O`zbekistonga tashriflar
16.12.2016

PREZIDENT BUYUK BRITANIYA TASHQI ISHLAR VAZIRI O‘RINBOSARINI QABUL QILDI

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 16-dekabr kuni Buyuk Britaniya va Shimoliy Irlandiya Birlashgan Qirolligi Tashqi ishlar vazirining o‘rinbosari Alan Dunkanni qabul qildi.

Davlatimiz rahbari mehmonni qutlar ekan, O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimov vafot etgan qayg‘uli kunlarda O‘zbekiston xalqiga chuqur hamdarlik bildirgani va qo‘llab-quvvatlagani uchun Britaniya hukumatiga samimiy minnatdorlik bildirdi. Alan Dunkan Samarqandga tashrifi chog‘ida Buyuk Britaniya rahbariyati nomidan Birinchi Prezidentimiz qabrini ziyorat qilib, uning xotirasiga hurmat bajo keltirgani O‘zbekistonda yuksak qadrlanadi.

29.10.2016

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti vazifasini bajaruvchi Shavkat Mirziyoyev 2016-yil 29-oktabr kuni AQSh Davlat kotibining siyosiy masalalar bo‘yicha o‘rinbosari Tomas Shennonni qabul qildi.

Shavkat Mirziyoyev mehmonni yurtimizga tashrifi bilan samimiy qutlab, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov vafoti munosabati bilan O‘zbekiston xalqiga chuqur hamdardlik izhor etgani va qo‘llab-quvvatlagani uchun AQSh Prezidenti Barak Obama va Davlat kotibi Jon Kerriga samimiy minnatdorlik bildirdi. AQSh delegatsiyasi 28-oktabr kuni Samarqandda bo‘lib, Islom Karimov xotirasiga hurmat bajo keltirgani Birinchi Prezidentimiz xotirasiga va xalqimizga yuksak hurmat-ehtirom ifodasidir.

18.10.2016

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti vazifasini bajaruvchi, mamlakatimiz Bosh vaziri Shavkat Mirziyoyev 2016-yil 18-oktabr kuni Kuvayt Davlati Bosh vazirining birinchi o‘rinbosari, tashqi ishlar vaziri shayx Saboh Xolid al-Hamad as-Saboh bilan uchrashdi.

Shu kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti vazifasini bajaruvchi, mamlakatimiz Bosh vaziri Shavkat Mirziyoyev Islom taraqqiyot banki (ITB) prezidenti Bandar Hajar bilan ham uchrashuv o‘tkazdi.

06.10.2016

Aleksandr Lukashenko Islom Karimov xotirasiga hurmat bajo keltirdi

O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimov buyuk davlat arbobi, ulug‘ siyosatchi va komil inson sifatida xalqimiz orasida, butun dunyoda alohida hurmat qozongan edi. Yurtboshimiz mangu qo‘nim topgan maskan bugun barcha uchun muqaddas ziyoratgohga aylandi.

Belarus Respublikasi Prezidenti Aleksandr Lukashenko O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimov xotirasiga hurmat bajo keltirish maqsadida 6-oktabr kuni Samarqand shahriga tashrif buyurdi. Samarqand xalqaro aeroportida oliy martabali mehmonni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti vazifasini bajaruvchi Shavkat Mirziyoyev kutib oldi.

Belarus Respublikasi Prezidenti Aleksandr Lukashenko O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti vazifasini bajaruvchi Shavkat Mirziyoyev hamrohligida Islom Karimov qabrini ziyorat qildi.

22.09.2016

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti vazifasini bajaruvchi Shavkat Mirziyoyev 22-sentabr kuni Qozog‘iston Respublikasi Bosh vazirining birinchi o‘rinbosari Asqar Maminni qabul qildi.

Uchrashuvda Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Nursulton Nazarboyevning joriy yil 12-sentabr kuni Samarqand shahriga tashrifi chog‘ida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish, o‘zaro manfaatli savdo-iqtisodiy aloqalarni yanada kengaytirish masalalari muhokama qilindi.

O‘zaro tovar ayirboshlash hajmini, birinchi navbatda, mamlakatlarimizda yangi bozorlar tashkil etish hisobidan oshirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

12.09.2016

Nursulton Nazarboyev Islom Karimov xotirasiga hurmat bajo keltirdi
O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimov zamonamizning ulug‘ siyosatchisi, uzoqni ko‘ra oladigan va strategik fikr yuritadigan buyuk shaxs sifatida butun dunyoda yuksak obro‘-e’tibor qozongan edi. Xorijiy mamlakatlarning davlat va siyosat arboblari, fuqarolari u kishining vafotini chuqur qayg‘u bilan qabul qildi, xalqimizga hamdard bo‘ldi.

Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Nursulton Nazarboyev O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimov xotirasiga hurmat bajo keltirish maqsadida 12-sentabr kuni Samarqand shahriga tashrif buyurdi. Samarqand xalqaro aeroportida oliy martabali mehmonni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti vazifasini bajaruvchi Shavkat Mirziyoyev kutib oldi.

Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Nursulton Nazarboyev O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti vazifasini bajaruvchi Shavkat Mirziyoyev hamrohligida Islom Karimov qabrini ziyorat qildi.
06.09.2016

Vladimir Putin Islom Karimov xotirasiga hurmat bajo keltirdi
O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimovning porloq xotirasini yod etish marosimlari davom etmoqda.

Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin 6-sentabr kuni Samarqand shahriga tashrif buyurdi.

                o`zb   рус   eng
Bugun: 14.10.2019
Qidirish
© 2008 - 2019 O`zbekiston Respublikasi Prezidentining matbuot xizmati