O`zbekistonga tashriflar
17.08.2016

Oqsaroyda qabul

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov 17-avgust kuni Oqsaroyda Koreya Respublikasi davlat boshqaruvi va ichki ishlar vaziri Xon Yun Sukni qabul qildi.

Davlatimiz rahbari mehmonni mamlakatimizga tashrifi bilan qutlab, O‘zbekiston Koreya Respublikasi bilan strategik sheriklik munosabatlarini yuksak qadrlashini va bu munosabatlarni yanada mustahkamlashga alohida e’tibor qaratishini ta’kidladi. Islom Karimov ushbu tashrif o‘zaro manfaatli hamkorlikni, ayniqsa, davlat boshqaruvini yanada takomillashtirish va “Elektron hukumat”ni joriy etish sohasidagi aloqalarni kengaytirishda muhim ahamiyat kasb etishiga ishonch bildirdi.

04.08.2016

O‘zaro madaniy hamkorlikni yanada mustahkamlash yo‘lida

Avval xabar qilinganidek, Yaponiya Bosh vaziri Shindzo Abening rafiqasi Akie Abe 3-avgust kuni mamlakatimizga tashrif buyurdi.

Akie Abe 4-avgust kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimovning rafiqasi Tatyana Karimova hamrohligida O‘zbekiston Amaliy san’at muzeyiga tashrif buyurdi.

O‘zbek va yapon xalqlarining o‘xshash jihatlari ko‘p. Milliy g‘urur, mehnatsevarlik, sadoqat, mehr-oqibat kabi fazilatlar ikki xalq uchun birdek xosdir. Bu jihatlar ikki mamlakatning do‘stligi va hamkorligida muhim omil bo‘lmoqda.

O‘zbekiston bilan Yaponiya o‘rtasidagi munosabatlar Do‘stlik, strategik sheriklik va hamkorlik to‘g‘risidagi qo‘shma bayonot hamda Strategik sheriklikni chuqurlashtirish va kengaytirish to‘g‘risidagi qo‘shma bayonot ruhida izchil rivojlanmoqda. Prezidentimiz Islom Karimovning 2011-yil fevral oyida Yaponiyaga rasmiy tashrifi, Yaponiya Bosh vaziri Shindzo Abening 2015-yil oktabr oyida mamlakatimizga rasmiy tashrifi o‘zaro hamkorlik rivojiga yangi sur’at baxsh etdi.

03.08.2016

Yaponiya delegatsiyasining tashrifi

O‘zbekiston Respublikasi bilan Yaponiya o‘rtasida ko‘p qirrali hamkorlik aloqalari izchil rivojlanib bormoqda.

Ikki mamlakatning madaniy-gumanitar sohadagi o‘zaro hamkorlik munosabatlarini yanada rivojlantirish va kengaytirish maqsadida 2016-yil 3-avgust kuni Yaponiya Bosh vaziri Shindzo Abening rafiqasi Akie Abe hamda yapon madaniyat va san’at namoyandalaridan iborat delegatsiya mamlakatimizga tashrif buyurdi.

Toshkent xalqaro aeroportida Yaponiya Bosh vazirining rafiqasi Akie Abeni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining rafiqasi Tatyana Karimova kutib oldi.

15.07.2016

Oqsaroyda qabul

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov 15-iyul kuni Oqsaroyda Xalqaro havaskor bokschilar uyushmasi (AIBA) prezidenti Ching-Kuo Vuni qabul qildi.

Ching-Kuo Vu AIBA Ijroiya qo‘mitasining Toshkentda o‘tayotgan majlisida ishtirok etish uchun mamlakatimizga tashrif buyurdi. Mazkur sport forumi Xalqaro havaskor bokschilar uyushmasi uchun Braziliyada bo‘ladigan Olimpiya o‘yinlariga tayyorgarlikning yakuniy bosqichi hisoblanadi.

Davlatimiz rahbari mehmonni samimiy qutlar ekan, AIBA va uning rahbari Ching-Kuo Vu o‘zining munosib xizmati bilan dunyoda keng tarqalgan boksni va, umuman, Olimpiya harakatini rivojlantirishga katta hissa qo‘shayotganini alohida ta’kidladi.

24.06.2016

Shanxay hamkorlik tashkilotining Toshkent sammiti

2016-yil 23-24-iyun kunlari Ko‘ksaroyda Shanxay hamkorlik tashkiloti Davlat rahbarlari kengashining navbatdagi majlisi bo‘ldi. Majlis O‘zbekiston Respublikasi raisligida o‘tdi.

ShHT sammiti tashkilotga a’zo davlatlar rahbarlarining tor doiradagi uchrashuvi bilan boshlandi.O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov raisligida o‘tgan uchrashuvda Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Nursulton Nazarboyev, Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpin, Qirg‘iziston Respublikasi Prezidenti Almazbek Atamboyev, Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin, Tojikiston Respublikasi Prezidenti Imomali Rahmon ishtirok etdi.

Majlisda Shanxay hamkorlik tashkilotiga a’zo davlatlar o‘rtasida savdo-iqtisodiy hamkorlikni yanada rivojlantirish, terrorizm, diniy ekstremizm va separatizmga qarshi kurashish, ShHT faoliyatini kengaytirish, mintaqaviy xavfsizlik va barqarorlikni mustahkamlash masalalari muhokama qilindi.

24.06.2016

Prezident Islom Karimov Prezident Saxiagiyn Elbegdorj bilan uchrashdi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov 24-iyun kuni Ko‘ksaroyda Mo‘g‘uliston Respublikasi Prezidenti Saxiagiyn Elbegdorj bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Prezidentimiz Islom Karimov uchrashuvda Mo‘g‘uliston Prezidentining mamlakatimizga tashrifi o‘zaro hamkorlikni faollashtirishga keng yo‘l ochishini ta’kidladi.

O‘zbekiston va Mo‘g‘ulistonda hamkorlikni rivojlantirish uchun imkoniyatlar ko‘p. Turli sohalarni o‘rganish, foydalanilmayotgan resurslarni ishga solish, istiqbolli loyihalar ishlab chiqish mamlakatlarimiz va xalqlarimiz manfaatiga xizmat qiladi.

24.06.2016

Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov 24-iyun kuni atoqli rus shoiri Aleksandr Sergeyevich Pushkin haykali qad rostlagan maydonga tashrif buyurdilar.

24.06.2016

Prezident Islom Karimov Prezident Mamnun Husayn bilan uchrashdi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov 24-iyun kuni Ko‘ksaroyda Pokiston Islom Respublikasi Prezidenti Mamnun Husayn bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Prezidentimiz Islom Karimov uchrashuvda Mamnun Husaynning yurtimizga ilk tashrifini mamlakatlarimiz hamkorligi rivojida muhim voqea, deb bilishini ta’kidladi.

Pokiston O‘zbekistonga yaqin qo‘shni, ulkan iqtisodiy salohiyatga ega davlat. Mamlakatlarimiz hamkorligi mintaqada tinchlik va xavfsizlikni mustahkamlashda muhim o‘rin tutadi.

24.06.2016

Prezident Islom Karimov Prezident Ashraf G‘ani bilan uchrashdi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov 24-iyun kuni Ko‘ksaroyda Afg‘oniston Islom Respublikasi Prezidenti Ashraf G‘ani bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Prezidentimiz Islom Karimov uchrashuvda Ashraf G‘anining yurtimizga ilk tashrifi mamlakatlarimiz hamkorligini yangi bosqichga ko‘tarishga xizmat qilishini ta’kidladi.

O‘zbekiston va Afg‘oniston xalqlarining tarixi mushtarak, urf-odat va an’analari o‘xshash.


                o`zb   рус   eng
Bugun: 14.10.2019
Qidirish
© 2008 - 2019 O`zbekiston Respublikasi Prezidentining matbuot xizmati