yurtimizga tashrifi bilan qutlar ekan, O‘zbekiston bilan AQSH o‘rtasidagi bugungi munosabatlar mustahkam va barqaror ekanini, ushbu munosabatlarni istiqbolda konstruktiv va tenglik asosida yanada rivojlantirish imkoniyatlari mavjudligini ta’kidladi.

O‘zbekiston va AQSH Afg‘onistondagi vaziyatni barqarorlashtirishda, bu mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy tiklashda hamkorlik qilib kelmoqda. Mamlakatimiz Afg‘onistonga elektr energiyasi, qurilish materiallari va oziq-ovqat ta’minotida amaliy yordam ko‘rsatmoqda, transport infratuzilmasini barpo etish va yo‘lga qo‘yishda ishtirok etmoqda.


                o`zb   рус   eng
Bugun: 18.08.2019
Qidirish
© 2008 - 2019 O`zbekiston Respublikasi Prezidentining matbuot xizmati